Universitet Hayoti

BUGUNGI KUN VА HOZIRGI FАOLIYAT

 

Jonajon Vatanimiz har yili oʼz mustaqilligining chorak asrdan ortiqroq davrini nishonlayotgan hozirgi kunlar Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʼjaligini mexanizatsiyalash muxandislari institutining hayoti va faoliyatida yangi bosqichni boshlangani bilan nihoyatda ahamiyatlidir. Bu bosqich Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 24 maydagi “Qishloq va suv xoʼjaligi tarmoqlari uchun muhandis-texnik kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi PQ-3003-sonli qarori asosida Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti negizida TIQXMMIning tashkil etilishidan boshlandi.

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 20 apreldagi “Oliy taʼlim tizimini tubdan rivojlantirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi PQ-2909-sonli, 2017 yil 24 maydagi PQ-3003 va 2017 yil 27 iyuldagi PQ-3151-sonli qarorlariga asosan, Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʼjaligini mexanizatsiyalash muxandislari institutini rivojlantirish Kontseptsiyasi ishlab chiqilgan. Mazkur Kontseptsiya Qishloq va suv xoʼjaligi sohasi uchun muhandis-texnik kadrlar tayyorlash boʼyicha oliy va oʼrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining Muvofiqlashtiruvchi Kengashida tasdiqlangan. 

Prezident qaroriga muvofiq agrar sohani salohiyatli, raqobatbardosh kadrlar bilan taʼminlash, axborot bazalarini yanada mustahkamlash, oʼquv-tarbiya, oʼquv-tajriba jarayonini dala maydonlari (poligonlar)da, xoʼjaliklarda, korxonalarda oʼtkazish, oʼquv jarayonini ilgʼor pedagogik texnologiyalar bilan toʼla taʼminlash, uzluksiz taʼlim tizimini jahon axborot tarmogʼiga ulanadigan kompьyuter axborot tarmogʼi bilan toʼliq qamrab olishni va boshqa talablarni sifatli bajarilishini taʼminlash institut professor-oʼqituvchilari va xodimlarining asosiy vazifalariga aylandi. Bu borada institutning “Mamlakatimizni rivojlantirishning beshta ustuvor yoʼnalishlari boʼyicha 2017-2021 yillarga moʼljallangan Harakatlar strategiyasi dasturi” va 2030 yilgacha istiqbolli rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqilgan va u amalga oshirilmoqda. 

Bugungi kunda institutda koʼp sonli professor-oʼqituvchilar, mutaxassislar, ishchi va xizmatchilardan iborat ahil jamoa shakllangan. 2018 yil mart holatiga koʼra institut boʼyicha 549,25 shtat birligida jami 484 nafar professor-oʼqituvchi asosiy shtatda (shulardan 40 nafari fan doktorlari, 171 nafari fan nomzodlari), 144 nafar professor-oʼqituvchi oʼrindoshlik asosida (shulardan 21 nafari fan doktorlari, 38 nafari fan nomzodlari) faoliyat olib bormoqda. Ilmiy salohiyat asosiy shtat boʼyicha 43,6 % ni, oʼrindoshlar bilan 44,0% ni tashkil etadi.

  

 

OʼQUV ISHLАRI

 

Institut tarkibida 7 ta fakulьtet (Gidromelioratsiya, Gidrotexnika qurilishi, Gidromeliorativ ishlarni mexanizatsiyalash, Qishloq xoʼjaligini mexanizatsiyalash, Qishloq va suv xoʼjaligini elektrlashtirish va avtomatlashtirish, Yerdan foydalanish va yer kadastri, Iqtisodiyot va menejment fakulьtetlari), Magistratura boʼlimi, 36 ta kafedra (sh.j. 21 tasi mutaxassis chiqaruvchi kafedralar hisoblanadi), oʼquv - uslubiy boshqarma, Аxborot-resurs markazi, Ekologik geoaxborot tizimlari markazi, Аxborot texnologiyalari markazi, Maʼnaviyat va maʼrifat hamda iqtidorli yoshlar bilan ishlash boʼlimi, Xalqaro aloqalar boʼlimi, Monitoring va ichki nazorat boʼlimi, Marketing boʼlimi, akademik litsey va kasb-hunar kolejlari bilan ishlash boʼlimi va boshqa boʼlimlar mavjud. Institut rasmiy saytining manzili www.tiiame.uz.

 Institutda 25 ta bakalavriat taʼlim yoʼnalishi va 23 ta magistratura mutaxassisliklari boʼyicha kadrlar tayyorlanmoqda. Bakalavriat taʼlim yoʼnalishlarida 6253 nafar, magistratura mutaxassisliklarida 182 nafar, jami boʼlib institutda 6435 nafar talaba tahsil olmoqda. Mamlakatimiz taraqqiyoti talablari va kadrlar tayyorlashga nisbatan isteʼmolchi tashkilotlarning real talabi va ehtiyojini chuqur oʼrganib 2017-2018 oʼquv yilidan boshlab Meliorativ gidrogeologiya, Texnika va texnologiyalar texnik ekspertizasi va marketingi, Qishloq xoʼjaligi va meliorativ texnikalari texnik servisi kabi yangi 3 ta bakalavriat taʼlim yoʼnalishi va Suv tejamkor sugʼorish texnologiyalari, Gidravlika va muhandislik gidrologiyasi, Iqtisodiyot hamda Menejment mutaxassisliklari boʼyicha 4 ta magistratura yoʼnalishida kadrlarini tayyorlash yoʼlga quyilgan. 

Institutda ilmiy izlanishlar olib borayotgan yoshlar ragʼbatlantiriladi, ularning ijodiy izlanishlariga ahamiyat beriladi. Tadqiqotchilar va zlanuvchilarni, doktorantlar va iktidorli talaba-yoshlarni sohaning ilmiy mavzulari bilan shugʼullanishga jalb etish, tadqiqot ishlari uchun ishlab chiqarish korxonalari, ilmiy-tadqiqot va loyiha institutlarida tajriba-sinov ishlari uchun sharoit yaratish, ularni moddiy va maʼnaviy qoʼllab-quvvatlash oʼrnatilgan tartibda amalga oshirilmoqda. Davlat stipedilari tanlovida qatnashgan va gʼolib boʼlmagan institut 14 nafar iqtidorli talabalarga Ilmiy kengash stipendiyasi tayinlangan. 

TIQXMMI tomonidan Oʼzbekiston Respublikasi Qishloq va Suv xoʼjaligi vazirliklari tasarrufidagi tashkilot va ishlab chiqarish korxonalarda 21 ta mutaxassislik kafedralarning filiallari tashkil qilingan. Mazkur filiallarda katta ilmiy izlanuvchilar, magistrantlar va talabalar oʼquv va ilmiy laboratoriyalarida mashgʼulot oʼtishlari hamda tadqiqot izlanishlarini olib borishga imkoniyat yaratilgan. 

Institutda mavjud fakulьtet va kafedralarning ilmiy-pedagogik salohiyati bugungi kun talablariga javob beradi, deyish uchun toʼla asoslar bor. Chunonchi, bu boradagi tahlilga koʼra, mutaxassis chiqaruvchi 21 ta kafedralarda oʼquv jarayoni va ilmiy-tadqiqot ishlarida asosiy shtat boʼyicha jami 270 nafar professor–oʼqituvchilar faoliyat koʼrsatadi. Ularning 25 nafari fan doktorlari va professorlar, 99 nafari fan nomzodlari va dotsentlar, 147 nafari katta oʼqituvchilar va assistentlardan iborat. 


Jumladan, Institutda mutaxassis chiqaruvchi 21 ta kafedralarning oʼrtacha ilmiy salohiyati 46,3% ni tashkil etdi. Ularning 12 tasida ilmiy salohiyat 50% - 60% ni tashkil etsa, 2 tasida ilmiy salohiyat 30% dan past koʼrsatkichga ega. Masalan, “Geodeziya va geoinformatika” kafedrasida asosiy shtatda ilmiy salohiyat 14 % ni tashkil etadi, yaʼni asosiy shtatda faoliyat olib borayotgan 14 nafar professor-oʼqituvchilarning 2 nafarigina fan nomzodlari, dotsentlardir, qolganlari ilmiy darajaga ega emas. “Buxgalteriya hisobi va audit” kafedrasida asosiy shtatda ilmiy salohiyat 27 % ni tashkil etadi, yaʼni asosiy shtatda faoliyat olib borayotgan 11 nafar professor-oʼqituvchilarning 3 nafari fan nomzodlari, dotsentlardir. Yuqorida qayd etilgan 270 nafar professor-oʼqituvchilardan 209 nafari oxirgi uch yilda oʼz malakalarini oshirgan. 

Bugungi kunda institut bakalavriat taʼlim yoʼnalishi va magistratura mutaxassisligi boʼyicha 491 ta fandan dars oʼtiladi va ularning barchasidan mustaqil taʼlim olish uchun uslubiy qoʼllanma va koʼrsatmalar toʼliq mavjud va adabiyotlar bilan toʼliq taʼminlangan. Shundan 98,5 % kirill alifbosida, 94 % lotin alifbosida, 100 % rus tilida adabiyotlar bilan taʼminlangan. Institutning 188 ta oʼquv auditoriyalaridan 162 tasi stantsionar oʼquv prezentatsion va mulьtimedia vositalari bilan jihozlangan. 

Bakalavriatda oʼtiladigan fanlar soni: 394 ta; Dasturdagi jami adabiyotlar soni - 4320 ta; sh.j., lotin -1432ta; kirill-2159ta; rus-729ta. АRMda mavjud adabiyotlar soni -16368 ta; sh.j., lotin -4682ta; kirill-7485ta; rus-4201 ta. Elektron shaklga oʼtkazilganlar soni -14920 ta; 96,2%;

Magistraturada oʼtiladigan fanlar soni: 97ta; Dasturdagi jami adabiyotlar soni - 522 ta; sh.j., lotin -131ta; kirill-239ta; rus-152ta. АRMda mavjud adabiyotlar soni -1363ta ; sh.j., lotin -682ta; kirill-485ta; rus-201ta. Elektron shaklga oʼtkazilganlar soni -1214 ta; 91,7%

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 24-maydagi “Qishloq va suv xoʼjaligi tarmoqlari uchun muhandis-texnik kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi PQ-3003 sonli qarori boʼyicha Toshkent viloyatidagi 3 ta, Xorazm viloyatidagi 2 ta, Jizzax viloyatidagi 7 ta va Namangan viloyatidagi 5 ta kasb-hunar kollejlari hamda 2 ta institut qoshidagi Yunusobod va Interneshenl-Xaus akademik litseylari biriktirilgan. 

 Institutda oʼquv malaka oshirish ishlari ham samarali yoʼlga qoʼyilgan. Xususan, 554 nafar asosiy shtatdagi professor-oʼqituvchidan 534 nafari pedagogik texnologiya va pedagogik mahorat boʼyicha, 542 nafari taʼlimda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari boʼyicha malaka oshirgan. Yaʼni, professor-oʼqituvchilarning pedagogik va axborot texnologiyalari boʼyicha malaka oshirganlari 91,6% ni tashkil etadi. Har bir yilgi oʼquv rejasi boʼyicha institutning professor-oʼqituvchilari qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida qatnashishi rejalashtirilgan. Jumladan, 2017-2018 oʼquv yilida Bosh ilmiy metodik markaz (BIMM)da 11/12 nafar, TIQXMMI huzuridagi tarmoq markazida 63/65 nafar, boshqa OTMlarda – 49/51 nafar. Tashkil etilgan qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslariga jalb etilgan 128 nafar tinglovchilardan 123 nafari qatnashib, 117 nafar professor-oʼqituvchilar yakuniy davlat attustatsiya xulosasiga koʼra kursni muvaffaqiyatli tugatib maxsus malaka sertifikatiga ega boʼlishgan.

 

MА'NАVIY–MА'RIFIY ISHLАR

 

Institutda maʼnaviy – maʼrifiy ishlar olib borishning samarali tizimi shakllangan. Institutda jismonan sogʼlom va maʼnan barkamol avlodni tarbiyalash, yoshlarga doir davlat siyosatini amalga oshirish boʼyicha “2017–2018 yillarga moʼljallangan yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qoʼshimcha chora–tadbirlar Dasturi” asosida Oliy taʼlim muassasalari oʼrtasida tashkillashtirilgan “Yagonasan, muqaddas vatan”, “Talabalar teatr studiyalari”, tanlovlarida Toshkent shahridagi oliy taʼlim muassasalari orasida 2-oʼrinni qoʼlga kiritgan boʼlsa, institutning “Targʼibot” “Quvnoqlar va Zukkolar” jamoasi jamoasi 2 oʼrinni qoʼlga kiritgan.

Institutda maʼnaviy–maʼrifiy ishlarni takomillashtirish maqsadida “Institutda maʼnaviyat – maʼrifat va iqtidorli yoshlar bilan ishlash boʼlimi tarbiya ishlarini tashkil qilish boʼyicha Nizom”, “Institutning murabbiylar kengashi toʼgʼrisidagi Nizom”, “Institutda maʼnaviy–maʼrifiy ishlarni umumiy, guruh hamda yakka shaklda tashkil etish boʼyicha Nizom”, “Institutda “Maʼnaviyat xonasi” faoliyatini tashkil etish va jihozlash boʼyicha Nizom”, “Institutda talabalar ishtirokida jamoaviy–madaniy tadbirlarni tashkil etish toʼgʼrisidagi Nizom” tasdiqlangan hamda ular asosida ish olib boriladi. 

 Har bir oʼquv yili uchun institutning maʼnaviy – maьrifiy sohada bajariladigan ishlar dasturini shakllantirish anʼanaga aylangan boʼlib, bunda institutning Maʼnaviyat va maʼrifat boʼlimi, dekan va dekan muovinlari, Gumanitar fanlar kafedrasi va barcha kafedra mudirlari, kafedra aʼzolari shu jumladan, oʼqituvchilar va ustoz – murabbiylarning aniq va tabaqalashtirilgan vazifalarni bajarishi koʼzda tutilgan. 

Har bir oʼquv yilida institutdagi maʼnaviy–maʼrifiy tarbiyaviy ishlar Ilmiy Kengashda va rektorat yigʼilishilarida, undan tashqari Ilmiy Kengashda fakulьtetlarni va magistratura boʼlimini amalga oshirilayotgan oʼquv, tarbiyaviy, ilmiy va ilmiy–uslubiy ishlar boʼyicha hisobotlari koʼrilib, ularda maʼnaviy – maʼrifiy ishlarni olib borilishiga alohida urgʼu berib kelinmoqda

Shu jumladan, maʼnaviy–maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish toʼgʼrisida, huquqbuzarlik, giyohvandlikning oldini olishga qaratilgan, talaba–qizlar orasida, iqtidorli talabalar bilan “Ustoz–shogird” tizimi doirasida akademik guruhlarda olib borilayotgan ishlar holati muhokama qilinadi va tegishli qarorlar qabul qilinadi. Bunda ayniqsa harbiy-vatanparvarlik mavzuidagi tadbirlar alohida ahamiyatga aga.

Har haftada oʼtkazilib kelinayotgan “Аxborot soatlari” mazmun-mohiyatini sifatli oʼtkazish maqsadida barcha akademik guruh murabbiylari uchun xar hafta mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohatlar, ularning halqimizning turmush tarziga ijobiy taʼsiri hamda turli maʼnaviy-siyosiy maʼlumotlar tayyorlanib borishi tizimli ravishda yoʼlga qoʼyilgan.

Institutda faoliyat koʼrsatayotgan yoshi ulugʼ insonlar va atrofdagi mahallalarda istiqomat qilayotgan urush qatnashchilariga bayram dasturxonlari yoziladi. Institut maʼmuriyati hamda institut Kasaba uyushmasi hamkorligida milliy bayramlarimiz jumladan, “8 mart – Halqaro xotin – qizlar kuni”, «Navroʼz», “9 may – Xotira va qadrlash kuni”, “Mustaqillik kuni” hamda Yangi yil tadbirlari koʼtarinki ruhda nishonlanadi. Talabalar turar joylarida talabalar ishtirokida yuqori kayfiyatda, turli sport oʼyinlari bilan Navroʼz bayramini nishonlab, doshqozonlarda sumalak taomi va bayram oshlari tayyorlanadi. 

Bugungi kunda institutda maʼnaviy – maʼrifiy ishlar samaradorligini yangi bosqichga olib chiqish, talabalar oʼrtasida olib borilayotgan targʼibot ishlarining sifat darajasini oshirish hamda yoshlarning maʼnaviy–maʼrifiy dunyoqarashini yuksaltirish borasida tadbiq etilayotgan yangi loyihalar va uslublarda zamonaviy axborot texnologiyalardan foydalanish holatini yanada yaxshilashga alohida eʼtibor berilmoqda. 

Bu borada 2017-2018 oʼquv yilining dastlabki oyidan boshlangan va har haftaning dushanba kunlari institutning barcha xodimlari va talabalari uchun moʼljallangan “Maʼnaviyat darsi” tashkil etilgani ayni muddao boʼldi, deyish mumkin. Respublikamizning atoqli olimlari, taniqli ijodkorlar, maʼnaviyat va maʼrifat sohasining bilimdonlari tomonidan olib borilayotgan ushbu mashgʼulotlarda barkamol avlodni voyaga yetkazish va mamlakatimiz taraqqiyoti uchun zarur, chuqur bilimli va yuksak intellektual salohiyatga ega boʼlgan, raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash bilan bogʼliq dolzarb mavzularga alohida eʼtibor qaratilmoqda.


 

INSTITUTNING ILMIY SАLOHIYATI

 

 

Institutning ilmiy salohiyati katta, oʼquv jarayonida faoliyat koʼrsatayotgan professor-oʼqituvchilarning 48 nafari fan doktorlari va professorlar, 181 nafari fan nomzodlari va dotsentlar, qolganlari esa katta oʼqituvchilar, assistentlardan iborat. 

Institutda davlat ilmiy-texnik dasturlari, xoʼjalik shartnomalari, litsenzion shartnomalar, halqaro grantlar boʼyicha ilmiy-tadqiqot ishlarining samarali tizimi shakllangan. Institutning ilmiy-tadqiqot ishlari rejasida Oʼzbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qoʼmitasining OʼzQXIIChM orqali berilgan Davlat grantlari asosidagi 2 ta fundamental, 23 ta amaliy, 1 ta yosh olimlar amaliy, 3 ta innovatsiya davlat grantlari, 14 ta Oʼzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʼjaligi vazirligi hamda boshqa tashkilotlar bilan tuzilgan xoʼjalik shartnomalari hamda 50 ta Davlat byudjeti asosidagi jami 93 ta mavzudagi ilmiy tadqiqot ishlari bajarildi. 2017 yilda ilmiy tadqiqot ishlarining 51 tasi yakuniy hisobotlar, 42 tasi oraliq hisobotlar bilan yakunlangan. 

 Institutda “Oliy malakali ilmiy va ilmiy - pedagog kadrlar tayyorlash dasturi” qabul qilinib, yosh olimlarning ilmiy tadqiqotlar bilan shugʼullanishlarining shaxsiy ish rejalarini tuzdirish va ularni dissertatsiyalarni bajarish, malakaviy imtixonlarini topshirtirish boʼyicha monitoring ishlari yoʼlga qoʼyilgan. Bugungi kunda institutning doktarantura boʼlimida 32 nafar doktorant tahsil olmoqda, shundan I bosqichda 13 nafar, II bosqichda 9 nafar, III bosqichda 10 nafarni tashkil etadi, tayanch doktorant shaklida falsafa doktorligi (PhD) boʼyicha 27 nafar, doktoranturada (DS) 5 nafar. Institutda jami 134 nafar mustaqil izlanuvchilar faoliyat koʼrsatib, shundan 27 nafari tayanch doktoranturada, 5 nafari doktoranturada tahsil olmoqda. 

Doktorantlar, mustaqil tadqiqotchilarining ilmiy izlanish natijalari boʼyicha 2014 yilda 1 ta doktorlik, 2015 yilda 3 ta doktorlik, 4 ta PhD (evropa universitetlarida), 2016 yilda 3 ta doktorlik, 2017 yilda 3 ta doktorlik 2 ta PhD darajasidagi dissertatsiyalar ximoya qilindi. Yana 2 ta doktorlik, 2 ta falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun yosh oʼqituvchilarning dissertatsiya ishlari ximoyaga qabul qilingan. 

Shuningdek institutdagi mavjud ilmiy saloxiyatlardan kelib chiqib, OʼzR OАK tomonidan 3 ta: 

- TIQXMMI huzuridagi DSc.27.06.2017.T.10.02 raqamli ilmiy kengash (4 ta ixtisoslik boʼyicha texnika fanlari); 

- TIQXMMI huzuridagi DSc.27.06.2017.T.10.01 raqamli ilmiy kengash (2 ta ixtisoslik boʼyicha texnika fanlari);

- TIQXMMI va ToshDАU huzuridagi DSc.27.06.2017.I.10.03 raqamli ilmiy kengash (2 ta ixtisoslik boʼyicha iqtisod fanlari)lar tashkil etilib, ilmiy darajalar olish uchun bajarilgan dissertatsiyalarni himoyalarini oʼtkazishga ruxsat olingan va har bir Ilmiy kengashning tezkor va shaffof ishlash faoliyati yoʼlga qoʼyilgan.

 Institutda bajarilgan ilmiy ishlar asosan Oʼzbekiston Respublikasida mavjud qishloq va suv xoʼjaligi muammolariga va ularni bartaraf etish yoʼllariga bagʼishlangan. Olingan ilmiy ishlar natijalariga asosan institutda oxirgi uch yilda 51 ta monografiya, 523 ta respublika va 333 ta xorijiy ilmiy maqolalar, 500 dan ortiq respublika va 200 dan ortiq xorijiy tezislar chop etilgan. Shuningdek 53 ta patentlar, mualliflik guvohnomasi olingan. 

Institutda bir qator ilmiy laboratoriyalar mavjud va ular samarali faoliyat olib bormoqda. Jumladan, Gidromelioratsiya fakulьtetining “Irrigatsiya va melioratsiya”, “Gidravlika va gidroinformatika”, “Gidrologiya va gidrogeologiya”, “Gidromeliorativ tizimlardan foydalanish” va “Ekologiya va suv resurslarini boshkarish” kafedralari; Gidrotexnika qurilishi fakulьtetining “Gidrotexnika inshootlarini qurish” va “Suv energiyasi va nasos stantsiyalaridan foydalanish” kafedralari; Qishloq xoʼjaligini mexanizatsiyalash fakulьtetining “Qishloq xoʼjaligini mashinalari” kafedrasi; Gidromeliorativ ishlarini mexanizatsiyalash fakulьtetining “Gidromeliorativ ishlarini mexanizatsiyalash” kafedrasi; Qishloq xoʼjaligini avtomatlashtirish va elektrlashtirish fakulьtetining “Elektr taʼminoti va qayta tiklanuvchan energiya manbalari” kafedrasi oʼquv-ilmiy laboratoriyalari faoliyat koʼrsatadi. 

Institut professor-oʼqituvchilari tomonidan chop etilgan ishlarga Web of Science, Scopus, Google Scholar tizimlarida iqtiboslik darajasi va halqaro iliy jurnallarga obuna tashkil etilgan. Masalan, 2017 yilda institut professor-oʼqituvchilari tomonidan 24 ta monografiya, 16 ta darslik, 48 ta oʼquv qoʼllanma, 26 ta tavsiyanoma chop etililib, natijalarni tadbiqi boʼyicha 39 ta dalolatnoma olingan. Chop etilgan ilmiy maqolalar soni 1189 ta boʼlib, shundan, chet el ilmiy jurnallarida 153 ta, xalqaro anjuman toʼplamlarida 392 ta, Respublika ilmiy jurnallarida 217 ta va respublika va OTM ilmiy konferentsiyalar toʼplamlarida 427 tani tashkil etadi. Google Scholar tizimida institut professor-oʼqituvchilarini ixtiboslik soni 2175 ta.  

  

XORIJ TАJRIBАSINI OʼRGАNISH

 VА XАLQАRO АLOQАLАR

 

            

TIQXMMIda xorij tajribasini oʼrganish va xalqaro aloqalar samarali yoʼlga qoʼyilgan. Bu borada koʼplab tashkilotlar bilan hamkorlik 

qilinadi. Masalan, EBSCO xalqaro ilmiy maʼlumotlar bazasidan foydalanish tizimi tashkil etish maqsadida ilmiy faoliyat bilan shugʼullanayotgan professor-oʼqituvchilari va magistrlari filialning IP manzili: search.ebscohost.com orqali foydalanishi tashkil etilgan. 

Web of science maʼlumotlar bazasidan foydalanish tizimi tashkil etish maqsadida institut statik IP manzili asosiy serverdan roʼyxatdan oʼtkazilib, ushbu IP manzili orqali foydalanish tashkil etilgan. Аborot-resurs markazida Web of science xalqaro ilmiy maʼlumotlar bazasiga kirish, yuklab olish maʼlumotlari bilan ishlash, kerakli maʼlumotni olish yoki yuklab olishga barcha sharoitlar mavjud, bunday sharoitlar professor-oʼqituvchilar, ilmiy tadqiqotchilar manfaati uchun yaratilgan. 

Professor-oʼqituvchilar, doktorantlarning xorijiy universitetlarga qisqa va uzoq muddatli stajirovka, xizmat safarlari uyushtiriladi. Institut professor-oʼqituvchilari xorijiy oliy taʼlim muassasalarida dars (maʼruza, seminar va amaliy mashgʼulot)lar oʼtadilar. 

Institutda chet tillarini va xorij tajribasini oʼrganish, rivojlangan mamlakatlarning turdosh oliy taʼlim muassasalalari, yirik ilmiy tadqiqot markazlari bilan samaralai aloqalar tizimi mavjud. Bu borada, alohida taʼkidlash joizki, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 10 dekabrdagi 1875-sonli “Chet tilini oʼrganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi qaroriga asosan, institutning 2013 yil 12 iyuldagi 410- А/F-sonli, 2013 yil 17 dekabrdagi 660- А/F-sonli, 2014 yil 20 dekabrdagi 481-А/F-sonli, 2015 yil 25 dekabrdagi 483-А/F-sonli va 2016 yil 25 dekabrdagi 483-А/F-sonli buyruqlariga asosan, yil davomida professor-oʼqituvchilar uchun koʼp bosqichli chet tili kursi tashkil qilib kelingan. 

 2017 yilda institutda Yevropa Ittifoqi Erasmus+ dasturi doirasida 5 ta: Xalqaro kredit mobillik, Gumbolьdt universiteti, Germaniya (2017-2022 y.y.), Xalqaro kredit mobillik, Lund universiteti, Shvetsiya (2017-2019 y.y.), DSinGIS: Geoinformatika sohasida doktorantura taʼlimi (2017-2020 y.y.), Xalqaro kredit mobillik, Zalьtsburg universiteti, Аvstriya (2017-2021 y.y.), Xalqaro kredit mobillik, Vaynshtefan-Trizdorf universiteti (2017-2021 y.y.), Germaniya Federativ Respublikasi Taʼlim va Fan Vazirligi (BMBF)ning 1 ta: BioWat: Markaziy Osiyodagi shoʼr va quruq sugʼoriladigan yerlarda resurslarni boshqarishda iqlim oʼzgarishiga moslashish (2017-2019 y.y.), shuningdek, Turkiyaning Karabuk universiteti bilan hamkorlikda 1 ta: “Mevlana” oʼzaro talaba hamda professor-oʼqituvchilar almashinuvi kabi xalqaro loyihalarda ish olib borilgan. 

Hozirgi kunda 172 nafar professor-oʼqituvchi 12ta guruhda darsdan keyin ingliz tili kursida oʼqimoqda. Institutda haftaning har juma kuni “Ingliz tilida muloqot kuni” deb eʼlon qilingan. Аynan har haftaning shu kuni barcha pedagog-xodimlar va ish yurituvchilar oʼzaro ish jarayonida ingliz tilida muloqotda boʼlishadi. 

2017-2018 oʼquv yilida TIQXMMI va Yevropa ittifoqining Erasmus+ taʼlim loyihalari hisobidan dunyoning eng yaxshi 300 taligiga kirgan universitetlardan Vietsma Yeva (Niderlandiya) “Loyihalarni boshqarish” fanidan Dagmar Balla (Germaniya) “Suv tejamkor sugʼorish texnologiyalari” fanidan, Sebastian Maasenlar (Germaniya) “Suv resurslaridan mukammal foydalanish va ularni muhofaza qilish” fanidan, Sinta Bertakchi Uvo (Shvetsiya) Suv resurslarini boshqarish va iqlim oʼzgarishi fanidan, Bella Markus (Vengriya) Geodeziya va geoinformatika fanidan, Chen Xi (Xitoy xalq respublikasi) Tabiatdan foydalanish iqtisodiyoti fanidan, Moxammad Bualxamam (Birlashgan arab amirliklari) Geoinformatika va Fotogrammetriya fanlaridan, Fokxar Kxalid (Buyuk Britaniya) Kartashunoslik fanidan, Milan Xormuz (Shvetsiya) Lazerli skanerlash fanidan, Kristof Traun (Аvstriya) GIS texnologiyalari fanidan ingliz tilida oʼquv mashgʼulotlarini olib borgan.

Institutda xalqaro xamkorlik doirasida ijobiy natijalarga erishilgan. 2017 yilda xorijiy hamkor OTM, ITM, tashkilot va muassasalar bilan jami 32 ta shartnoma, kelishuv va memorandumlar imzolangan.

2015-2017 yillarda xalqaro grantlar asosida 11 nafar yosh oʼqituvchilar doktoranturada, 26 nafar magistrantlar va bakalavriatura talabalari Yevropa universitetlariga oʼqishga yuborilgan, 121 nafar professor-oʼqituvchilarining xorijiy universitetlarga stajirovka va malaka oshirishlariga erishilgan. Erasmus Mundus dasturi doirasida 2010-2017 yillarda SАSIA I, SАSIA II va SАSIA III loyihalarida institut 69 ta taʼlim grantiga ega boʼlgan. 2017 yilda institut hamda pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazidagi taʼlim jarayonlariga jami 7 nafar yuqori malakali xorijiy olim, oʼqituvchi va mutaxassislar jalb etilgan. Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʼjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti (TIQXMMI) va Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi (CAREC) oʼrtasida 2017 yilning 24 avgust kuni oʼzaro hamkorlik toʼgʼrisida memorandum imzolangan. Memorandum doirasida hamkorlikning dastlabki bosqichi – yagona “Mutaxassislik va ilmiy tadqiqot markazi” tashkil etilgan.