Tabiiy resurslarni barqaror boshqarish uchun raqamli texnologiyalar klasteri (EkoGIS markazi)

EkoGIS markazi 2003-yil 30-mayda Vageningen universiteti, TIQXMMI, O‘zbekiston Respublikasi qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, SIMMUT, YUNESKO bilan qo‘shma shartnoma asosida TIQXMMIning “Muhandislik ekologiyasi” kafedrasi negizida tashkil etilgan.

EkoGIS markazining vazifasi ekologik va iqtisodiy - ijtimoiy taraqqiyotga geografik axborot tizimlari yordamida hissa qo‘shishdir. EkoGIS markazining asosiy vazifasi - chet el oliy o‘quv yurtlari bilan birgalikda ikki tomonlama magistrlik dasturlarini faol qo‘llash, qo‘shma doktorantura, mutaxassislarni malakasini oshirish hamda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va barqaror tabiiy resurslarni boshqarish masalalari bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazishda geografik axborot tizimlari va masofadan zondlash texnologiyalaridan keng foydalanish.

EkoGIS markazining ustuvor ilmiy yo‘nalishlari:

1.    Yerdan foydalanish va yer resurslarining degradatsiyasini geografik axborot tizimlari va masofadan obyektlarni o‘rganish orqali baholash.

2.    Cug‘oriladigan yerlarda resurs tejamkor texnologiyalarni rivojlantirish (texnologiya, texnik, ekologik, iqtisodiy va innovatsion xususiyatlari).

3.    Iqlim o‘zgarishini qishloq xo‘jaligining rivojlanishiga ta’sirini o‘rganish.

4.    Hududlarda ekotizim xizmatlari va yer resurslarini barqaror boshqarishning tahlili.

5.    Geografik axborot tizimlari va masofadan obyektlarni o‘rganish yordamida yerdan foydalanish klassifikatsiya usullarini takomillashtirish.

6.    Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz qishlok xo‘jaligi universitetlararo hamda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorligini ilmiy tadqiqot va ta’lim tizimi innovatsion usullarni tadbiq kilish. 

EkoGIS markazi o‘z rivojlanish bosqichlarida Yevropa Ittifoqinig TEMPUS dasturi doirasida DESPES (2002-2005), EWASIA (2003-2006), TEAM (2004-2007) loyihalari hamda Erasmus Mundus dasturi loyihasi doirasida CASIA I (2010-2014), CASIA II (2011-2016), CASIA III (2012-2017), TEMUR (2013-2018), Erasmus + (2017-2022) dasturlari muhim o‘rin egalladi.

Hozirgi kunda EkoGIS markazi Yevropa Ittifoqining 15 etakchi ixtisoslashgan oliy o‘quv yurtlari, 8 ta Amerika universitetlari, Xitoy Xalq Respublikasining 4 ta universiteti va Rossiya, Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazdagi boshqa universitetlar bilan faol hamkorlik qilmoqda. EkoGIS markazi keng xalqaro hamkorlikka ega va bugungi kunda 12 dan ortiq xalqaro loyihalar va dasturlarda ishtirok etmoqda.

Bugungi kunga kelib markaz chet el universitetlari bilan hamkorlikning turli shakllari bo‘yicha (Vageningen universiteti - Gollandiya, Bonn universiteti - Germaniya va Vayenshtefan universiteti - Germaniya) asosida 194 nafar magistrlar tayyorlandi. Shu jumladan,  rus va o‘zbek tillarida atrof muhitni muhofaza qilish mutaxassisligi bo‘yicha 92 nafar magistrlar (qishloq va suv xo‘jaligi) muvaffaqiyatli tamomladi.

TIQXMMI va Vageningen universiteti o‘rtasida ikki tomonlama diplom dasturi uchun EkoGIS markazi negizida atrof muhitni muhofaza qilish bo‘yicha uchta mutaxassislik bo‘yicha 44 nafar magistr ingliz tilida o‘qitildi. Muvaffaqiyatli tayyorgarlik natijasida 12 nafar magistrant TIQXMMI va Vageningen universitetining magistr darajasidagi diplomlarini oldilar. Bundan tashqari, ikki tomonlama rahbarlik va O‘zbekistonda atrof-muhit masalalari va geografik axborot tizimlari bo‘yicha tadqiqotlar olib borishdi 8 nafar talabalar  birgalikdagi mashg‘ulotlar doirasida Vagenigen universiteti magistratura diplomlarini oldilar. Vageningen universiteti qoshidagi 34 nafar chet ellik talabalar EkoGIS markazi hamkorligida o‘zlarining ixtisoslashgan amaliyotlarini, kurslarini va dissertatsiya tadqiqotlarini o‘tkazdilar.

EkoGIS markazi magistrantlari, bitiruvchilari, xodimlari va loyiha ishtirokchilari Gollandiya, Germaniya, Shvesiya, Slovakiya, Yaponiya, Italiya, Avstriya kabi etakchi oliy o‘quv yurtlarida o‘z tadqiqot ishlarini olib bormoqdalar, ulardan 20 nafari PhD doktor, 5 nafari O‘zbekistonda fan nomzodi darajasini oldilar. Hozirgi vaqtda 8 nafar  PhD doktorantlar  o‘z tadqiqotlarini  Gollandiya, Germaniya, Slovakiya va Chexiya Respublikasining etakchi universitetlarida davom ettirmoqda.

EkoGIS xorijiy hamkorlar bilan yaqin hamkorlikda va Atrof muhit muhofaza qilish va ekologiya davlat qo‘mitasi bilan birgalikda 2500 dan ortiq mutaxassislarni, atrof-muhit masalalari va atrof-muhitni muhofaza qilish bilan shug‘ullanadigan universitet va kollej o‘qituvchilarining malaka va ko‘nikmalarini oshirdi.

Markazda shu bilan birgalikda paxta va bug‘doyni ekishda sug‘oriladigan yerlarni  tuproqni himoya qilish, resurslarni tejamkor texnologiyalarning ta’sirini o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Ushbu texnologiya Toshkent, Sirdaryo va Xorazm viloyatlarida sinovdan o‘tkazilib, Toshkent viloyatida ushbu texnologiyadan 652 gektar maydonda foydalanilmoqda. Hozirgacha markaz tomonidan ushbu texnologiyani targ‘ib qilish uchun 256 nafar fermer, mutaxassislar va tadqiqotchilar uchun treninglar o‘tkazildi. 137 ta fermer xo‘jaligining maydonlarida mazkur texnologiya joriy etilgan.

Vageningen universiteti va EkoGIS TIQXMMI universiteti olimlari o‘simlik indekslari asosida sho‘rlanish va tuproq degradasiyasini baholash metodologiyasini ishlab chiqdi. Birinchilardan bo‘lib Sirdaryo viloyatining misolida o‘simliklarning kosmik termografiyasi usuli yordamida tuproq sho‘rligini baholash usuli qo‘llanildi. Hozirgi vaqtda avstraliyalik olimlarning qiziqishlariga ko‘ra, Avstraliyada paxta va g‘alla ostidagi sug‘oriladigan va lalmi maydonlarida tadqiqotlar olib borilmoqda.

Magistrant va doktorant talabalar LANDSAT (AQSH) va SENTINEL (YEI) sun’iy yo‘ldoshlari yordamida Toshkent viloyatidagi ekin va o‘rmon maydonlaridan foydalanish va inventarizatsiya qilishning aniqligini yaxshilash bo‘yicha tadqiqotlarni olib bormoqdalar. "O‘zbekistonda SPOT  (YEI) ning sun’iy yo‘ldosh o‘simliklari ma’lumotlari yordamida bug‘doy hosilini prognozlash tizimi" mavzusida tadqiqotlar o‘tkazildi. Tadqiqot davomida O‘zbekistonning qurg‘oqchil maydonlarida bug‘doy hosilini oldindan aniqlash uchun Yevropa CGMS  modeli ishlatilgan. O‘zbekistondagi barcha hududlar uchun bug‘doy hosilining prognoz qilingan va statistik ma’lumotlari o‘rtasidagi korrelyasiya koeffitsiyenti 0,92 ni tashkil qildi.

Lund Universiteti (Shvetsiya) olimlari bilan birgalikda iqlim o‘zgarishlarining hasharot populyatsiyasiga ta’siri (masalan, Kolorad  qo‘ng‘izi) va ularning Yevropa Ittifoqining janubidan  shimolga  harakatlarini baholash uchun model ishlab chiqildi.

FAOning o‘rmon massivlarini baholash loyihasi doirasida EkoGIS markazining olimlari Google Earth, Bing Maps va Google Earth Engine imkoniyatlarini o‘zida mujassamlashtirgan Collect Earth tizimini joriy etishda qatnashdilar.

EkoGIS markazi olimlarining ilmiy-tadqiqot natijalari yuqori reytingli xalqaro jurnallarda, shular jumlasida Global Change Biology, Climate Research, Agricultural and Forest Meteorology, Ecosystems & Environment, Biosystems Engineering, Biogeosciences  Discussion, Science of the Total Environment, Geoderma, Sensors, Remote Sensing of Environment, Agricultural Water Management va boshqalarda chop etilmoqda.

EkoGIS markazi “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetining xalqaro reytinglarda ko‘rsatkichlarini yildan yilga oshib borishida o‘z hissasini qo‘shmoqda. Universitetimiz Global Qishloq xo‘jaligi ta’limi va fanlari konsorsiumining (GCHERA) tashkil etilganidan buyon uning faol a’zosi hisoblanadi.

2010-yil 12-13 iyul kunlari Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz mamlakatlarini rivojlantirish bo‘yicha qishloq xo‘jaligi universitetlari konsorsiumining (KASKAD) tarixiy ta’sis yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Shu kuni Armaniston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistondagi 8 ta oliy o‘quv yurtimiz vakillari bir ovozdan konsorsiumni tuzish va nizomni ma’qulladilar, biz shu kungacha uning tarkibida ishlayapmiz. Konsorsiumning asosiy maqsadi barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash uchun Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz mamlakatlarida oliy ta’lim, ilmiy tadqiqot va innovatsiyalarni rivojlantirishdan iborat. Ayni paytda KASKAD konsorsiumiga Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazdagi 20 ta oliy o‘quv yurtlari kiradi.

2019-yilning 26 sentabrda Polshadagi Poznan qishloq xo‘jalik universitetida TIQXMMI o‘zbek oliy ta’lim muassasalari orasida birinchilardan bo‘lib Xitoy Xalq Respublikasining Shimoli-g‘arbiy qishloq va o‘rmon xo‘jaligi universiteti (SHG‘QO‘XU) raisligidagi Ipak yo‘li qishloq xo‘jaligi ta’limi va ilmiy innovatsiyalar Alyansiga a’zo bo‘lgandi.

2019-yil 31-oktyabr kuni Pekin shahrida GIS dasturiy mahsulotlari va texnologiyalari Xalqaro konferensiyasi (GTC 2019 – GIS Software Technology Conference) doirasida SuperMap International kompaniyasi Geografik axborotlar jamiyati Xitoy Assotsiatsiyasi va Xitoy Fanlar Akademiyasi bilan hamkorlikda Xalqaro forum tashkil etdi. GIS dasturi mahsulotlari bo‘yicha 3-o‘rinni, Osiyoda bozorida 1-o‘rinni egallagan Xitoy Xalq Respublikasining xalqaro kompaniyasi SuperMap bilan TIQXMMI va  Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz mamlakatlarining rivojlantirish bo‘yicha KASKAD konsorsium orasida anglashuv memorandumi imzolandi.

2020 – 2021 o‘quv yilida EkoGIS markazi tashabbusi bilan Iqtisodiyot va Menejment bo‘yicha KASKAD xalqaro maktabi Ozarbayjon, Armaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistondan 15ta nufuzli universitetlar hamkorligida tashkil etilib, o‘z faoliyatini ochilish marosimidan boshladi. Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash instituti KASKAD raisligida ushbu ta’lim dasturini boshlab berdi. Institutimiz Germaniya olimlari bilan hamkorlikda ishlab chiqgan “Raqamli iqtisodiyot” fanini xalqaro maktab tinglovchilariga taqdim etdi. 2020 yil KASKAD konsorsiumining 10-yillik yubileyi arafasida Iqtisodiyot va Menejment bo‘yicha KASKAD xalqaro maktabi tashkil etildi. Ushbu maktabda 350 ta xorijiy talabalar va 50 professor-o‘qituvchilar jalb etildi.

2020-yil 10-11-dekabr kunlari Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz mamlakatlarini rivojlantirish bo‘yicha qishloq xo‘jalik universitetlari konsorsiumining 10-yilligiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazildi. Konsorsium o‘z faoliyati davrida Ozarbayjon, Armaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistonning 15 dan ortiq oliy ta’lim muasssasalarini o‘zida birlashtirib, fan-ta’lim-innovatsiyalar borasida universitetlararo integratsiyani o‘zida mujassamlashtirgan. Konsorsiumning 10-yilligiga bag‘ishlangan CASCADE 2020 «Markaziy Osiyo va Kavkazda qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirish» birinchi xalqaro ilmiy-amaliy anjumani EkoGIS markazi bazasida o‘z ishini onlayn shaklda boshladi. Anjumanning asosiy maqsadi O‘rta Osiyo va Janubiy Kavkaz mamlakatlarining qishloq xo‘jaligi sohasida ta’lim, ilmiy va innovatsion hamkorlikni kuchaytirishdan iborat bo‘lib, o‘zining 1000dan ortiq olimlarini birgalikda hamkorlik qilishlari uchun yangi muloqot platformasini tashkil etdi. Tadbirning ochilishida 20 dan ortiq mamlakatlarning (Armaniston, Avstriya, Ozarbayjon, Xitoy, Kosta-Rika, Gruziya, Gana, Hindiston, Italiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Janubiy Koreya, Aqsh, Portugaliya, Fransiya, Tojikiston, Turkmaniston, Ukraina, O‘zbekiston) olimlari, professor o‘qituvchilari, doktorantlari ishtirok etishdi. Jumladan, Niderlandiyaning Vageningen universityeti professori, Nobel mukofotining laureati Rik Leemans global atrof-muhitni o‘zgarishi va ma’lumotlar bazasidan samarali foydalanish yo‘llari bo‘yicha qiziqarli ma’ruza qildi.

2020-yil 30-dekabr kuni Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida “Tabiiy resurslarni barqaror boshqarish uchun raqamli texnologiyalar klasteri” AKFA Group kompaniyasi homiyligida tashkil etildi. EkoGIS markazi ushbu klaster tarkibiga kirdi. Klasterning maqsadi masofadan zondlashning zamonaviy usullari va geografik axborot tizimlardan foydalangan holda qishloq, suv va o‘rmon xo‘jaligi, yerdan foydalanish, geodeziya va kartografiya, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishini baholash bo‘yicha situatsion (vaziyatli) jarayonlarni kuzatish, nazorat qilish bo‘yicha tadqiqotlar amalga oshirishdan iborat.

Institutda Yevropaning nufuzli universitetlari bilan hamkorligi doirasida ko‘pgina professor-o‘qituvchilar, doktorant va magistrantlarimiz o‘tgan 15-yil davomida  ushbu qishloq va suv xo‘jaligi sohasida masofadan zondlash, geografik axborot tizimlardan foydalanish bo‘yicha yangi bilim va ko‘nikmalarni o‘zlashtirishlariga, ularni amaliyotda qo‘llashga erishdilar.

2021-yil 30-aprel kuni Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti (TIQXMMI) va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi (Uzbekosmos)  bilan shartnoma imzolandi. Shuningdek, TIQXMMIda birinchi bo‘lib Uzbekkosmos agentligi hamkorligida qo‘shma Fakultet yaratish rejalashtirilgan. 2021-yil 7-may kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti o‘rtasida hamkorlikda bajariladigan ilmiy tadqiqotlar hamda oliy malakali va ilmiy-pedagogik xodimlar tayyorlash to‘g‘risida shartnoma imzolandi.

2021-yil 8-iyun kuni Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti (TIQXMMI) va Xitoyning sanoat korporatsiyasi Great Wall Industry (CGWIC) tomonidan global sun’iy yo‘ldosh navigatsiya tizimlari va kosmik tadqiqotlar bo‘yicha onlayn II xalqaro forum o‘tkazildi. Ushbu uchrashuvda O‘zbekistonda,  Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz mamlakatlarida BeiDou global navigatsion sun’iy yo‘ldosh tizimlarini va masofadan zondlash rivojlantirish hamda ushbu sohada o‘qitish masalalari muhokama qilindi.  Shuningdek,  Markaziy Osiyoda birinchi marta TIQXMMI bazasida BeyDou/GNSS markazini yaratish bo‘yicha PQ-42 kiritilgan.

2022-yil 18-20 aprel kunlari Azia Xab va KASKAD qo‘shma yillik anjumani bo‘lib o‘tdi. Tadbirning asosiy maqsadi xalqaro sheriklik, hamkorlik va bilim almashish orqali suv-yenergiya-oziq-ovqat neksusida (integratsiyasida) paydo bo‘layotgan muammolarni iqlim o‘zgarishi sharoitida hal qilishdir. Ushbu yig‘ilishda Azia Xab va KASKAD konsorsiumiga kirgan hamkor universitetlar ishtirok etdi. Tadbirda 19 davlatlardan 45 dan ortiq oliy ta’lim muassasalari va xalqaro tashkilotlar ishtirok etdi. Tadbir davomida jami 135 kishidan ziyod ishtirokchilar faol qatnashib, 40 dan ortiq taqdimot va nutqlar bilan chiqdilar. Ochilish marosimida Xitoy Xalq Respublikasining Nankin qishloq xo‘jaligi universiteti prezidenti, professor Fadi Chen, Taylandning Qirol Mongkuta nomidagi texnologiya universiteti prezidenti, professor Tia Suvit va “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti rektori, KASKAD konsorsiumi raisi, professor Baxodir Mirzayev so‘zga chiqdilar. Uch kun davom etgan anjumanda Azia Xab hamkorlari tomonidan erishilgan yutuqlar, Future Earth NEXUS KAN loyihasi doirasida hamkorlikni o‘rnatish, kelajakdagi tadqiqotlarning ustuvor yo‘nalishlari, moliyalashtirish imkoniyatlari hamda tarmog‘ning kelajak rejalari haqida muhokama qilindi.

Anjuman yakuniy qismida professor Chiaguo Chi quyidagi natijalarni ta’kidlab o‘tdi:

1.       Future Earth, NEXUS, MAIRS-Future Earth, CASCADE, CESRA, CORDEX xalqaro tashkilotlari bilan hamkorlik kuchaytirildi;

2.       Yangi tadqiqot tashabbuslari kiritildi, jumladan hamkorlikdagi tadqiqotlarni o‘rnatish, qo‘shma ta’lim dasturlarini tashkil etish.