Koreya Respublikasida kichik va mikro GESlarni rivojlantirish bo‘yicha xorijiy tajriba o‘rganilmoqda

17.09.2026

#Ta`lim #Xalqaro hamkorlik #Yangilik

Kichik va mikro gidroelektr stansiyalarini rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda gidroenergetika sohasida xalqaro tajribani o‘rganish maqsadida Koreya Respublikasida amaliy o‘rganishlar olib borilmoqda.

2026-yil 13–16-sentabr kunlari “O‘zbekgidroenergo” AJ Boshqaruv raisi Islom Abduraxmonov boshchiligidagi delegatsiyaning Koreya Respublikasiga xizmat safari doirasida gidroenergetika sohasiga ixtisoslashgan Kumsung Engineering & Construction Co., Ltd. kompaniyasi faoliyati, zamonaviy gidroagregatlarni ishlab chiqarish texnologiyalari hamda kichik va mikro GESlar uchun texnik yechimlar o‘rganilmoqda.

Xizmat safari doirasida “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti professor-o‘qituvchilari ham delegatsiya tarkibida ishtirok etmoqda:

Kan Eduard — “Nasos stansiyalari va gidroelektrostansiyalar” kafedrasi dotsenti;

Alisher Davirov — “Elektr ta’minoti va qayta tiklanuvchan energiya manbalari” kafedrasi dotsenti.

Universitet vakillari gidroenergetika sohasidagi ilg‘or texnologiyalarni ilmiy-texnik va muhandislik nuqtayi nazaridan o‘rganib, ularni O‘zbekiston sharoitiga moslashtirish bo‘yicha tajriba almashmoqda. Tashrif davomida:

— kichik va mikro GESlar uchun zamonaviy texnologik yechimlarni O‘zbekiston sharoitiga moslashtirish;

— mahalliy ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirish;

— gidroenergetika sohasida innovatsion texnologiyalarni joriy etish;

— oliy ta’lim muassasalari va ishlab chiqarish tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Mazkur tashrif O‘zbekistonda kichik va mikro GESlarni rivojlantirish, ilg‘or xorijiy tajribani o‘zlashtirish hamda zamonaviy gidroenergetik texnologiyalarni amaliyotga joriy etishda muhim ahamiyat kasb etadi.