TIQXMMI yangiliklari

img
24.05.2022

Nufuzli xalqaro konferensiya

Xalqaro miqyosdagi konferensiyalar global muammolarga qaratilgani bilan xarakterlanib turadi. Bu esa uning ahamiyati va nufuzini oshirmasdan qolmaydi. Joriy yilning 23-24 may kunlari “Toshkent irrigatsiya va kishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti”  Milliy tadqiqot universitetida “Geofazoviy ekotizimni loyihalash” mavzusidagi Markaziy Osiyoda GAT - GISCA2022 va Geoinformatika bo‘yicha - GI2022 an’anaviy xalqaro ilmiy konferensiyalari tashkil etildi. Konferensiyadan ko‘zlangan maqsad xorijiy hamkorlar bilan tajriba almashish, universitetda amalga oshirilayotgan ilmiy tadqiqotlar integratsiyasini ta’minlash hisoblanadi.

Konferensiya universitet rektori, professor  B.Mirzaevning kirish so‘zlari bilan ochildi. Shuningdek, vazirlik va tashkilotlar vakillari, jumladan O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri Sh.Xamraev, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining Ilmiy tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va investitsiyalarni joriy qilish bo‘limi bosh mutaxassisi M. Ganiev so‘zga chiqib bugungi konferensiya xorijlik hamkorlar hamda ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasi uchun naqadar muhimligini ta’kidlab o‘tdilar.  Konferensiya o‘z ishini bugun nihoyasiga yetkazadi.

Shuningdek, konferensiyaning faxriy mehmoni hisoblangan Avstriyaning Zalsburg Universiteti professori, akademigi Jozef Shtrobl tomonidan bugungi kunda sohada amalga oshirilayotgan eng so‘nggi tendensiyalar haqidagi juda qiziqarli taqdimoti bilan barchaning ko‘nglidan joy oldi. Bundan tashqari konferensiyaning yana bir faxriy mehmoni hisoblangan Xitoy fanlar akademiyasining Shin Jon Ekologiya va geografiya Universiteti professori Alisher Qurban ham o‘zlari tomonidan amalga oshirilayotgan muhim ilmiy tadqiqot ishlarining natijalari bilan qatnashib taqdimot qildilar.

Konferensiyaning ochilish marosimi Erasmus+ NICoPA loyihasi doirasida tashkil etildi. Unda loyihaning universitetdagi koordinatori Ilhom Abdurahmonov so‘zga chiqib mehmonlarga loyiha haqida, uning maqsad vazifalari, shuningdek, bugungi kungacha erishilgan natijalar hamda yutuqlar haqidagi taqdimotini namoyish etdi. Loyihaning yana bir koordinatori Saken Seyfullin nomidagi Qozog‘iston Agrotexnika Universiteti vakili Aliya Bayteleneva ham tabrik so‘zi bilan ishtirok etib konferensiyaning ham ilmiy, ham amaliy, ham ta’lim jihatdan qanchalik muhimligi, hamkorlar bilan amalga oshirilayotgan tadqiqot va ta’lim ishlari, islohotlari bo‘yicha loyiha doirasida amalga oshirilgan so‘nggi yutuqlar haqida batafsil gapirib, konferensiya tashkilochilariga o‘z minnatdorchiligini bildirdi

Shuningdek konferensiyaning asosiy ma’ruzalaridan o‘rin olgan Budepesht Iqtisodiyot va texnologiya unuversitetining professori Lorand Foldvari hamda Toshkent davlat texnika universiteti professori Lola Gulyamova, TIQXMMI milliy tadqiqot unuversitetining dotsenti Shuxrat Shokirovlar o‘z ilmiy tadqiqot ishlarining so‘nggi natijalari bilan mehmonlarni tanishtirdilar. Bu taqdimotlarning barchasidan konferensiya ishtirokchilari, yosh olimlar, magistrantlar, kerakli xulosalarni olib keyinchalik o‘zlarining ilmiy ishlari, ta’lim jarayonlarida qo‘lanadigan ko‘nikmalarga ega bo‘lishdi. Konferensiyaning birinchi yarmida yer islohotiga bag‘ishlangan xalqaro simfoziumning ochilish marosimi o‘tkaziladi. 2-yarmida esa GISCA konferensiyaning Toshkent sessiyasi o‘tkaziladi.

             Universitet matbuot xizmati