Chet el fuqarolari uchun

Xorijiy fuqarolar O’zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga to‘lov-kontrakt asosida hamda, agar qonun hujjatlari yoki O’zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, O’zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun belgilangan tartibda qabul qilinadi. O’zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qish qiymati O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va ta’lim muassasalariga ega bo‘lgan boshqa vazirliklar va idoralar bilan kelishgan holda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining taklifi asosida O’zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadi. O’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalariga umumiy o‘rta ta’lim ma’lumotiga muvofiq bo‘lgan ma’lumotga ega bo‘lgan xorijiy fuqarolar qabul qilinadi. Oliy ta’lim muassasalariga umumiy o‘rta yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi ma’lumotiga muvofiq bo‘lgan ma’lumotga ega xorijiy fuqarolar qabul qilinishi mumkin.

Xorijiy fuqarolar oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga oliy ta’lim muassasasi tomonidan belgilanadigan tartibda o‘tkaziladigan suhbat natijasiga ko‘ra qabul qilinadi. Belgilangan tartibda taqdim etilgan suhbat natijalari O’zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqiladi hamda O’zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining xorijiy fuqarolarni oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga qabul qilish yuzasidan qaror qabul qilishi uchun asos hisoblanadi. O’zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining buyrug‘i asosida oliy ta’lim muassasalari rahbarlari o‘qishga qabul qilish to‘g‘risida tegishli buyruq chiqaradilar. O’zbekiston Respublikasining tayanch doktoranturasi va doktoranturasiga oliy ma’lumotga muvofiq bo‘lgan ma’lumotga ega bo‘lgan xorijiy fuqarolar qabul qilinishi mumkin. Doktoranturaga kiruvchi xorijiy fuqarolar O’zbekiston Respublikasida belgilangan talablarga muvofiq tayyorlangan referat yoki e’lon qilingan ishlarining rasmiy ravishda tasdiqlangan ro‘yxatini taqdim etishlari kerak.

O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi O’zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi buyurtmanomasiga binoan, belgilangan tartibda xorijiy fuqarolarga vizalar berish va ularning muddatini uzaytirish, shuningdek ularning vaqtincha yashash joyi bo‘yicha vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazishni va uning muddatini uzaytirishni ta’minlaydi. O’qishni tugatgandan keyin xorijiy fuqarolarga ma’lumoti to‘g‘risida belgilangan namunadagi tegishli hujjatlar beriladi. Xorijiy fuqarolar o‘qish davrida shartnomalar va kontraktlarda nazarda tutilgan hollarda O’zbekiston Respublikasiga oila a’zolari va boshqa qarindoshlari bilan kelishlari mumkin. O’qish uchun kelgan xorijiy fuqarolar tibbiy tekshiruvdan o‘tadilar. Tibbiy tekshiruvdan o‘tish tartibi va mavjudligi aniqlangan taqdirda O’zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish uchun ruxsat berilmaydigan kasalliklar ro‘yxati O’zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi.

Hujjatlarning ro‘yxati va ularni taqdim etish tartibi

Xorijiy fuqarolar O’zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun tegishli ta’lim muassasasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadilar:

·        o‘qishga qabul qilish haqida ariza;

·        o‘rganilgan fanlar va ular bo‘yicha imtihonlarda olingan baholar (ballar) ko‘rsatilgan ma’lumoti haqidagi hujjatlarning asl nusxalari;

·        referat yoki e’lon qilingan ishlarning rasmiy ravishda tasdiqlangan ro‘yxati (tayanch doktoranturaga kiruvchilar uchun);

·        sog‘lig‘i to‘g‘risidagi tibbiy xulosa;

·        milliy pasport (amaldagi vizasi bilan) yoki tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma;

·        4 x 6 sm o‘lchamdagi 6 ta fotosurat.

Hujjatlarni taqdim etish va ko‘rib chiqish tartibi O’zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan yo‘riqnomaga muvofiq belgilanadi.

Shartnoma va o‘qish xarajati

Amaldagi tartib asosida har o‘quv yili boshida xorij fuqarolariga ta’lim xizmatini ko‘rsatish baholari belgilab olinadi. Shuni asosida 2026-2027 o‘quv yili uchun chet ellik fuqarolarni o‘qishi va xalqaro loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha:

  Xorijiy fuqarolar uchun to‘lov-kontrakt miqdorlari to‘g‘risida

    Universitetda tahsil olayotgan xorijiy fuqarolar uchun ta’lim xizmatlari ko‘rsatish, o‘quv jarayonini tashkil etish, universitetning moddiy-texnik bazasi, zamonaviy o‘quv va ilmiy laboratoriyalari, axborot-resurs hamda boshqa infratuzilma imkoniyatlaridan foydalanishni inobatga olgan holda, 2026/2027-o‘quv yili uchun bir yillik to‘lov-kontrakt miqdorlari quyidagicha belgilangan:

 - bakalavriat (kunduzgi ta’lim shakli) — MDH davlatlari va Ozarbayjon Respublikasi fuqarolari uchun 1 800 AQSh dollari, boshqa xorijiy davlatlar fuqarolari uchun 2 000 AQSh dollari;

 - magistratura — MDH davlatlari va Ozarbayjon Respublikasi fuqarolari uchun 2 000 AQSh dollari, boshqa xorijiy davlatlar fuqarolari uchun 2 500 AQSh dollari;

 - doktorantura — barcha xorijiy fuqarolar uchun 2 500 AQSh dollari.

To‘lovlar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining to‘lov amalga oshirilgan kundagi rasmiy valyuta kursi bo‘yicha milliy valyutada amalga oshiriladi.

Izoh: yotoqxonada yashash uchun to‘lov ta’lim uchun belgilangan to‘lov-kontrakt summasiga kirmaydi va yotoqxonadan foydalangan taqdirda alohida to‘lanadi.

·        Xorijning ilg‘or universitetlari bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yilgan bakalavriat, magistratura va doktorantura bosqichlarida tahsil olish tegishli yo‘nali, mutaxassislik va ixtisosliklaridagi kontrakt summasiga mos ravishda belgilanishi;

·        Universitetda xalqaro hamkorlik salohiyatini yanada kengaytirish maqsadida universitet ishtirok etadigan xalqaro loyihalar hisobidan 3% miqdorda ustama xarajatlari belgilash;

Study in Uzbekistan - Xalqaro talabalar uchun O‘zbekistonda oliy ta’lim haqidagi rasmiy veb-portali orqali hujjatlarni topshirish- https://studyin-uzbekistan.uz/universities/88/


➡️Xalqaro talabalar uchun qabul oynasi