TIQXMMI yangiliklari

img
18.10.2023

Maqsadlar, maslaklar tutashgan manzil....Uch avlod uchrashuvi.

Ma'lumki, 15-oktabr "Qishloq ayoli" kuni sifatida qabul qilingan sana. Shu munosabati bilan “Qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash” fakulteti xotin-qizlari rahbari Ergashxon G'aniboyeva hamda tyutor Oliya Abdullayeva tashabbusi bilan mehnatdan baxt topgan ziyoli zahmatkash onaxonlar va talabalar ishtirokida "Uch avlod uchrashuvi" tashkil etildi.

Uchrashuv mehmonlari sifatida tashrif buyurgan fakultetning yagona professor ayoli, universitetimizning faxru iftixoriga aylangan ustozimiz Muhayyo opa Shoumarova va Yangiyo'l tumani Xalqobod qishlog'ida faoliyat olib borayotgan mirishkor deqonlarimizdan biri, "Afzal-Akobir fermer xo'jaligi" raisi Shohida opa Yo'ldoshevalar o'zlarining hayotiy tajribalari, pandu nasihatlarini  talabalar bilan baham ko'rdilar. Ustoz Shoumarova shunday dedilar:

-Siz o'qigan qiz emas uqqan qiz bo'ling. Men sizlar yashayotgan davrga, sharoitlarga havasim keladi. Istagan narsangizga imkoningiz bor. Ilm oling, o'qib o'rganishdan also to'xtamang. Ertangi kun sizning qo'lingizga, jamiyatda sizning o'rningiz nihoyatda katta, chunki siz bo'lg'usi onalarsiz. Kelajak egalarini siz tarbiyalaysiz, loqayd bo'lmang - deb qayta-qayta takrorladilar.

- Ayol kishi jamiyatda qaysi jabhada bo'lishidan qat'iy nazar u ayol sifatida qadrlanishi kerak, buning uchun esa bizda har doim imkoniyat bo'ladi - dedilar fermer opamiz. Suhbat qizg'in, davomli fikr - mulohazalarga boy bo'ldi. Fermer opamizni yaqinda bo'ladigan "qovoq sayli"ga taklif etgan edik, u kishi bizni bahorda "qulupnay sayli"da kutishini qattiq tayinladilar. Hammamiz rozi bo'ldik. Mehmonlarimizga esdalik sovg'alari taqdim etildi va bunday uchrashuvlar davomiyligini ta'minlashga kelishib olindi.

QXM fakulteti tyutori O. Abdullayeva axboroti

Universitet axborot xizmati