ShHT forumida O‘zbekiston–Xitoy hamkorligi va aqlli suv tejamkor texnologiyalari

16.09.2026

#Ta`lim #Yangilik

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 2 apreldagi PQ–122-son “Qishloq va suv xo‘jaligi muhandislarini tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida global iqlim o‘zgarishi va suv tanqisligi sharoitida qishloq va suv xo‘jaligi sohasida zamonaviy yondashuvlarni ishlab chiqish, raqamli texnologiyalar asosida ilg‘or tadqiqotlarni amalga oshirish, ilm-fan, ta’lim va amaliyot integratsiyasini kuchaytirish hamda raqobatbardosh muhandis kadrlar tayyorlash muhim vazifalar sifatida belgilangan. Qarorda, shuningdek, universitetning xalqaro nufuzini oshirish, xorijiy ilmiy va ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni kengaytirish hamda zamonaviy raqamli yechimlarni ta’lim va ilmiy tadqiqot jarayonlariga keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilgan.    

Mazkur vazifalar ijrosi doirasida “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti professor-o‘qituvchilari tomonidan xorijiy hamkorlar bilan ilmiy aloqalarni rivojlantirish, suv va qishloq xo‘jaligiga zamonaviy raqamli texnologiyalarni tatbiq etish hamda olib borilayotgan tadqiqot natijalarini xalqaro ilmiy maydonlarda taqdim etish bo‘yicha ishlar izchil davom ettirilmoqda.

Shu munosabat bilan, 2026 yil 15–16 sentabr kunlari Xitoy Xalq Respublikasining Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni, Urumchi shahrida bo‘lib o‘tayotgan “ShHT Raqamli iqtisodiyot forumi – 2026” (SCO Digital Economy Forum 2026) xalqaro forumida “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti “Gidravlika va gidroinformatika” kafedrasi dotsenti, PhD Atakulov Dinislam Yermaganbet o‘g‘li ham ishtirok etmoqda.

Mazkur forum Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar vakillari, xalqaro tashkilotlar, oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari, raqamli texnologiyalar va innovatsiyalar sohasida faoliyat yuritayotgan tashkilotlar hamda soha ekspertlarini bir maydonga jamlamoqda. Forum doirasida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, zamonaviy axborot va intellektual texnologiyalarni turli tarmoqlarga joriy etish, raqamli transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish hamda ShHT davlatlari o‘rtasida ilmiy-texnologik hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilinmoqda.

Forumdagi ishtirok, avvalo, universitetda olib borilayotgan ilmiy izlanishlar va amaliy ishlanmalarni xalqaro hamjamiyat bilan o‘rtoqlashish, sohadagi zamonaviy tajribalar bilan tanishish va xorijiy hamkorlar bilan ilmiy muloqotni yanada rivojlantirish imkonini bermoqda. Ayniqsa, gidravlika, gidroinformatika, raqamli suv boshqaruvi, aqlli qishloq xo‘jaligi, sun’iy intellekt, masofaviy monitoring, IoT hamda avtomatlashtirilgan sug‘orish texnologiyalari kabi yo‘nalishlarda tajriba almashish kelgusida yangi tadqiqot tashabbuslari va qo‘shma loyihalarni shakllantirishga zamin yaratadi.

Shu bilan birga, mazkur xalqaro muloqot Xitoyning hamkor universitetlari va ilmiy tashkilotlari bilan mavjud aloqalarni mustahkamlash, qo‘shma laboratoriyalar doirasidagi tadqiqotlarni kengaytirish, akademik almashinuv va yosh tadqiqotchilar ishtirokini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, ilg‘or raqamli texnologiyalarni ta’lim va ilmiy jarayonlarga bosqichma-bosqich tatbiq etish uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.

 Universitet matbuot xizmati