Magistratura to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi

18.09.2026

#Ta`lim

Hukumatning “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimida magistratura bosqichida kadrlar tayyorlashni takomillashtirish hamda samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2026-yil 17-sentyabrdagi 500-son qarori bilan Magistratura to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

🔰 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim tashkilotlarida magistraturada kadrlar tayyorlash tegishli bakalavriat negizidagi aniq mutaxassislik bo‘yicha nazariy bilimlar, fundamental va amaliy ilmiy-tadqiqot (ilmiy-ijodiy) ishlar, shuningdek, mutaxassislikka mos korxona va tashkilotlarda tadqiqot ishlari hamda amaliyot (stajirovka)larni amalga oshirishni nazarda tutadi.

➡️ Nizomga ko‘ra:

▪️ magistratura bosqichida kadrlar ishlab chiqarish dasturiga yo‘naltirilgan — kamida 1 yil, ilmiy-pedagogik dasturga yo‘naltirilgan — kamida 2 yil muddatda tayyorlanadi;

▪️ ta’lim jarayoni magistratura mutaxassisligi o‘quv rejalari va dasturlariga muvofiq kunduzgi, kechki yoki masofaviy ta’lim shakllarida tashkil etiladi;

▪️ magistrlik dissertatsiyasi bo‘yicha ilmiy rahbar xulosasi, plagiatga yo‘l qo‘yilmaganini tasdiqlovchi ma’lumotnoma (sertifikat) taqdim etiladi hamda dissertatsiya “Yashirin ekspert taqrizi”dan o‘tkaziladi;

▪️ amaliy dasturga yo‘naltirilgan magistratura bitiruvchilari mutaxassislik xususiyatidan kelib chiqib, loyiha ishi, konstruktorlik loyihasi, startap loyihasi, ratsionalizatorlik g‘oyasi, amaliy-ijodiy asar yoki boshqa turdagi ishni tayyorlab, himoya qiladi;

▪️ ilmiy-pedagogik dasturga yo‘naltirilgan magistratura bitiruvchilari magistrlik dissertatsiyasini tayyorlaydi va himoya qiladi;

▪️ magistrlik dissertatsiyasining mavzusi, qisqacha annotatsiyasi va himoya kuni oliy ta’lim tashkiloti veb-saytida e’lon qilinadi.

📌 Shuningdek:

➖ magistraturada ta’lim jarayoni bakalavriat negizida, kadrlar buyurtmachilari ishtirokida va kasbiy standartlar asosida ishlab chiqilgan aniq magistratura mutaxassisligi bo‘yicha malaka talablari, o‘quv reja va dasturlariga muvofiq tashkil etiladi;

ish beruvchi tashkilotlar talablari asosida magistrlarni maqsadli tayyorlash amalga oshiriladi;

➖ magistrlik dissertatsiyalarining himoyasi ilmiy tadqiqot ishining xususiyatidan kelib chiqib, oliy ta’lim tashkiloti, Fanlar akademiyasi yoki tegishli tarmoq ilmiy-tadqiqot yoxud ishlab chiqarish korxona va tashkilotlarida tashkil etilishi mumkin;

➖ oliy ta’lim tashkilotlarining o‘zaro kelishuviga muvofiq magistrlik dissertatsiyalarini ikki nafar talaba hamkorligida, fanlararo bog‘liqlik asosida tayyorlashga ruxsat etiladi.

🔰 Qarorga muvofiq, 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab magistratura bosqichida kadrlar tayyorlash mutaxassislik xususiyatidan kelib chiqib, ishlab chiqarish (amaliy) dasturiga yo‘naltirilgan — kamida 1 yil, ilmiy-pedagogik dasturga yo‘naltirilgan — kamida 2 yil etib belgilanadi.

Bunda:

✔️ o‘quv jarayoni ishlab chiqarish (amaliy) dasturi va ilmiy-pedagogik dasturga yo‘naltirilgan holda tashkil etiladi;

✔️ amaliy dasturga yo‘naltirilgan magistrlarni tayyorlash umumiy kurslar bo‘yicha birlashgan ma’ruzalar asosida nazariy bilimlar hamda mutaxassislikka mos tashkilotlar bazasida o‘tkaziladigan amaliyotlar asosida amalga oshiriladi;

✔️ ilmiy-pedagogik dasturga yo‘naltirilgan magistrlarni tayyorlash umumiy kurslar bo‘yicha birlashgan ma’ruzalar asosida nazariy bilimlar hamda fundamental va amaliy ilmiy tadqiqot ishlari (ilmiy-ijodiy ishlar)ga muvofiq tashkil etiladi;

✔️ 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab o‘qish davrida Scopus hamda Web of Science ma’lumotlar bazalarida indekslanuvchi jurnallarda maqola e’lon qilgan magistratura talabalarini belgilangan tartibda rag‘batlantirib borishga ruxsat etiladi.