E'lonlar

22.09.2022

Talabalar diqqatiga!

Ko‘p bilimga ega bo‘lsangizu uni o‘zgalarga aytib bera olmasangiz, haydovchilik guvohnomangiz qo‘lingizda bo‘lsayu, o‘z avtomobilingizni hayday olmasangiz, tajribali lider yoki biznesmen bo‘lsangizu o‘z g‘oyalaringizni emin - erkin tushuntirib bera olmasangiz, ish ko‘zini biladigan tadbirkor, irrigator, mexanizator, meliorator, fermer  bo‘lsangizu o‘z yutuq va tajribalaringizni boshqalarga ulasha olmasangiz, nazariyotchi olim bo‘lsangizu uni fan mutaxassislariga aniq va ravon yetkazib bera olmasangiz,  ko‘p kitob mutolaa qilsangizu o‘z fikr-mulohazalaringizni so‘zlab bera olmasangiz, biron musiqa yoki qo‘shiq tinglab, biron film yoki spektakl tomosha qilsangizu o‘z taassurotlaringizni bemalol hikoya qila olmasangiz undan ne naf? Bari behuda.  Nufuzli harbiy sarkarda yoki qo‘mondon bo‘lsayu strategik boshqarish san’atini bilmasa uni mag‘lubiyat qarshilaydi.

Aziz talabalar, hayotda gorizontal va vertikal karerangizni o‘ylasangiz, dastavval, ritorik mahoratingizni, notiqlik qobiliyatingizni oshirishingiz kerak. Chunki, ta’limning kaliti nutq bilan, tarbiyaning kaliti xulq bilan. Nutqiy va xulqiy madaniyatga ega bo‘lmagan odam hayotda o‘rin tuta olmaydi, zafar ham quchmaydi. Xalqimizning ushbu maqoli bejiz aytilmagan. "O‘zingga qarab kutarlar, so‘zingga qarab kuzatarlar."  Odatda, inson yuksak unvoni, darajasi, lavozimi bilan tanishtiriladi, uning ikki og‘iz so‘zidan keyin bilim-saviyasi, ma’naviyati, tabiati va tiynati oynadek ravshan bo‘ladi. Zeroki, nutqing xulqing ko‘zgusi. Qo‘rquv va hayajonni yengish, fikrni mustaqil tarzda yetkazish, ta’sirchan so‘zlash va o‘qish sirlari haqida amaliy bilimga ega bo‘lishni xohlasa, kimki o‘z sohasining bilimdoni va oratori, kuchli notiqi bo‘lishni istasa, "Notiqlik mahorati" o‘quv kursiga kelishi mumkin.  Ismi sharifingiz, fakultet va kursingizni o‘z tyutorlaringizga yozdiring. O‘qish mashg‘ulotlari oktyabr oyining ilk haftasidan boshlanadi. To‘liq ma’lumotlarni tyutorlaringizdan olishingiz mumkin. Keling, birgalikda o‘qiymiz, birgalikda fikrlashamiz, birgalikda nutq irod qilamiz. Aslo, unutmang, bu muvaffaqiyatingiz kaliti, yutuqlaringiz kafolatidir.

 

"TIQXMMI" Milliy tadqiqot universiteti matbuot xizmati