Imtiyozlar
OTMga
o‘qishga kirishda kimlarga imtiyoz berilgan?
1. Zulfiya nomidagi Davlat
mukofoti laureatlari
Prezidentning 1999 yil 10
iyundagi [PF-2326-son] farmoni bilan Zulfiya
nomidagi Davlat mukofoti ta’lim, fan, adabiyot, madaniyat, san’at, sport
va jamoatchilik faoliyatida alohida yutuqlarga erishgan o‘n to‘rt yoshga
to‘lgan va o‘ttiz yoshdan oshmagan iqtidorli qizlarga beriladi.
Zulfiya nomidagi Davlat
mukofoti laureatlari bo‘lgan o‘quvchilar OTMlarning bakalavriatiga, bakalavriat
talabalari esa magistraturasiga tegishli yo‘nalish va ixtisoslik bo‘yicha
kirish sinovlarisiz davlat grantlari asosida qabul qilinadi.
2. Tavsiyanomaga ega harbiy
xizmatchilar
Mudofaa, Ichki ishlar,
Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, DXX va Milliy gvardiya rahbarlarining
birgalikdagi [3215] qarori asosida 2020 yil
31 yanvarda harbiy xizmatchilarga tavsiyanoma berish tartibi tasdiqlangan.
РекламаUnga ko‘ra, tavsiyanomalar
O‘zbekiston Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan,
jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik bo‘yicha yuksak natijalarga
erishgan, zaruriy bilim saviyasiga ega, namunali harbiy intizomini namoyon
etgan eng munosib harbiy xizmatchilarga beriladi.
Tavsiyanomaga ega
abituriyentlar quyidagilarga ega bo‘ladi:
·
respublikaning oliy harbiy ta’lim
muassasalaridagi tegishli ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga kirishda test
sinovlari natijalariga ko‘ra o‘zlari to‘plagan ballarining 50 foizi
miqdorida qo‘shimcha ball shaklidagi imtiyozga;
respublikaning oliy
ta’lim muassasalari (oliy harbiy ta’lim muassasalari bundan mustasno)
bakalavriatiga o‘qishga kirish uchun OTMga qabul parametrlaridan
tashqari ajratiladigan alohida qabul ko‘rsatkichlari doirasida tanlovda
ishtirok etish huquqiga.
3. Qurolli Kuchlar harbiy
xizmatchilarining farzandlari
Vazirlar Mahkamasining 2018
yil 22 iyundagi [462-son] qarori bilan Qurolli
Kuchlar harbiy xizmatchilarining farzandlariga ham ta’lim muassasalariga
kirishda imtiyoz taqdim etilgan.
Unga ko‘ra, Qurolli
Kuchlari harbiylari va uning tarkibiga kiruvchi vazirlik hamda
idoralarning xodimlari farzandlarining kvota asosida respublika oliy ta’lim
muassasalariga o‘qishga kirishi uchun tavsiyanomalar beriladi.
Tavsiyanoma quyidagilarga
beriladi:
·
Mamlakat
mudofaa qudratini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shgan, jangovar-xizmatda
va ilmiy faoliyatda muayyan natijalarga erishgan O‘zbekiston Respublikasi
Qurolli Kuchlari tarkibiga kiruvchi vazirliklar (idoralar)ning haqiqiy xizmatni
o‘tayotgan ofitserlariga, serjantlar va oddiy askarlar tarkibiga mansub
bo‘lgan kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarga va Milliy gvardiya
xodimlariga;
·
harbiy
xizmat majburiyatini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan, yaralangan, kontuziya,
shikastlanish yoki kasalliklar oqibatida nogironligi bo‘lgan shaxs bo‘lib
qolgan Qurolli Kuchlari tarkibiga kiruvchi vazirliklar va idoralarning
ofitserlari, serjantlar va oddiy askarlar tarkibiga mansub bo‘lgan
kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilari va Milliy gvardiya xodimlarining
farzandlariga beriladi.
4.
«Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti sohiblari
Prezidentning 2017 yil
21 noyabrdagi [PQ-3402-son]
qarori bilan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashining «Mard o‘g‘lon»
davlat mukofotini Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent
shahrining 2 nafardan vakillariga har yili «Yoshlar kuni» arafasida topshirish
haqidagi taklifi ma’qullansin.
«Mard o‘g‘lon» davlat
mukofoti o‘qishdagi muvaffaqiyatlari, ijtimoiy faolligi va iste’dodi bilan
tengdoshlariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan iqtidorli yigitlarga fan, ta’lim,
tibbiyot, madaniyat, adabiyot, san’at, sport, ishlab chiqarish, harbiy xizmat
sohalarida hamda huquqni muhofaza qilish organlaridagi faoliyatida erishgan
alohida yutuqlari uchun beriladi.
«Mard o‘g‘lon» davlat
mukofotiga talabgorlar O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Davlat mukofotlari
va geraldika bo‘yicha Komissiya tomonidan ko‘rib chiqiladi. Uning
natijalariga ko‘ra Komissiya tomonidan prezidentga takliflar kiritiladi. «Mard
o‘g‘lon» davlat mukofoti bilan taqdirlash prezident qarori bilan amalga
oshiriladi.
«Mard o‘g‘lon» davlat
mukofoti sohiblari bo‘lgan o‘quvchilar OTMlarning bakalavriat bosqichiga, oliy
o‘quv yurtlari talabalari yoki bakalavr darajasiga ega yoshlar esa magistratura
bosqichiga tegishli yo‘nalish bo‘yicha kirish imtihonlarisiz davlat
grantlari asosida qabul qilinadi.
5. Ichki ishlar organlari
xodimlarining farzandlari
Vazirlar Mahkamasining 2019
yil 6 maydagi [375-son] qarori bilan Ichki ishlar
organlari xodimlari farzandlarining davlat oliy ta’lim muassasalari hamda
Mudofaa vazirligi, IIV, Milliy gvardiyasi va Davlat bojxona qo‘mitasining
oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishi uchun tavsiyanoma
(taqdimnoma) berish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangan.
Ushbu nizom ichki ishlar
organlarining shahodatlangan xodimlari, terrorizm va jinoyatchilikka
qarshi kurashish hamda jamoat xavfsizligini ta’minlash chog‘ida halok bo‘lgan
yoki olgan jarohati tufayli nogiron bo‘lib qolgan xodimlarining farzandlariga
(vasiylikka olingan farzandlar bundan mustasno) nisbatan tatbiq etiladi.
Davlat OTMlarning
bakalavriatiga (ikkinchi
ta’limdan tashqari) o‘qishga kirishi uchun tavsiyanoma ichki
ishlar vazirining o‘rinbosari — Kadrlar bosh boshqarmasi boshlig‘ining
iltimosnomasiga asosan vazir tomonidan beriladi.
Bundan tashqari, huddi
shu tartibda vazir tomonidan Mudofaa vazirligi, IIV, Milliy
gvardiya va Davlat bojxona qo‘mitasining oliy (magistratura,
ikkinchi va oliy ta’limdan keyingi ta’limdan tashqari) va o‘rta
maxsus ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishi uchun taqdimnoma beriladi.
6. Harbiy qism
qo‘mondonligi va Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti tavsiyanomasiga
ega abituriyentlar
Vazirlar Mahkamasining 2017
yil 20 iyundagi [393-son] qarori bilan harbiy
xizmatchilar orasidan yuqori natijalarga erishgan, har bir harbiy
qismdan bittadan yosh harbiy xizmatchi harbiy qism qo‘mondonligi
(rahbariyati) va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti
tavsiyanomasiga muvofiq oliy ta’lim muassasalariga tasdiqlangan davlat
granti kvotalariga qo‘shimcha ravishda imtihonlarsiz qabul
qilinadi.
7.
O‘zbekiston yoshlar ittifoqining tavsiyanomasini qo‘lga kiritganlar
Vazirlar Mahkamasi 2017
yilning 14 noyabrida [914-son] sonli qaror bilan
O‘zbekiston yoshlar ittifoqining faol a’zolariga oliy ta’lim muassasalariga
kirishda imtiyozlar berish tartibini tasdiqlab bergan.
Hujjatga asosan
tavsiyanomalar O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tizimidagi sardorlarga,
boshlang‘ich tashkilotlardagi yo‘nalish yetakchilariga, ikki yillik mehnat
stajiga ega bo‘lgan fidoyi yoshlarga beriladi. Tavsiyanomalar Qoraqalpog‘iston,
viloyatlar va Toshkent shahrining bir nafardan (jami 14 nafar) yoshlariga
taqdim etiladi.
Tavsiyanomalarga ega
bo‘lgan yoshlar O‘zbekiston ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish
bo‘yicha davlat komissiyasi qaroriga asosan doimiy yashash joyidagi OTMlarning
pedagogika ta’lim yo‘nalishlariga tanlovdan tashqari test sinovlarisiz
va kasbiy (ijodiy) imtihonlarsiz davlat grantlari asosida qabul qilinadi.
8.
Xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlar va musobaqalar
g‘oliblari
Vazirlar Mahkamasining
2008 yil 13 oktabrdagi [226-son] qarori bilan xalqaro
va respublika olimpiadalari, tanlovlar, musobaqalar, nomdor stipendiyalar
g‘oliblari bo‘lgan bitiruvchilarga ham imtiyozlar berilgan.
Xalqaro va milliy
miqyosdagi tanlov va musobaqalar, respublika olimpiadalarining
g‘oliblariga berilgan guvohnomalar asosida test sinovisiz hamda qo‘shimcha
imtihonsiz (o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha) OTMlarning ta’lim yo‘nalishlariga qabul
qilinadi.
Prezident davlat
stipendiyasi sohibi bo‘lgan talabalar bakalavriatni tugatgandan so‘ng 2 yil
mobaynida, nomli davlat stipendiyalari sohibi bo‘lgan talabalar bakalavriatni
tugatganidan so‘ng 1 yil mobaynida tegishli mutaxassislik bo‘yicha
magistraturaga kirish imtihonlarisiz qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga
qabul qilinadi.
9. «Nihol» mukofoti
sovrindorlari
Vazirlar Mahkamasining 2006
yil 9 avgustdagi [169-son] qaroriga muvofiq, jami
beshta nominatsiya — estrada, musiqa, mumtoz qo‘shiq, opera ijrochiligi
va raqs san’ati bo‘yicha tanlovlar g‘oliblariga «Nihol» mukofoti beriladi.
«Zulfiya» nomidagi davlat mukofoti sovrindorlari tanlovda ishtirok etmaydi.
«Nihol» mukofotiga sazovor
bo‘lgan yoshlar madaniyat, san’at yo‘nalishidagi oliy va o‘rta maxsus o‘quv
yurtlariga imtiyozli ravishda qabul qilinadi (ansambl, jamoa sifatida ishtirok
etganlar bundan mustasno), mamlakatning atoqli san’atkorlaridan saboq olish
imkoniyatiga ega bo‘ladi.
10.
Badiiy akademiyaning tasviriy san’at bo‘yicha respublika tanlovi g‘oliblari
Prezidentning 2020 yil
21 apreldagi [PQ-4688-son]
qaroriga asosan badiiy akademiyaning tasviriy san’at bo‘yicha respublika
tanlovi g‘oliblariga oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirish uchun imtiyoz
beriladi.
11.
«Yilning eng yaxshi tarbiyachisi» respublika tanlovi g‘oliblari
Vazirlar Mahkamasining
2019 yil 7 iyundagi [468-son] qarori bilan «Yilning
eng yaxshi tarbiyachisi» respublika tanlovi g‘oliblariga davlat oliy ta’lim
muassasalariga o‘qishga imtihonsiz kirishda imtiyoz beriladi.
12. «Hamshira» respublika
tanlovi g‘oliblari
Vazirlar Mahkamasining 2017
yil 20 iyundagi [393-son] qaroriga ko‘ra, tibbiyot
muassasalari hamshiralarining «Hamshira» respublika tanlovi g‘oliblari oliy
ta’lim muassasalariga, mos ta’lim yo‘nalishlariga tanlovdan tashqari kirish
imtihonlari (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon, yozma imtihon)siz davlat
grantlari asosida qabul qilinadi.
13.
To‘liq davlat ta’minotidagi yetim bolalar
Prezidentning 2021 yil 9
avgustdagi [PQ-5216-son]
qarori asosida oliy ta’lim muassasalariga abituriyentlarni qabul qilishning
umumiy sonidan «Mehribonlik» uyi va Bolalar shaharchasining
bitiruvchilari, SOS — bolalar mahallalari va oilaviy bolalar uylari
bitiruvchilari, shuningdek, vasiylikka, homiylikka yoki oilaga tarbiyaga
olingan (patronat) yetim bolalar (yigirma besh yoshga to‘lmagan) chin yetimlar
uchun qo‘shimcha ravishda bir foizgacha davlat granti asosidagi qabul kvotalari
ajratiladi.
14.
Chet tilini bilish darajasi to‘g‘risidagi davlat namunasidagi V1 va undan
yuqori darajadagi malaka sertifikatga ega bo‘lgan abituriyentlar
Vazirlar Mahkamasining
2017 yil 20 iyundagi [393-son] qarori bilan Davlat
test markazi tomonidan beriladigan chet tilini bilish darajasi to‘g‘risidagi
davlat namunasidagi V1 va undan yuqori darajadagi malaka sertifikatga ega
bo‘lgan abituriyentlarga ushbu holatni tasdiqlovchi hujjatni qabul jarayonida
taqdim etganda oliy ta’lim muassasalari bakalavriatining kirish test sinovlari
fanlar majmuasiga chet tili fani kiritilgan yo‘nalishlarda mos chet tili
fanidan belgilangan maksimal ball beriladi va ular chet tili fanidan test
sinovi (kasbiy (ijodiy) imtihon) topshirmaydi.
15.
Xalqaro imtihon tizimlari sertifikatlariga ega abituriyentlar
Vazirlar Mahkamasining
2019 yil 7 iyundagi [468-son] qaroriga ko‘ra, ilg‘or
xalqaro imtihon tizimlari (TOEFL, IELTS, CEFR, SAT General, SAT Subject va
hokazo) sertifikatlariga ega bo‘lgan abituriyentlarga o‘qishga kirishda mazkur
fan doirasida testdan ozod etiladi va maksimal ball beriladi.
16.
Kollej yoki texnikumdagi mutaxassisligi bo‘yicha 5 yil ish stajiga ega
xotin-qizlar
Vazirlar Mahkamasining 9
iyundagi [322-sonli] qaroriga muvofiq, kollej yoki texnikum
diplomidagi mutaxassisligi bo‘yicha 5 yil ish stajiga ega xotin-qizlar
kontrakt asosida OTMga qabul qilinadi. Bunda tavsiyanomaga ega
abituriyentlar orasida alohida test o‘tkaziladi, ular orasidan yuqori ball
to‘plagan 500 nafarigina OTMga kira oladi.
17. Ehtiyojmand
xotin-qizlar uchun tavsiyanoma
Vazirlar Mahkamasining 2020
yil 23 iyundagi [402-son] qarori bilan Oila
va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi tavsiyanomasiga ega ehtiyojmand
oilalardagi xotin-qizlar uchun OTMga kirishda qo‘shimcha 4 foizli grant
ajratiladi.
18.
Iqtisodiyot tarmoqlarida kamida 5 yil ish stajiga ega abituriyentlar
Vazirlar Mahkamasining
2021 yil 4 noyabrdagi [675-son] qarori bilan kamida 5
yil ish stajiga ega fuqarolarga suhbat natijalariga ko‘ra
tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga kirishi uchun tavsiyanoma
beriladi.
19. Profilaktika
inspektorlari
Prezidentning 2021 yil 30
noyabrdagi [PQ-23-son] qaroriga muvofiq,
2022/2023 o‘quv yilidan ichki ishlar organlarida 3 yildan ortiq
ish stajiga ega bo‘lgan, kasbiga fidoyi, tashabbuskor profilaktika (katta)
inspektorlari quyidagi OTMga kirish imtihonlarisiz sirtqi ta’lim shakliga
o‘qishga qabul qilinadi:
·
Jamoat
xavfsizligi universitetiga;
·
Toshkent
davlat yuridik universitetiga;
·
yurisprudensiya
sohasida bakalavriat ta’lim yo‘nalishi mavjud bo‘lgan boshqa davlat OTMga
(Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Ichki ishlar vazirligi
Akademiyasi hamda Davlat bojxona qo‘mitasining Bojxona instituti bundan
mustasno).
Bunda profilaktika (katta)
inspektorlariga o‘qishga tavsiyanomalar berish uchun komissiya tashkil etilib,
nomzodlar test imtihonlaridan o‘tkaziladi.
Tavsiyanomalar OTM
o‘rtasida teng taqsimlanadi.
O‘qishga qabul qilish
to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi hamda kontrakt mablag‘lari respublika
budjeti mablag‘lari hisobidan to‘lab beriladi.
20. «Vatan tayanchi»
harakatining faol a’zolari
Prezidentning 2022 yil 2
martdagi [PQ-150-son] qarori asosida Mudofaa vazirligi huzurida
«Vatan tayanchi» bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakati,
maktablarda esa uning otryadlari tashkil etiladi. Unga ihtiyoriy ravishda a’zo
bo‘lgan 10−11-sinf o‘quvchilari orasidan bir nafariga OTMga o‘qishga kirish
uchun imtiyozli tavsiyanoma beriladi. Bunda uning harakat faoliyatidagi
ishtiroki va maktabdagi baholari inobatga olinadi.