Prezident Shavkat Mirziyoyevning birinchi “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” sammitidagi nutqidan asosiy fikrlar:

17.09.2026

#O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati yangiliklari

📌Markaziy Osiyo va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi munosabatlar teng huquqlilik va o‘zaro hurmat asosida barpo etilmoqda. Hamkorlikning maqsadlari mutlaqo ochiq, pragmatik va bunyodkorlik xususiyatiga ega;

📌Asosiy vazifa faqat hamkorlik bo‘yicha erishilgan sur’atni saqlab qolish emas, balki bu muvaffaqiyatlarni yanada yuqori sifat bilan oldinga borishning poydevoriga aylantirishdan iborat; 

📌Markaziy Osiyo jahon bozorlaridagi beqarorlikka qaramasdan, 6 foizdan ziyod o‘sish sur’atini namoyish etmoqda. Umumiy yalpi ichki mahsulot hajmi 500 milliard dollardan oshdi; 

📌80 milliondan ortiq aholiga ega Markaziy Osiyo ishonch bilan Yevroosiyoning “barqarorlik mintaqasi” va “global bog‘liqlik markazi”ga aylanib bormoqda;

 📌Zamonaviy tahdidlarga javoban “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi: jadal rivojlanish yo‘lidagi hamkorlik” deb nomlangan uzoq muddatli konseptual qarashni ishlab chiqish taklif qilindi; 

📌Kibertahdidlarni barvaqt aniqlash va ularning oldini olish mexanizmlarini yaratish borasida sa’y-harakatlarni birlashtirish o‘ta muhim;

📌Markaziy Osiyo savdo bo‘yicha xavf-xatar zonalaridan tashqarida joylashgan ishlab chiqarish maydonlariga ega ekani va mahsulotlarga talab tez o‘sib borayotgani bilan Koreya Respublikasi uchun Yevroosiyodagi almashtirib bo‘lmaydigan hamkorga aylanishi mumkin;

📌To‘siqlarni bartaraf etish, sertifikatlash bo‘yicha tartib-taomillarni va mahsulotlarning mahalliy savdo platformalariga o‘zaro kirib borishini soddalashtirish yuzasidan ta’sirchan chora-tadbirlarni ko‘rish muhim;

📌Sanoat kooperatsiyasi va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish doirasida O‘zbekistonda “Markaziy Osiyo – Koreya” sanoat-texnologiya parkini joylashtirishga tayyorlik bildirildi;

📌Hududlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri sheriklik aloqalarini yo‘lga qo‘yish iqtisodiy hamkorlikning muhim harakatlantiruvchi kuchi ekani qayd etildi;

📌Muhim minerallar sohasidagi hamkorlik Markaziy Osiyo va Koreya o‘rtasida strategik manfaatlarning noyob uyg‘unligini yaratadi. Shu munosabat bilan nodir minerallar bo‘yicha mintaqaviy investitsiyaviy alyansni tashkil etish taklif qilindi;

📌Markaziy Osiyo “yashil” investitsiyalar uchun qulay sharoitlar yaratish va ishonchli platforma bo‘lishga tayyor. Shu maqsadda Markaziy Osiyo va Koreya o‘rtasida iqlim va uglerod hamkorligi bo‘yicha formatni ishga tushirish taklifi bildirildi;

📌Inson kapitalini rivojlantirish sohasida uzoq muddatli hamkorlikni shakllantirish taklif etildi;

📌O‘zbekiston kelgusi yilda Koreya Respublikasi bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 35 yilligi va koreys diasporasining mintaqamizda yashay boshlaganining 90 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbirlarini eng yuqori darajada o‘tkazishga tayyor ekani ta’kidlandi.