Kutubxona
TIQXMMI MTU Axborot-resurs markazi – madaniyat va ta`limning poydevoridir
“TIQXMMI” MiIliy tadqiqot universitetining Axborot - resurs markazi O‘zbekistondagi eng yirik universitet markazlaridan biridir. 2023-yil 16-oktyabr kuni “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti”da yangi, zamonaviy ARMning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ochilishda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasi va respublikamizning boshqa ARMlari vakillari ishtirok etdilar. Ochilish marosimini universitet rektori B.S. Mirzayev boshlab berdi. U mehmonlarga nutq so‘zlab, “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti Axborot-resurs markazi tashkil topishining eng muhim tarixiy bosqichlari to‘g‘risida ta’kidlab o‘tdi. Axborot-resurs markazi Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti fondlari zaminida 1934 yil 1 dekabrda tashkil topgan. 1941 yilning o‘rtalariga kelib, kutubxonada o‘quv jarayonini to‘liq ta’minlash imkonini beruvchi 150 ming nusxadan ortiq kitoblar mavjud edi.1941-1945 urush yillarining og‘ir qiyinchiliklari vaqtida ham kutubxona o‘z instituti, shu bilan bir qatorda Toshkentga ko‘chirib keltirilgan Moskva Gidromelioratsiya instituti, Leningrad Elektrotexnika instituti va Xarkov Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish institutining o‘quv jarayonlarini adabiyotlar bilan ta’minlab turdi. Urushdan keyingi yillarda ham kutubxona fondi hisobidan 5 mingdan ortiq adabiyotlar nemis-fashist bosqinchilaridan ozod etilgan joylardagi kutubxona-larning fondini qayta tiklash uchun jo‘natildi. Urushdan so‘ng, universitetda yangi fakultet va kafedralarning ochilishi, talabalar sonining ko‘payishi sababli, kutubxona o‘z oldiga fondni yangi adabiyotlar bilan to‘ldirish vazifasini qo‘ydi. Bu yillarda kutubxona fondi 200 ming nusxadan oshib, kitobxonlarning talablarini bajarish ishlari yaxshilandi. 1960 yillarda institutning yangi o‘quv binolarini ishga tushirilishi, kutubxona kitob saqlash maydonining 819 kv metrga kengayishiga olib keldi. Talabalar shaharchasida “O‘quv zali”, Andijon shahridagi institut filialida “Kutubxona bo‘limi”, o‘quv xo‘jaligi qoshida “Tayyorlov bo‘limi tinglovchilari uchun o‘quv kurslari”ning ochilishi munosabati bilan ularga xizmat qiluvchi kutubxona ham tashkil etildi. 1970 yillarga kelib institutda talabalar sonining ortib borishi, yangi fakultet va mutaxassisliklarning ochilishi munosabati bilan kutubxona institut sohalariga oid, o‘quv-tarbiya jarayonini, hamda institut olimlarining ehtiyojini yetarli darajada qondira oladigan 469 ming nusxadan iborat bo‘lgan kitob fondiga ega bo‘ldi. Mustaqillikning birinchi kunlaridan boshlab kutubxona o‘z fondini davlat standartiga mos bo‘lgan, barkamol avlodni shakllantirishga yo‘naltirilgan, demokratik, huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va ko‘p qirrali mafkurani aks ettiruvchi o‘zbek tilidagi, bevosita lotin alifbosidagi adabiyotlar bilan ham boyitib bordi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004 yil 30 martdagi 150 sonli «Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori bilan Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti (TIMI) deb shakllantirilgan, 2004 yilning 15 aprelidagi institutning 187 a/f raqamli buyrug‘iga asosan kutubxona «Kutubxona-resurs markaziga» o‘zgartirilgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006 yil 20 iyundagi «Respublika aholisini axborot-kutubxona bilan ta’minlashni tashkil etish to‘g‘risida»gi PQ-381 sonli qarori, Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirligining 2006 yil 9 dekabrdagi 295-sonli buyrug‘i, hamda institut rektorining 2007 yil 7 fevral 21a/f – sonli buyrug‘iga asosan «Kutubxona-resurs markazi» «Axborot-resurs markazi»ga (ARM) o‘zgartirilgan.Kutubxonaning tashkil etilishi va rivojlanishi, uning erishgan yutuqlari, turli yillarda ishlagan hamda o‘zlarining sermazmun mehnatlari bilan qishloq va suv xo‘jaligi sohasida injener kadrlarni tayyorlashga katta hissa qo‘shgan insonlar nomi bilan uzviy bog‘liqdir. Shunday insonlardan kutubxonaning birinchi direktorlaridan bo‘lmish (N. X. Asfendiyarov), yetakchi mutaxassislaridan (K. S. Guseva), (V. N. Chernikov), (Surnina V. A.), (N. V. Petrova), R. D. Klimkina, (F. X. Yangayeva), B.U. Tashkuziyeva, V. M. Sadovnikova, M. N. Xodjayeva, V. I. Makova, Zabotin N. N., Milichenkova N. Yu., Axmedova M. X., Mustayapova N. T. va boshqalarni yodga olish joizdir.
Axborot-resurs markazi haqida
ARMning asosiy vazifalari:
1. Universitet faoliyati, yo‘nalishlari va foydalanuvchilarning axborotga bo‘lgan talablariga muvofiq holda kutubxona fondini shakllantiradi, ma’lumot-axborot xizmatini tashkillashtiradi va yuritadi.
2. ARM fondidan foydalanish qoidalariga rioya qilgan holda foydalanuvchi talabalar, doktorantlar, ilmiy xodimlar, professor - o‘qituvchilar va boshqa toifa kitobxonlarning axborotlarga bo‘lgan talablariga muvofiq kutubxona va axborot-bibliografik xizmatini ko‘rsatadi.
3. Universitetda olib borilayotgan ilmiy izlanishlar, o‘quv jarayoni, universitet bo‘linmalarining ma’muriy-boshqaruv vazifalarini bajarishga ko‘maklashadi.
4. Foydalanuvchilarda axborotlarni izlash, foydalanish va ularni tahlil qilish madaniyatini shakllantirishga ko‘maklashadi; ularni ma’lumot-tahliliy materiallar bilan ishlashga, shu jumladan avtomatlashtirilgan tizimlarda ishlashga o‘rgatadi; foydalanuvchilar uchun yangi, an’anaviy bo‘lmagan ma’lumot tashuvchilarda hujjatlar bilan ishlashni o‘qitish tizimini tashkillashtiradi.
5. Tashkiliy masalalarni hal qilishda yangicha yo‘llarni izlab, ARM faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalarini tatbiq etish va ular asosida foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatish uslublari doirasini kengaytirib, ularning sifatini oshirib boradi.
6. Kutubxona va axborot xizmati masalalari bo‘yicha uslubiy ishlarni olib boradi.
7. Foydalanuvchilarning axborotlar va adabiyotlarga bo‘lgan talablarini yanada to‘liq qondirish maqsadida universitetning tarkibiy bo‘linmalari hamda boshqa jamoat tashkilotlari, kutubxonalar bilan o‘zaro hamkorlik faoliyatini muvofiqlashtiradi.
8. Oliy ta’lim muassasalari Axborot-resurs markazlariga axborot-kutubxona xizmati masalalari bo‘yicha ma’lumot-axborot va uslubiy yordam ko‘rsatadi.
ARMning asosiy funksiyalari:
1. ARM universitet ta’lim dasturlari, o‘quv rejalari va ilmiy izlanishlar mavzulari bo‘yicha fondni adabiyotlar bilan butlashni ta’minlaydi. Har xil ko‘rinishdagi va turdagi hujjatlarni (shu jumladan elektron ko‘rinishda) o‘quv, ilmiy, ma’lumotnoma nashrlar, davriy nashrlar, badiiy adabiyotlarni sotib olishni tashkillashtiradi.
2. Fondlarni butlash uchun manbalarni aniqlashtiradi. Zarurat paydo bo‘lganida boshqa kutubxona, muassasa va tashkilotlar bilan kitob almashinuvini amalga oshiradi.
3. Fondlarni optimallashtirish va shakllantirish maqsadida ularning tarkibi va o‘qilishini doimiy tahlil qiladi.
4. Vaqti-vaqti bilan fondlarni tekshirish (inventarizatsiya)ishlarini olib boradi va ularning tarkibini ARMning elektron va an’anaviy kataloglar tizimida yoritadi. ARM fondlarini targ‘ib qiladigan tematik - bibliografik ko‘rsatkichlar va axborot ro‘yxatlarini, ARMning faoliyatini aks ettiradigan boshqa nashrlarni chiqaradi.
5. Doimiy asosda ARM fondlarining butligini, ularni o‘z vaqtida hisobga olish, saqlash va nazorat qilish, sanitariya-gigiyena choralarini amalga oshirish, konservatsiya qilish, universitet faoliyatiga oid nashrlarni raqamlashtirish va elektron katalogga qo‘shish, o‘zgartirish yo‘li bilan ta’minlaydi.
6. Foydalanuvchilarga kutubxona va axborot-bibliografik xizmat ko‘rsatishni amalga oshiradi:
6.1. ARMning an’anaviy va elektron o‘quv zallarida, Ilmiy adabiyotlar abonementida yagona “Kitobxonlik guvohnomasi” (ID-karta) asosida foydalanuvchilarga tabaqalashtirilgan xizmat ko‘rsatishni tashkillashtiradi. O‘rnatilgan tartibda foydalanuvchilarga kutubxona fondiga ochiq kirish huquqini tashkillashtiradi.
6.2. Foydalanuvchilarni asosiy kutubxona xizmatlari bilan bepul ta’minlaydi:
- kutubxona fondi haqidagi to‘liq ma’lumotni elektron kataloglar tizimi hamda kutubxona axborot xizmati ko‘rsatishning boshqa shakllari yordamida taqdim etadi;
- chop etilgan asarlar va boshqa hujjatlarni izlash va tanlashda maslahat yordami ko‘rsatadi;
- kutubxona fondidan chop etilgan asarlar va boshqa hujjatlarni vaqtinchalik foydalanishga beradi;
- foydalanuvchilarni IRBIS64+ tizimining elektron katalog va to‘liq matnli ma’lumotlar bazasiga kirish huquqi bilan ta’minlaydi;
- universitetning ilmiy va o‘quv ishlariga yordam sifatida bibliografik ko‘rsatkichlar, adabiyotlar ro‘yxati, bibliografik ma’lumotlar, bibliografik sharhlarni tuzadi, mavzuli kitob ko‘rgazmalarini tashkil qiladi;
6.3. Foydalanuvchilarning axborotlarga bo‘lgan talablarini muntazam o‘rganib boradi.
7. Universitet buyrug‘i bilan tasdiqlangan ro‘yxat asosida foydalanuvchilarga ularning talablariga binoan qo‘shimcha xizmatlar ko‘rsatadi. Asosiy faoliyatga zarar yetkazmagan holda, foydalanuvchilarga taqdim etiladigan xizmatlarni kengaytirish va kutubxonani ijtimoiy-madaniy rivojlantirish bo‘yicha faoliyatini kengaytiradi.
8. Talabalar uchun “Kutubxonachilik-bibliografiya asoslari” kursi bo‘yicha mashg‘ulotlar tashkillashtiradi.
9. Amaldagi me’yoriy va huquqiy rasmiy hujjatlar asosida ARM fondidan adabiyotlarni chiqaradi.
10. Kutubxona-bibliografiya va axborot faoliyatiga tegishli savollar bo‘yicha mustaqil ravishda yoki universitetning bo‘linmalari, kutubxonalar va boshqa tashkilotlar bilan ilmiy - uslubiy konferensiyalar tashkil qiladi va o‘tkazadi.
11. ARM faoliyatining barcha yo‘nalishlarini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy-uslubiy va tadqiqot ishlarini olib boradi.
12. Kutubxona jarayonlarini avtomatlashtirish bilan shug‘ullanadi, ilg‘or kutubxona texnologiyalarini tatbiq etadi. Foydalanuvchilarning qiziqishlarini o‘rganish maqsadida turli tadqiqotlar olib boradi.
13. Universitet xodimlari, ilmiy jamiyatlar va jamoat tashkilotlari bilan olib boriladigan ishlarni o‘zaro muvofiqlashtiradi.
14. Kutubxona-bibliografik va axborot faoliyati bo‘yicha masalalarda boshqa muassasa va tashkilotlar hamda kutubxonalar bilan hamkorlikda ish olib boradi.
15. ARM faoliyati bo‘yicha uslubiy qo‘llanma, texnikaviy va ish tartibi hujjatlarini ishlab chiqadi.
ARMning fondi:
2023 yil holatiga ARM fondi 646.512 nusxa chop etilgan nashrlardan tashkil topgan. ARMning elektron ma’lumot bazalarida 103 325 dan ziyod bibliografik yozuvlar (darsliklar, o‘quv qo‘llanmalar, lug‘atlar, ensiklopediyalar, ilmiy adabiyotlar, jurnallar, davriy nashrlar va badiiy adabiyotlar) bundan tashqari 54.179 dan ortiq to‘liq matnli elektron adabiyotlar mavjud.
Bugungi kunda ARMda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish orqali professor-o‘qituvchilarga va talabalarga axborot-kutubxona xizmatini ko‘rsatish, ularning intellektual salohiyatini, bilimini, ma’naviy-axloqiy va madaniy ehtiyojlarini to‘liq qondirish maqsadida qulay shart-sharoitlar, shu jumladan IRBIS64+ tizimida foydalanuvchilar uchun quyidagi ma’lumot bazalari (MB) yaratilgan:
- “TIQXMMI” MTU elektron katalogi MBsida - 58.527 nomda darsliklar, o‘quv qo‘llanmalar, lug‘atlar, ensiklopediyalar, ilmiy va badiiy adabiyotlarning elektron katalogi (bibliografik yozuvlari) mavjud;
- “TIQXMMI” MTU elektron kutubxonasi MBsida – ARM fondida mavjud axborot-resurslarning to‘liq matnlari joylashtirilgan;
- Avtoreferatlar elektron katalogi MBsida - avtoreferatlarning elektron katalogi va ularning to‘liq matnlari mavjud;
- Gazeta va jurnallarning elektron MBsiga - davriy nashrlarning va maqolalarning elektron katalogi hamda ularning to‘liq matni joylashtirilgan bo‘lib, ARM fondining salmoqli qismini elektron kutubxona va davriy nashrlar tashkil etadi.
ILMIY-USLUBIY, AXBOROT-MA`LUMOT (DAVRIY NASHRLAR) BO`LIMI
Milichenkova Natalya Yuryevna – Ilmiy-uslubiy, axborot-ma’lumot (davriy nashrlar) bo‘limi mudiri.
Bo‘limning asosiy vazifasi:
- ARM fondiga olingan jurnallarda yoritilgan dolzarb maqolalarning “DAVR-Periodika” elektron ma’lumotlar bazasini IRBIS-64+ tizimida shakllantirdi.
- O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining rasmiy materiallari bo‘yicha elektron ma’lumotlar bazasini yaratadi: (Qonunlar, Nizomlar, Qarorlar).
- «TIQXMMI» Milliy tadqiqot universiteti tarixiga oid gazetalarning yig‘ma jildini tashkillashtiradi.
- Universitetning professor-o‘qituvchilari, magistr talabalari tomonidan yozilgan dissertatsiya va davriy nashrlarda yoritiladigan ilmiy maqolalarga UDK shifrini qo‘yadi.
- Professor-o‘qituvchilar, magistrantlar va ARMning boshqa toifa foydalanuvchilariga ularning axborotlarga bo‘lgan ehtiyojidan kelib chiqqan holda axborot-bibliografik maslahatlar beradi, IRBIS-64+ elektron tizimidan foydalanish qoidalarini o‘rgatadi.
- foydalanuvchilarning talabiga binoan manzilli-bibliografik, mavzuli, faktorlik ma’lumotnomalarni amalga oshiradi.
- “TIQXMMI” MTU Axborot-resurs markazi va boshqa oliy o‘quv yurtlari ARMning bo‘limlari xodimlari bilan kutubxona-axborot xizmati ko‘rsatish masalalari bo‘yicha uslubiy ishlarni olib boradi.
- “TIQXMMI” MTU saytida ARMda o‘tkazilgan muhim tadbirlar to‘g‘risidagi ma’lumot va maqolalarni yoritib boradi.
- “TIQXMMI” MTU professor-o‘qituvchilarining ilmiy ishlari kitob ko‘rgazmasini tashkil etadi (ularni yangilab, to‘ldirib boradi).
ELEKTRON AXBOROT RESURSLARI BO’LIMI
Xidirov Xurshid To`lqinjon o`g`li - Elektron axborot-resurslari bo’limi mudiri.
Elektron axborot-resurslari bo’limi - ARM fondlarini raqamlashtirish va kataloglashtirish ishlarini O‘zbekiston Respublikasida qabul qilingan sohaviy me’yoriy-huquqiy hujjatlar asosida, mualliflik huquqini ta’minlagan holda mavjud adabiyotlarni bosqichma-bosqich elektron ko‘rinishga o‘tkazishni tashkil etadi.
ARM fondida mavjud nashrlarni PDF elektron ko‘rinishga o‘tkazib, ularga maxsus Acrobat® 7.0 Professional, Acrobat® 7.0 Elements, ABBYY Fine reader dasturlari orqali ishlov beradi hamda elektron ko‘rinishdagi nashrlarni IRBIS64+ avtomatlashtirilgan axborot - kutubxona tizimiga sifatli yuklash imkonini yaratadi.
Bo‘limning asosiy vazifalari:
- IRBIS64+ avtomatlashtirilgan axborot-kutubxona tizimida talabalar, professor-o‘qituvchilar va foydalanuvchilar uchun adabiyotlarning to‘liq matnli va elektron katalog ma’lumotlar bazasini to‘ldirib boradi;
- kam sonli ko‘p so‘raladigan adabiyotlarni raqamlashtirib, to‘liq matnini yaratadi, ularning elektron katalogdagi kartochkasiga adabiyotlarning to‘liq matni biriktiradi;
- talabalar, professor - o‘qituvchilar va boshqa toifa foydalanuvchilarga kerakli adabiyotlarni ARMning elektron katalogidan tez va oson qidirish usullarini o‘rgatadi;
- elektron katalogda mavjud bo‘lgan xatolarni muntazam tahrirlab boradi;
- talabalar, professor - o‘qituvchilar va boshqa foydalanuvchilar topshirgan elektron adabiyotlarning elektron kartochkasini yaratib, to‘liq matni bilan ma’lumotlar bazasiga joylashtiradi;
- to‘liq matnli adabiyotlar bazasini sistematizatsiya qiladi;
- foydalanuvchilarga kerakli adabiyotlarni boshqa ARMdan kelishilgan holda olib kelib, ma’lumotlar bazasiga joylashtiradi;
- talabalar, professor-o‘qituvchilar va boshqa toifa foydalanuvchilarga IRBIS64+ avtomatlashtirilgan axborot-kutubxona tizimi to`g`risida konsultatsiya beradi;
- elektron kutubxonadan foydalanish bo‘yicha seminarlar tashkil etadi.
Axborot-kutubxona resurslarini butlash, kataloglashtirish va tizimlashtirish bo’limi
Bo’limning asosiy vazifasi - ARMning axborot-kutubxona fondlarini tizimli to‘ldirish yo‘li orqali shakllantirib borishdan iborat. “Axborot-kutubxona muassasalarida axborot-kutubxona resurslarini hisobga olish tartibi to‘g‘risida” (Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan № 2567) yo‘riqnoma asosida hisobga olish va ro‘yxatdan chiqarish ishlarini amalga oshiradi. ARMni axborot-kutubxona resurslari bilan ta’minlashda kitob sotuvchi firmalar, nashriyotlar bilan hamkorlik qiladi. Bundan tashqari fondni turkumlashtirish, tahlil qilish va holatini o‘rganish ishlarini olib boradi.
Komplektlash, kataloglashtirish va tuzish manbalari:
- nashriyotlar, kitob do‘konlari va xususiy firmalar orqali;
- bosmaxonalar va boshqa tashkilotlar orqali;
- obuna yo‘li bilan;
- kitobxonlardan, kitobning mualliflari va tashrif buyuruvchilar tomonidan sovg‘a tariqasida berilgan adabiyotlar evaziga fondni to‘ldiradi;
- axborot - kutubxona resurslariga texnik ishlov beradi, adabiyotlarni soha bo‘yicha klassifikatsiya qiladi va bibliografik tavsiflarini tuzadi. ARMning elektron katalogini shakllantirish orqali fondni zamonaviy ilmiy-amaliy talablarga javob beradigan darajada ochib beradi.
Axborot-kutubxona resurslari bilan xizmat ko‘rsatish bo‘limi (abonementlarga xizmat ko`rsatish, o`quv zallari va kitob saqlashni inobatga olgan holda)
Axmedova Maxbuba Xikmatovna - Axborot-kutubxona resurslari bilan xizmat ko‘rsatish bo‘limi mudiri.
Bo‘limning asosiy vazifasi - ARM foydalanuvchilariga axborot-kutubxona xizmatini ko’rsatish va o‘quv zallarida ARM fondida mavjud bosma va elektron ko‘rinishdagi kutubxona resurslarini taqdim etishdan iborat.
ABONEMENT – professor-o‘qituvchilar, talabalar, xodimlar, malaka oshirish tinglovchilari, qishloq xo‘jaligi mutaxassislari, hamda boshqa tashkilotlardan kelgan foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatadi. Boshqa tashkilotdan tashrif buyurgan foydalanuvchilarga shaxsini tasdiqlovchi hujjat orqali xizmat ko‘rsatiladi. Abonementda foydalanuvchilar darslik, o‘quv qo‘llanma, monografiya va badiiy adabiyotlar bilan bir qatorda respublikamizda chop etilayotgan vaqtli matbuot nashrlaridan foydalanishlari mumkin. Abonementda foydalanuvchilar IRBIS64+ tizimida ro‘yxatga olinib, adabiyotlar buyurtma orqali qabul qilinadi va foydalanuvchilarga uyda foydalanish uchun beriladi.
PROFESSOR-O‘QITUVChILAR O‘QUV ZALI – universitet professor-o’qituvchilari, ilmiy izlanuvchilari, shu bilan bir qatorda boshqa tashkilotlardan kelgan mustaqil izlanuvchilarga xizmat ko‘rsatadi. O’quv zalida foydalanuvchilar uchun zamonaviy kompyuterlar bilan jihozlangan ish joylari mavjud bo’lib, shaxsiy kompyuterlardan foydalanishlari uchun qo‘shimcha ish joylari ham ajratilgan. Foydalanuvchilar ARM kompyuterlari yoki shaxsiy kompyuterlari orqali Internet tarmog‘iga ulanishlari mumkin. Professor-o‘qituvchilarga o‘quv zalida ARMda mavjud IRBIS 64+ tizimi asosida avtoreferatlarning to’liq matnga ega elektron katalogi va dissertatsiyalarning elektron katalogi, shuningdek, elektron o‘quv adabiyotlari ham taqdim qilinadi. O’quv zalida mahalliy gazeta va jurnallarlar hamda Rossiya Federatsiyasining jurnallari bilan xizmat ko‘rsatiladi.
TALABALAR O‘QUV ZALI – talabalar uchun xizmat ko‘rsatib turgan zallarning eng kattasi hisoblanadi. Talabalar o‘quv zalining “Ochiq fondi”da 12000 dan ziyod foydalanuvchilar tomonidan ko‘p so‘raladigan, eng yangi va dolzarb mavzularga bag‘ishlangan o‘zbek va rus va boshqa tillaridagi Prezident asarlari, darslik va o‘quv qo‘llanmalar, ma’lumotnoma nashrlar: ensiklopediyalar (sohalarga oid), lug‘atlar jamlangan. Shuningdek, respublikamizda chop etiladigan vaqtli matbuot nashrlari mavjud. O`quv zalida foydalanuvchilar uchun o`z-o`ziga xizmat ko`rsatish – RFID tizimi asosida tashkil etilgan. Foydalanuvchilar shaxsiy kompyuterlaridan foydalanishlari uchun qo‘shimcha ish joylari ham ajratilgan.
TALABALAR ELEKTRON O`QUV ZALI – barcha toifadagi foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatadi. O`quv zalida foydalanuvchilar uchun zamonaviy kompyuterlar bilan jihozlangan ish joylari mavjud bo‘lib, ularning barchasi internet tarmog‘iga ulangan, shu jumladan IRBIS64+ tizimi asosida ARM fondida mavjud to‘liq matnli elektron resurslar jamlangan.
O‘QUV KUTUBXONASI – universitetning barcha fakultet talabalariga xizmat ko‘rsatadi. O‘quv kutubxona fondi asosan darslik va o‘quv-qo‘llanmalardan tashkil topgan bo`lib, u yerda talabalarning ARMga a’zoligi uyushtiriladi va adabiyotlar uyda foydalanish uchun beriladi.
TALABALAR TURAR JOYIdagi ARMning FILIALLARI – universitet yotoqxonasida yashovchi barcha fakultet talabalariga xizmat ko‘rsatadi. Filial fondi asosan darslik, o‘quv-qo‘llanmalar, badiiy adabiyotlardan iborat. Foydalanuvchilar tomonidan ko‘p so‘raladigan, eng yangi va dolzarb mavzularga bag‘ishlangan o‘zbek va rus tillaridagi Prezident asarlari, ma’lumotnoma nashrlar: ensiklopediyalar (sohalarga oid), lug‘atlar jamlangan. Shuningdek, respublikamizda chop etiladigan vaqtli matbuot nashrlari mavjud. Ma’lumot qidirish va manbalarni tanlashda maslahat yordami ko’rsatiladi. Adabiyotlar faqatgina yotoqxona o`quv zalida foydalanish uchun beriladi.
XORIJIY AXBOROT – KUTUBXONA RESURSLARI BILAN ISHLASH BO`LIMI
Xoliqova Shakarxon Islomovna - Xorijiy axborot - kutubxona resurslari bilan ishlash bo`limi mudiri.
Bo‘limning asosiy vazifalari:
- Xorijiy axborot - kutubxona resurslari bilan ishlash bo`limi o`z fondini foydalanuvchilarning xorijiy axborotlarga bo`lgan ehtiyojlarini e`tiborga olib, an`anaviy va zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etgan holda takomillashtiradi;
- ARMda mavjud IRBIS64+ tizimi asosida xorijiy adabiyotlarning elektron katalogi va to`liq matnli ma`lumotlar bazasini shakllantirib boradi;
- axborot - bibliografiya xizmati orqali foydalanuvchilarni an'anaviy va elektron turdagi xorijiy adabiyotlar bilan ta'minlaydi;
- foydalanuvchilarga xizmat ko`rsatish bilan bog`liq masalalar bo`yicha texnologik va reglament hujjatlarini ishlab chiqadi;
- foydalanuvchilarga IRBIS64+ tizimining elektron axborot ma'lumotlar bazasidan foydalanish bo'yicha maslahatlar beradi;
- yangi xorijiy adabiyotlar ko'rgazmasini tashkil etishda ishtirok etadi.
- yangi xorijiy adabiyotlarni o'z fondiga qabul qilish ishlarini amalga oshiradi.