Yotoqxona
1-avgustdan turar joyga ehtiyoji bor talabalar arizalarni my.gov.uz sayti orqali yuborishlari mumkin.
1-avgustdan talabalar turar joylari uchun onlayn ariza berish boshlandi. Yotoqxonaga ehtiyoji bor talabalar arizalarini my.gov.uz portali orqali jo‘natishlari mumkin.
Vazirlar Mahkamasining 376-son qarori bilan tasdiqlangan reglamentga ko‘ra, dastlab imtiyoz va ustuvorliklarga ega talabgorlar talabalar turar joylariga qabul qilinadi. Shundan so‘ng umumiy ro‘yxatdagi talabalar uchun yotoqxonada ortib qolgan o‘rinlar soniga nisbatan navbat asosida quyidagicha taqsimlanadi:
- 1-kurs talabalari uchun 55 – 65 foiz;
- 2-kurs talabalari uchun 15 – 20 foiz;
- 3-kurs va undan yuqori kurs talabalari uchun 20 – 25 foizgacha ajratiladi.
Arizalar qabuli 1 avgustdan boshlab o‘quv yili yakuniga qadar davom etadi. 2024/2025 o‘quv yilida OTM 1-bosqichiga tavsiya etilgan abituriyentlar yakuniy natija chiqqandan so‘ng ariza yuborishlari mumkin bo‘ladi. Ular uchun ham joylar yuqoridagi tartib asosida ajratiladi.
Quyidagi toifadagi talabalar ustuvorlik asosida talabalar turar joylariga qabul qilinadi:
- “Mehribonlik uylari” tarbiyalanuvchilari, etim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talabalar;
- “Ijtimoiy himoya yagona reestri”, “Temir daftar” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning farzandlari hamda “Yoshlar daftari”da turadigan talabalar;
- I va II guruh nogironligi bo‘lgan talabalar;
- bir oiladan bakalavriat bosqichi kunduzgi ta’lim shaklida ikki yoki undan ortiq to‘lov-shartnoma asosida o‘qiyotgan oilalar farzandlari;
- xalqaro fan olimpiadalari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan o‘tkaziladigan respublika fan olimpiadalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan talabalar;
- “Yil talabasi” va “Talabalar teatr studiyalari” ko‘rik-tanlovlarining respublika bosqichi g‘olibi bo‘lgan talabalar;
- oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan «Zakovat» intellektual o‘yinining respublika bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan talabalar;
- talabalar turar joyida talabalar kengashi raisi, qavat sardori bo‘lgan talabalar;