TIQXMMI yangiliklari

img
03.11.2023

Yog’ochga ishlov berish innovatsion o’quv markazi ochildi

 “TIQXMMI” MTU va Avstriyaning “FELDER KG” kompaniyasi o‘rtasida  2023-yil 27-iyunda rasmiylashtirilgan “Hamkorlik to‘g‘risida kelishuv”ga asosan O‘zbekistonda birinchi “Yog‘ochga ishlov berish innovatsion o‘quv markazining ochilishi kata e’tiborga molik. Bugun universitetimizda uning ochilishi bilan bog’liq tadbir bo’lib o’tmoqda. Unda rektorimiz Bahodir Mirzayev boshchiligidagi professor o’qituvchilarimiz bilan birga nufuzli mehmonlar ham ishtirok etishdi.

 

Rektor tadbirni kirish so’zi bilan ochib universitetning faoliyati va hamkorlik natijalari haqida so’z yuritdi.Videolavhadan so’ng “FELDER GROUP kompaniyasining Bosh direktori, professor, janob Xansyorg Felder tabrik so’zlari bilan chiqdi. Keyin esa “FELDER GROUP kompaniyasining O’zbekistondagi vakolatxonasi Direktori Andrey Sergeyevich Samsonov o’z taqdimoti bilan mulohazalarini bildirdi. Undan keyin Avstriya Elchixonasi  Bosh savdo bo’limi va savdo bo’yicha maslahatchisi Klemens Mahal va Avstriya Savdo-sanoat palatasi a’zosi, janob Astrid Pammerlarning qutlovlari ham davra ahlida iliq taassurot qoldirdi.

“Yog’ochga ishlov berish innovatsion markazi”ning ochilishidan asosiy maqsad Yog‘ochga ishlov berish va mebelsozlik sanoati sohasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashgan zamonaviy o‘quv markazini yaratishdan iborat. Yog‘ochga ishlov berish va mebelsozlik sanoati sohasida ilg‘or o‘quv markazini yaratish maqsadida “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti ustaxonalaridan biri qayta modernizatsiya qilindi va zamonaviy 9 turdagi 304240 evro qiymatiga ega bo‘lgan avtomatlashtirilgan uskunalar, shu jumladan kompyuter orqali raqamli dasturlarda boshqariladigan (CNC) dastgohlar va klassik  uskunalar  bilan jihozlanib,  ma’ruzalar, seminarlar, amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun qulay bo‘lgan yaxlit platforma yaratildi. O‘quv markazida turli xil dasturlarni, shu jumladan talabalar uchun o‘quv kurslarini, xususiy kompaniyalar xodimlarini kasbiy tayyorlash, O‘zbekistonda yog‘ochga ishlov berish va mebelsozlik sanoatini rivojlantirishga hissa qo‘shadigan boshqa o‘quv tadbirlari amalga oshiriladi.  

"Yog‘ochga ishlov berish innovatsion o‘quv markazi"ni tashkil etish dolzarbligining muhim jihati soha vakillari va ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, Felder Group kompaniyasining ilg‘or texnologiyalari va tajribasidan foydalanish shuningdek, amaliyotchi mutaxassislar bilan birgalikda ishlab chiqilgan ta’lim dasturlarini yaratish imkonini beradi.

 “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti va Felder Group kompaniyasi o‘rtasidagi xalqaro hamkorlik, yog‘ochga ishlov berish va mebelsozlik sanoati sohasida bilim, tajriba va ilg‘or texnologiyalari almashish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Xalqaro aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlash o‘z navbatida ta’lim muassasasi va ishlab chiqarish kompaniyasi hamda mamlakatlar obro‘sini oshirishga yordam beradi. O‘zbekistonda yog‘ochga ishlov berish va mebelsozlik sanoatini rivojlantirish uchun innovatsion o‘quv markazini tashkil etish dolzarb va muhimdir. Markaz, yuqori malakali mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojlarga, sohani rivojlantirishga, sheriklik aloqalarini yaratishga va innovatsiyalarni kiritishga imkoniyat yaratadi.

Talabalar ta’limi:  markaz, talabalarga yog‘ochga ishlov berish va mebelsozlik sohasida sifatli ta’lim va kasbiy tayyorgarlik olish imkoniyatlari, ya’ni nazariy bilimlar, amaliy ko‘nikmalar, zamonaviy uskunalarda va dastgohlarda ishlash tajribasi beriladi. Treninglar tajribali o‘qituvchilar va mutaxassislar tomonidan ilg‘or uskunalar va dastgohlar namunalaridan foydalangan holda olib boriladi.

Malaka oshirish va qayta tayyorlash, Seminarlar va konferensiyalar,  Tijoratlashtirish va xususiy kompaniyalar bilan hamkorlik yo’nalishlari markaz faoliyatining uzviy qismidir.

Felder Group kompaniyasi 1956-yildan buyon yuqori mahsuldorlikni va sifatni ta’minlaydigan ilg‘or dastgohlarni yaratish va ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kompaniya hisoblanadi. Kompaniya klassik uskunalar va kompyuter orqali raqamli dasturlarda boshqariladigan (CNC) dastgohlar hamda soha uchun boshqa ixtisoslashtirilgan yechimlarni o‘z ichiga olgan keng turdagi jihozlarni ishlab chiqaradi.

Felder Group kompaniyasi ko‘plab patentlarga ega u, Vena texnika universiteti bilan faol hamkorlikda faoliyat yuritadi. Klassik texnik yechimlarni topish va takomillashtirish bilan bir vaqtda yuqori texnologiyali loyihalarni amalga oshirish kompaniya faoliyatining ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi. Felder Group kompaniyasi Avstriya Respublikasi Federal iqtisodiy palatasining a’zosi hisoblanadi (Wirtschaftskammer Österreich, WKÖ). U, Federal Tirol shtatidagi strategik kompaniyalardan biri sifatida Felder Group davlat ramzlari – Tirol shtati gerbidan foydalanish huquqiga ega.

Ushbu hamkorlikdagi faoliyat yaqin kunlarda o’zining mevasini berishiga shubha yo’q. Chunki u mamkatimiz ilm fani va ishlab chiqarishning taraqqiyotiga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Universitet matbuot xizmati