TIQXMMI yangiliklari

img
15.10.2022

Xalqaro konferensiyaga start berildi

Bugun, 14-oktabr kuni universitetimizning muhtasham Madaniyat saroyida Polshaning “Krakov texnologiya universiteti”, Turkiya davlatining “Karabuk” universiteti, O‘zbekiston Ekologik partiyasi, O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti va Jizzax Politexnika Instituti bilan hamkorlikda uchinchi bor tashkil etilgan “3rd International Conference on Energetics, Civil and Agricultural Engineering” nomli xalqaro Konferensiyaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. 

Ushbu Konferensiyaning asosiy maqsadi quyidagilar:

  • Energetika, qurilish va qishloq xo‘jaligiga oid dolzarb masalalarni muhokama qilish;
  • Rivojlanayotgan texnologiyalar va ilmiy xulosalarni hamkorlikda o‘rganish;
  • Turli sohalardagi olimlar, tadqiqotchilar, muhandislar, talabalar va mutaxassislarni birlashtirish;
  • Yuqori malakali va raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlashda xorijning nufuzli universitetlari bilan hamkorlikni mustahkamlash hisoblanadi.

Bundan tashqari konferensiya davomida muhokamadan o‘tgan ilmiy maqolalarning barchasi Scopus va Web of Science xalqaro bazalar ro‘yxatidagi nufuzli ilmiy-texnik jurnallarda chop etiladi. Konferensiyani Universitetimiz rektori prof. B.S.Mirzayev kirish so‘zi bilan ochib berdi va barcha qatnashuvchilarga keyingi ilmiy tadqiqot ishlarida omad tiladi. Shundan so‘ng, O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti direktori prof. A.X.Xamzayev, Jizzax Politexnika Instituti rektori prof. A.Q.Usmankulov, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Energetika muammolari instituti akademigi prof. R.A.Zaxidov va Zoom platformasi orqali onlayn tarzda Turkiya davlatining “Karabuk” universiteti prorektori prof. Izzet Açar hamda  AQSHning Virdjiniya ilg‘or tadqiqotlar texnologiya instituti direktori prof. Saifur Rahmanlar konferensiya qatnashchilariga o‘zlarining tabrik so‘zlarini yo‘llashdi.

Bundan tashqari ochilish marosimida faxriy mehmon sifatida taklif etilgan Daniyaning Aalborg universiteti professori prof. Josep M. Guerrero va AQSHning Illinoiz texnologiya instituti professori prof. Mohammad Shahidehpourlar Zoom platformasi orqali onlayn tarzda o‘zlarining nutqlari bilan ishtirok etishdi. Konferensiyaning ochilish marosimi bevosita OAVda yoritib borildi. Ochilish marosimi tugagandan so‘ng barcha mehmonlar va konferensiya qatnashuvchilariga Universitet oshxonasida tushlik tashkil etildi. Tushlikdan so‘ng konferensiyaning ikkinchi qismi Zoom platformasi orqali onlayn tashkil etildi. Konferensiyaning ikkinchi kuni 15-oktyabrda seksiyalarga bo‘lingan holda Zoom platformasi orqali olib boriladi.

“Elektr ta’minoti va qayta tiklanuvchan energiya manbalari” kafedrasi stajyor oʻqituvchisi R.Qobilov axboroti

Universitet matbuot xizmati