TIQXMMI yangiliklari

img
04.02.2023

Rahbarlik ham fazilat, ham san’at

“Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universitetining Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori, pedagogika fanlari doktori, professor Ruzimurat Kungratovich Choriev 2023 yilning 5 fevaral kuni 60 yoshga to‘ladi.

------------------------------------------------------------------------

Rahbarlik ham fazilat, ham san’at

Umr dovonlar osha ilgarilanma harakatdir. Inson o‘z aql-idroki, bilim-qobiliyati, ishonch va e’tiqodi bilan Alloh bergan hayoti mobaynida bu dovonlarni ishg‘ol etib keladi. Inson tabiati va tiynatidagi halollik va rostgo‘ylik, adolatparvarlik va samimiyat, o‘zaro ishonch va hurmat, yor-do‘stlari va kasbiga sadoqat tuyg‘usi ana shu dovonlar osha muvaffaqiyatlarning kafolatidir. Pedagogika fanlari doktori, professor Ruzimurat Kungratovich Choriev yuqoridagi fazilatlarni o‘z faoliyatida aks ettira olgan yurt ishiga fidoyi, ta’lim-tarbiya taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan faol rahbarlardandir. Ayni kunlarda "Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti" Milliy tadqiot universiteti Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor lavozimida ishlayotgan Ruzimurat Choriev faoliyatining uchta mezoni mavjud.

Avvalo, naslidagi, aslidagi fidoyilik. Qo‘ng‘irotboy ota urush va mehnat faxriysi edilar rahmatlik. Otadagi el xizmatiga kamarbastalik, mas’uliyat va majburiyat tuyg‘usi, har qanday holatda ham yurt ishini va manfaatini barcha narsadan ustun qo‘yish, fidoyilik farzandining hayot yo‘liga ham ruh va mazmun baxsh etgani rost. Ikkinchidan, ta’lim bergan ustozlarning yo‘l-yo‘riq va maslahatlaridir. U har doim akademiklar Risboy Jo‘raev, Saidahror G‘ulomov, professor O‘ktam Umurzakov singari ustozlarning bergan o‘gitlarini bot-bot minnatdorchilik bilan eslab turadi, hayotiy faoliyatida shularga amal qiladi. Uchinchidan, davlat va hukumat qonun-qarorlarini hayot yo‘siniga, ijro va taqdir tarziga aylantirishdek sharaf hamda mas’ullik unda mujassam. Ulug‘larning "Yaxshi mutaxassis bo‘lish mumkin, lekin yaxshi rahbar bo‘lish qiyin" - degan hikmati bejiz emas. Rahbarlik yetuk salohiyatni, boshqaruv mexanizmini obdon egallashni talab qiladi. Jamoani jipslashtira olish, ularni muayyan maqsad sari yo‘naltira olish va qizg‘in ijodiy muhitni shakllantirish va ish sharoitini yaratish rahbarlikning muhim boshqaruv mexanizmidir. Zamon taqozosi, davr talabi ba’zan har xil muammolarni keltirib chiqarishi tabiiy. Har bir inson, deylik rahbar o‘zining aql - idroki, intellektual salohiyati, insoniylik fazilatlari bilan vaziyatni tahlil etib muammoga to‘g‘ri yechim topa oladi.

Shu o‘rinda Birinchi prezidentimiz e’tiboriga tushish bilan bog‘liq bir voqea yodga keladi. Mustaqillikning dastlabki yillarida vaziyat bir muncha murakkab, talabalar orasida mahalliychilik nish urib anglashilmovchiliklar, qandaydir guruhbozliklar paydo bo‘layotgan damlar edi. Talabalar shaharchasining hokimi sifatida Ruzimurat Choriev ana shu chigallikni yechish va oqilona harakat bilan vaziyatni yumshatishga intildi va buning uddasidan chiqa oldi. Vaziyat bilan tanishish talabalar bilan uchrashuv niyatida Islom Karimov talabalar shaharchasiga tashrif buyuradi. Uchrashuvdan so‘ng Ruzimurat yoniga kelib to‘xtaydi va “Yoshlarda nima gap?” - deb so‘raydi. U tezkorlik, hozirjavoblik bilan “Yoshlarda gap yo‘q, hamma gap kattalarda”, - degani hamonoq Islom Karimov uning yelkasiga qoqib mamnunlik bilan kulimsirab o‘tib ketadi. Keyinchalik R.Choriev talabalar shaharchasini obodonlashtirish, talabalarga sharoitlar yaratish bobida ancha ibratli ishlarni amalga oshirdi. Davlat mukofotlari berilayotgan ro‘yxatni ko‘zdan kechirgan Islom Karimov “Talabalar shaharchasining hokimi  yo‘qmi?” - deb so‘raganlari sabab ro‘yxatga kiritilgani, “Shuhrat” medali olganligini g‘urur bilan eslab yuradi u. Rahbarga xos fazilatlardan biri jamoada faoliyat yurituvchi har bir xodimning qobiliyatiga yarasha vazifani yuklash va undan shuni talab etishdir. Toshkent viloyati xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutida rektor lavozimida ishlagan paytlarida ta’lim tizimini faollashtirishda o‘ziga xos ijobiy va ijodiy ishlarga bosh-qosh bo‘ldi. O‘qituvchilarning o‘z kasbiga mas’uliyat hissini oshirishda munosib hissa qo‘shgani ham rost. Kamina kasbiy faoliyati nuqtai nazaridan boshqa tizimda ishlab yurgan kezlari psixologiya fanlari nomzodi, dotsent Saodat To‘ychieva orqali yo‘qlab ularni ishga taklif qiling, toki ma’naviy-ma’rifiy ishlarda yetakchilik qilsin degan. Taklifga binoan “Tillarni o‘qitish metodikasi” kafedrasida ish boshladim.

Ruzimurat Choriev har oyda 144 soatlik dastur asosida o‘z malakasini oshirishga kelgan turli fan o‘qituvchilaridan olti yuztasiga ma’naviy–ma’rifiy tadbirlar uyushtirish ularning kasbiga mehri va munosabatini kuchaytirish bobida ibratli ishlarning tashabbuskori va tashkilotchisi bo‘lgandi. Respublikamizda taniqli bo‘lgan siyosatshunos, shoir, yozuvchi va mashhur san’atkorlar bilan ma’rifiy uchrashuvlarni tashkil etar, odatda, tadbirga moderatorlik, boshlovchilik vazifasini kaminaga yuklardi. Abdulla Oripov, Omon Matjon singari ulug‘larimiz bilan tashkil etilgan uchrashuvlar endilikda tarixga aylandi. Kunlarning birida meni huzuriga chorlab, “gapirishingiz, og‘zaki nutqingizga gap yo‘q, shularni qog‘ozga tushirib maqola qilish, kitob yozishga hushingiz yo‘qday nazarimda, yoki eplay olmaysizmi?” - deb qoldi. Bir muncha muddat qo‘l qalamdan chiqib qolganday yozishga hafsala qilmagan ekanman. Ko‘p o‘tmay qator maqola va risolalarim chop etila boshlandi. Bu ham bir ijobiy va ijodiy turtki. Ikkinchi turtki shuki, “Bir paytlari mustaqilligimizning ilk yillarida arab alifbosi asosidagi eski o‘zbek yozuvini o‘rgatish bo‘yicha darslik va o‘quv qo‘llanmalaringiz chop etilgan. U kitobni qo‘lma-qo‘l bo‘lib o‘qilgani, kurslar ochib o‘qitilganidan xabarim bor. Ana shu qo‘llanma, darslik va monografiyalaringizni nega professorlik ilmiy unvoniga qo‘ymaysiz”, - deb qoldilar. Tabiatan rahbarlik, mukofot va unvonlarga maylim bo‘lmagani uchunmi “hay shu shartmikan”- deb qo‘ya qolgandim. Yaqinda yana bir bor eslatdilar. Kamina hujjatlarni tayyorlash ishi azob ekanini bilsa ham bu gal hafsala qildi va yaqinda OAK tomonidan tasdiqlandi, professorlik ilmiy unvoniga ham ega bo‘ldi.  

Aytmoqchimanki, R.Chorievning sinchkov rahbar sifatida har bir xodimdagi ilmiy imkoniyat, ijodiy va pedagogik qobiliyatni seza olish iqtidori, turtkisi, motivatsiyasi bois bir necha olimlar va o‘qituvchilar ilmiy daraja va unvonlarga ega bo‘lishgani ham rost.   U bilan munosabatlarimiz sal kam o‘ttiz yil oldin oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida o‘tkaziladigan televizion musobaqaviy o‘yinlar orqali ham bog‘langan. Yangi va eski alifboni o‘rgatishga qaratilgan “Sirli sandiq – savodxonlik saroyi” nomli intellektual, musiqiy – musobaqaviy televizion o‘yinga Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti talabalar jamoasi muntazam ishtirok etar, xuddi shu ta’lim muassasasining o‘z bilimi, eruditsiyasi va qobiliyati bilan ajralib turadigan talabalarini ma’naviy-ma’rifiy jarayonga mas’ul sifatida u boshlab kelar edi. Barcha OTM lar ichida yetakchi sifatida TIQXMMIning “Irrigator” jamoasi bir necha bor mutlaq g‘olib bo‘lgani yodimda. Hatto, ushbu musobaqaviy-musiqiy dasturda o‘sha ta’lim muassasasi nomidan ishtirok etib o‘z san’atini ilk bor namoyish eta olgan, bugungi kunda nomdor bo‘lgan O‘zbekiston xalq artisti Mahmud Namozov va “Surxon” guruhi, Respublikada xizmat ko‘rsatgan artist Sayyora Qozievalar ham undan cheksiz minnatdor. “Inson aziyatga tushmasligi uchun vaziyatdan to‘g‘ri xulosa chiqaza olishi, har qanday ehtiroslarga berilmasdan aql-idrok bilan ish tutishi kerak. O‘z kasbiga, vazifasiga javobgarlik hissini ustun bilgan, odil va haqiqatparvar insonlar yashaydigan yurtda chinakam taraqqiyot va rivojlanish bo‘ladi”- deydi u.

Ruzimurat Choriev ana shu hayotiy kredosiga Muzrabot tumani qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish texnikumi talabasini bitkazgandan so‘ng Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish muhandislari institutida tahsil olib ustozlari e’tiboriga tushgach, shu ta’lim muassasasining yoshlar tashkiloti kotibi, kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, so‘ngra esa tarbiyaviy ishlar bo‘yicha prorektori, xo‘jalik xizmatlari markazlashgan boshqaruvi boshlig‘i, keyinchalik, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’limi vazirligi o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi boshqarmasi boshlig‘i, Toshkent shahar o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi axborot tahlil va tashkiliy ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i, O‘zbekiston Respublikasi “Uzluksiz ta’lim” ilmiy metodik jurnali bosh muharriri o‘rinbosari, Toshkent shahar Sobir Rahimov tumani “Yoshlik” talabalar shaharchasi hokimi, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti dotsenti, Toshkent viloyati xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti rektori, Surxondaryo viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlari bo‘yicha o‘rinbosari vazifalarida ishlagan kezlarida ham ana shu aqidaga amal qildi. U Xalq ta’limi a’lochisi, Respublika Oliy ta’lim muassasalari 1-prorektorlari kengashi raisi, xalqaro Pedagoglar akademiyasi a’zosi, hozirda Milliy tadqiqot universitetimizning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori vazifasida ishlar ekan, ana shu hayotiy shiorida sodiq va sobit.  Shuniyam ta’kidlash kerakki, Davlatimiz rahbari tomonidan milliy tadqiqot universiteti maqomi berilgan ushbu ta’lim muassasamiz dunyo universitetlari ichida e’tiborli mavqeda, Milliy reyting bo‘yicha birinchi o‘rinda borayotganidan u benihoya shod. Bu jarayonda o‘zining ham hissasi borligidan mamnun.

Universitetimiz rektori, professor Mirzaev Bahodir Suyunovich turli yo‘sindagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarning mazmundor va ko‘tarinki tarzda o‘tishida R.Chorievning bosh-qosh bo‘lganini bilgan zahoti ko‘ngli to‘q va mamnun. Chunki uning respublika miqyosidagi har xil tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish bobida ancha tajribaga ega ekanligini biladi, yaxshi his etadi.  Uning tashkilotchiligi va tashabbuskorligini Xalq demokratik partiyaning Toshkent shahar M.Ulug‘bek tuman kengashi deputati sifatidagi faoliyatida ham ko‘rish mumkin. Unga tegishli bo‘lgan Mahallalar bilan Milliy tadqiqot universiteti jamoasining hamkorligini ham yo‘lga qo‘ygan. Muhim sanalar, bayramlarga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar deyarlik birga o‘tkaziladi. Yuksak madaniyat va yetuk rahbarlik salohiyatiga ega bo‘lgan Umurzakov O‘ktam Pardaevichdan boshqaruv bobida ko‘p narsalarni o‘rganganini faxr bilan yodga olib shunday deydi: “Garchi ushbu ta’lim muassasasida o‘qigan bo‘lsamda, keyinchalik ko‘plab rahbarlik lavozimlarida, vazirlik va hokimiyat tizimlarida ishladim, yaqin to‘rt-besh yil ichida o‘zim tahsil olgan ta’lim dargohida ular bilan bir safda hamfikr va hamnafas bo‘lib prorektor sifatida ishlaganim hayotimning o‘chmas sahifalaridan biri bo‘lib qolganiga ishonchim komil, - deya so‘zida davom etdi Ruzimurat Choriev. “Talabalik paytimizda Yoshlar tashkilotining sovrindori bo‘lgan ikkita yosh pedagogni bizga namuna qilib ko‘rsatishgan edi. Ularning biri rahmatlik ustozimiz Umurzakov O‘ktam Pardaevich bo‘lsa, ikkinchisi Po‘latov Olim Salimovich edi. Sizlar ham ulardek bilimli, g‘ayrat - shijoatga to‘la, faol bo‘linglar, ulardan ibrat olinglar, - deb bizlarga - birinchi kurs talabalariga tanishtirganlarida mening ham qalbimda ichki bir hayajon, ulardek bo‘lishga havas uyg‘ongan edi.

Har bir o‘qituvchi dars jarayonlarida faol talabalarga e’tibor bilan qarashi tayin. Bizlarga xuddi shu ma’noda O‘ktam Pardaevich ayricha diqqat bilan qaray boshladilar. Talabalarning yetakchilari bo‘lib ularning ichida oldingi saflarda turganimiz uchunmi bizlarga o‘zlarini yaqin tutib yo‘l-yo‘riq va ko‘rsatmalar berardilar. Mehnatimizni qadrlab biz bilan muntazam ravishda yaxshi munosabatda bo‘lardilar. Ularning tirishqoq va faol talabalarga munosabati, talabalar bilan qanday ish yuritish kerakligini o‘rganganlarim rost. Taqdir taqozosi bilan yana o‘qigan ta’lim dargohimga ishga qaytib kelganimda, “Sizni men prorektor qilib ishga qo‘yaman faqat bir shartim bor, bizning institutda hamma fan doktori bo‘lishi shart”, - dedilar. Ilmiy ishim davom etayapti, yakuniga yetib qoldi, - dedim. Ular chinakamiga xursand bo‘ldilar. Ko‘p o‘tmay pedagogika fanlari doktori ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiya avtoreferatini olib kirganimda shunchalik xursand bo‘lib, o‘rinlaridan turib, meni tabriklay turib “endi prorektorlarimning barchasi fan doktori, professor bo‘ldilar, hisobi,” – dedilar quvonib. Meni ruhlantiradigan, taajjublantiradigan jihatlari shunda ediki, biron masala bo‘yicha kiradigan bo‘lsak, hali maqsadni to‘liq aytmasimizdanoq, yechim qilib berardilar. Oldindan ko‘ra bilish mahorati bo‘lgani uchun oxirigacha eshitib vaqtni ham behuda o‘tkazmasdilar. Shuning uchun ham muammolarni to‘liq va aniq qilib olib kirardik, toki biron savol tug‘ilmasligi uchun. Xalqimizda “Yetti o‘lchab, bir kes” degan maqol bor. Ustoz shunga amal qilishini bilardik, biz esa ularning qabullariga yetti o‘ylab bitta kirardik. Muammoning sababi, bog‘liqlik nuqtalari va yechimi borasida obdon o‘ylab keyin kirishimizni, so‘ngra maslahat berishlarini ta’kidlardilar. Vaqtni shunchalik e’zozlar va undan unumli foydalanishni talab etardilar. “Adiblar xiyoboni”da bo‘lgan bir voqeani eslayman. 2021 yil mayda muhtaram Prezidentimiz oliy o‘quv yurtlari zimmasiga taniqli adiblar ijodiyotini o‘rganish va ommalashtirishni yuklagandilar. Bizga esa O‘zbekiston Qahramoni va xalq shoiri Abdulla Oripov hayoti va  ijodini o‘rganishni biriktirdilar. Bu borada qator ishlarni amalga oshirishda O‘ktam Pardaevich bosh-qosh bo‘ldilar. Bir qancha tadbirlar qatorida eng salmoqlisi, Abdulla Oripov nomidagi yoshlar bog‘i va muzeyini tashkil qilish bo‘lsa, bundan ham e’tiborlisi Abdulla Oripovga bag‘ishlangan hujjatli filmning suratga olinishi edi. Bu o‘rinda bevosita institutimizning tashabbusi ko‘proq bo‘lganini eslatish joiz.

Keyin shu hamma oliy o‘quv yurtlaridan tayyorlangan qisqa metrajli filmlarning prem’erasi aynan “Adiblar xiyoboni”da Alisher Navoiy haykali poyida tashkil qilindi. Bu tadbirga barcha oliy o‘quv yurtlari rahbarlaridan tortib professor o‘qituvchilari, kino san’ati ustalari, xullas, ko‘pchilik taklif qilingandi. O‘sha kunlari O‘ktam Pardaevichning biroz tobi qochib ishga kelmay davolanayotgan edilar. Sog‘liklarini tiklayotgan bo‘lsalar ham baribir xabardor qilib qo‘yishni burchim deb sekin qo‘ng‘iroq qilmoqchi bo‘ldim, yaxshisi telegram orqali boxabar qilay deb tadbirni kechki soat 7.00.da bo‘lishini yozib jo‘natdim. Shu zahotiyoq, javob keldi. “Prezidentimiz o‘sha ma’rifat maskanini xalqning yuragi deb aytar ekanlar, qanday qilib men kasalman deb yotishim mumkin, albatta, yetib boraman,” - degan xabar keldi. Aytilgan paytda hozir bo‘ldilar va otashin nutq ham irod etdilar. Ustoz bilan sms orqali yozishmalarimizni haligacha saqlab kelaman, onda-sonda o‘qib xayollarga chulg‘anaman. Muhtaram Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan islohotlarni nechog‘lik tez ilg‘ab olishlariga va mas’uliyat bilan yondashishlariga yana bir marotaba amin bo‘lgandim. Bizga ham xuddi shu fazilatlarini singdira olganliklari baxtimiz belgisi.” Ruzimurat Choriev  talaba yoshlarning faolligi, ularda liderlik fazilatlarini shakllantirish, bu borada tyutor va murabbiylarning mas’uliyati masalasiga ham jiddiy qaraydi. Ta’lim va tarbiya masalasi faqat auditoriyada emas, balki, uyda ham, ko‘cha-kuyda ham, har damda, har qadamda, talabalar turar joyida ham bo‘lishi zarurligini uqtiradi. Bu borada u o‘tgan yili maxsus telegram kanali ochgan bo‘lib, u talabalarga respublika va jahon miqyosidagi yangilik va dolzarb masalalar borasida ma’lumot va maslahatlar berishdan ham erinmaydi, aksincha zavq oladi. Ilmga, ta’limga e’tibor insonga, jamiyatga, vatan taraqqiyotiga e’tibor demakdir. Ilf – fan taraqqiy etgan mamlakatlarda har tomonlama rivojlanish bo‘lganiga tarix shohid. Yoshlar ongi va dunyoqarashining o‘stirish, ma’naviy-ma’rifiy ishlarning targ‘iboti yuzasidan turli mexanizm va uslublar ustida ishlashdan tashqari u kengqamrovli olim sifatida dual ta’limning asoslari hamda kasbiy faoliyatga tayyorlash omillari borasida ham keng izlanishlar olib bordi. Uning “Kasb-hunar ta’limi nazariyasi va metodikasi” ixtisosligi bo‘yicha “Injener-pedagoglarning kasbiy-metodik malakalarini shakllantirish” mavzusidagi nomzodlik, keyinchalik esa texnika oliy ta’lim muassasalarida “Kasb ta’limi” yo‘nalishi misolida  “Kasb ta’limi mutaxassislarini dual tizimi asosida kasbiy faoliyatga tayyorlash metodikasini takomillashtirish” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qilgani yuqoridagi fikrlarning asosidir.

Bu esa ayni paytda Prezidentimiz g‘oyalariga sodiqlik, “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” talablariga kamarbastalikning nishonasidir. U tomondan yaratilgan 5 ta darslik va monografiya, 10 ga yaqin o‘quv va uslubiy qo‘llanma,  5 ta monografiya, 10 ga yaqin uslubiy ishlanma va risolalar, 100 dan ortiq ilmiy maqola va tezislar, shundan 20 dan ortiq xorijiy ilmiy jurnallarda chop etilgan ishlari, shu bilan birga 3 ta dasturiy ta’minot bo‘yicha Patent va mualliflik guvohnomasi mavjud bo‘lib, hozirda Respublika oliy va orta maxsus ta’lim muassasalarining o‘quv-tarbiya jarayonida foydalanib kelinmoqda. Ruzimurat Kungratovich Choriev rafiqasi bugungi kunda Jamilaxon bilan birgalikda 3 nafar farzandi, 5 nafar nabirasi bilan doim g‘ururlanishadi. Ustoz bugun muborak 60 yoshni qarshiladi. Shu munosabat bilan Universitetimiz rahbariyati va butun jamoasi samimiy qutlar ekan, ularga sihat-salomatlik, yoshlarga xos shijoat va matonat, ilmu ta’lim va mamlakat manfaati yo‘lida doimo kuch-qudrat yor bo‘lishini tilab qoladi. 

Rahimboy JUMANIYoZOV

Professor, “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti matbuot xizmati rahbari, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi