Malakaviy imtihonlar
Malakaviy imtihonlarni qabul qiladigan muassasalarda muassasa rahbarining buyrugʼi bilan OАK bilan kelishilgan holda 2 yil muddatga malakaviy imtihonlarni qabul qilish komissiyasi tuziladi. Ixtisoslik boʼyicha komissiya ilmiy darajaga ega boʼlgan 5–7 nafar aʼzodan, jumladan tegishli fan tarmogʼi boʼyicha fan doktori ilmiy darajasiga yoki professor ilmiy unvoniga ega boʼlgan fan nomzodi yoxud falsafa doktori (Doctor of Philosophy) yoki unga tenglashtirilgan xorijiy davlatlarda berilgan boshqa ilmiy darajaga ega boʼlgan mutaxassis hisoblangan raisdan iborat boʼladi. Bunda komissiya aʼzolarining kamida 2 nafari fan doktori boʼlishi lozim.
Komissiya, agar uning ishida komissiya aʼzolarining kamida yarmidan koʼpi ishtirok etayotgan boʼlsa, imtihon qabul qilishga haqli hisoblanadi.
Imtihon topshiruvchilar roʼyxati universitet rektorning buyrugʼi bilan tasdiqlanadi va unda malakaviy imtihon oʼtkazish joyi va vaqti koʼrsatilishi kerak. Mazkur buyruqning matni u imzolangandan soʼng bir ish kuni ichida muassasaning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinishi lozim.
Tashkilotlar imtihon topshiruvchilar roʼyxatiga nomzod kiritish uchun malakaviy imtihonlar oʼtkaziladigan muassasaga nomzodlarning shaxsini tasdiqlovchi hujjati nusxasini ilova qilgan holda malakaviy imtihonlarni qabul qilishning navbatdagi sessiyasi oʼtkaziladigan oyning 1-sanasigacha yozma ravishda murojaat qiladi. Murojaatda nomzod bilan bogʼlanishning aloqa vositalari (telefon raqami, elektron pochta manzili va hokazo) aniq va toʼliq aks ettirilishi lozim. Mazkur murojaatga asosan nomzodlar muassasa tomonidan imtihon topshiruvchilar roʼyxatiga kiritiladi.
Imtihon topshiruvchilar malakaviy imtihonlarga oʼz shaxsini tasdiqlovchi hujjati asosida kiritiladi.
Malakaviy imtihon yozma va ogʼzaki shaklda oʼtkaziladi. Yozma shaklda javob tayyorlash uchun maxsus belgi qoʼyilgan imtihon varaqalari muassasalar tomonidan avvaldan tayyorlab qoʼyiladi.
Imtihon topshiruvchilar savollarga komissiya aʼzolari oldida javob beradi. Komissiya aʼzolari tomonidan imtihon topshiruvchilarga qoʼshimcha savollar berilishi mumkin.
Izlanuvchining bilim darajasi 100 ballik baholanadi.
Malakaviy imtihonlarni qabul qilish bayonnomasi har bir imtihon topshiruvchi va unga berilgan imtihon savollari alohida koʼrsatilgan holda toʼldiriladi. Malakaviy imtihonlarni qabul qilish bayonnomasi unda ishtirok etgan komissiya aʼzolari tomonidan imzolanadi va universiteti rektori tomonidan tasdiqlanadi.
Malakaviy imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgan izlanuvchilarga 10 kun ichida guvohnoma beriladi. Guvohnoma komissiya raisi va universiteti rektori tomonidan imzolanadi.
Mazkur guvohnoma besh yil muddatda amal qiladi.