TIQXMMI yangiliklari

img
18.03.2023

Yangilanayotgan konstitutsiya - yaxshilanayotgan qomusimiz

Inson, xalq, millat, jamiyat va davlat tushunchalari o‘zaro bog‘liq bo‘lib muayyan tizim va tuzum bilan qonuniy, huquqiy asosga egadir.  Ushbu huquqiy hujjat asosiy qonunimiz Konstitutsiyadir. Konstitutsiyaga nisbatan Bosh qomusimiz - or nomusimiz ramzi deyilishi ham bejiz emas. Demak, unga e’tibor, munosabat masalasi o‘zligimizga e’tibor va munosabat demakdir. Ilm olish, mehnat qilish, dam olish va hokazolar bilan bog‘liq huquqiy jihatlarni bilish va unga amal qilish har bir fuqaroning burchdorlik tuyg‘usini his etishidir.

Demak, yangicha qarash, yangicha hayot tarzi Konstitutsiyaning ayrim moddalariga tuzatish va o‘zgartirishlar kiritish zarurligini taqozo qilgani rost.  Shuning uchun ham yangi konstitutsiya xalq hukmiga havola qilindi, ularning takliflari e’tiborga olinib konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritilayotgani, ochiqlik, oshkoralik, demokratik tamoyillarga to‘la amal qilinayotgani bejiz emas.

     Xalqimiz tomonidan faollik bilan 222 mingta taklif bildirilgani va  61 ta taklif konstitutsiyaga kiritilgani uning xalqchilligi belgisidir. Shuningdek, konstitutsiyamizning amaldagi moddalar soni 128 tadan loyihada 155 taga yetgani, normalar soni 275 tadan loyihada 434 taga yetgani ham yuqoridagi fikrlarimizning isbotidir. Asosiy qonunimizning 65 % matni xalqimiz takliflari asosida yangilangani e’tiborga molik.

Mamlakat taqdiri va xalq manfaatiga daxldor deyarlik barcha qonun va qarorlar Prezident tomonidan imzolanadi. Faqatgina bitta hujjat Prezident tomonidan imzolanmaydi. Bu Konstitutsiyadir. U xalq hukmiga havola etiladi. Uning pishiq va mukammal bo‘lishi xalq iqboli, mamlakat istiqbolining yorqin ifodasidir.

Konstitutsiyada har bir fuqaro o‘zini ko‘rsin, mening konstitutsiyam deb g‘ururlanishi tarafdori bo‘lgan Prezidentimiz ham o‘z takliflarini bildirdi. Dunyo mamlakatlari konstitutsiyalarining hech birida bo‘lmagan hatto, ijtimoiy - maishiy mavzulargacha aks ettirilayotgani uning yana bir karra konstitutsiyamizning xalqchilligi va gumanistik mohiyatini anglatadi. Hatto, Konstitutsiyaning 1-moddasiga ham  o‘zgartirish kiritilishi e’tiborga molik. Mamlakat asosiy qonuninning 1992 yildan buyon o‘zgarmay kelayotgan 1-moddasi tahririda ham o‘zgarishlar bo‘lishi bu yangilik va yaxshilik nishoni.  Loyihaning taklif etilayotgan matniga ko‘ra, O’zbekiston — suveren respublika, huquqiy, ijtimoiy, dunyoviy, demokratik davlat ekani belgilanmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2021 yil 7 dekabrda O’zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 29 yilligiga bag‘ishlangan tabrigida «Ayni vaqtda biz Konstitutsiyamiz normalarini hayotga to‘la tatbiq etish, jamiyatda qonun va adolat ustuvorligini, inson huquq va manfaatlari, uning qadr-qimmatini yanada samarali ta’minlash borasida hali ko‘p ish qilishimiz kerakligini yaxshi tasavvur qilamiz», - deb huquqiy davlatning muhim talablari haqida ta’kidlab o‘tdi. Mazkur tabrikda «...hozirgi kunda O’zbekiston ijtimoiy davlat va adolatli jamiyat qurish sari dadil bormoqda. Shu sababli «Yangi O’zbekiston – ijtimoiy davlat», degan tamoyilni konstitutsiyaviy qoida sifatida muhrlashning vaqti-soati yetdi»..., degan fikrni keltirgan edilar. Davlatimiz rahbari «Ijtimoiy davlat muhtojlarga uy-joy, yashash uchun zarur bo‘lgan iste’mol tovarlarining eng kam miqdori belgilab qo‘yilishini nazarda tutadi. U shaxs va uning oilasi munosib hayot kechirishi uchun yetadigan ish haqi, bandlikni ta’minlash, xavfsiz mehnat sharoitini yaratish, kambag‘allikni qisqartirishni talab qilishini ham uqtirib o‘tgandi.

To‘g‘ri, "Ijtimoiy davlat" tushunchasi ilk bor 19-asr o‘rtalarida Lorens Fon Shteyn tomonidan kiritilgan. Lekin shuni alohida ta’kidlash kerakki,  ijtimoiy, dunyoviy, huquqiy, davlat tushunchalari o‘zaro bog‘liq bo‘lib, ular orasida xitoy devori yo‘q. Shunday ekan, xalqimizning faolligi va befarq emasligi o‘z istiqboliga, yurt taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi kejakka umid hamda ishonch uyg‘otadi. 30 aprel kuni belgilangan referendum ko‘ngildagidek, ahillik, birdamlik va hamjihatlikda o‘tishiga ishonch bildiramiz.

Rahimboy Jumaniyozov

"TIQXMMI" Milliy tadqiqot universitetining matbuot xizmati rahbari, professor, O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi