Universitetimizda Osiyo taraqqiyot bankining Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik (CAREC) dasturi doirasida “Yashil ko‘nikmalarni rivojlantirish” loyihasining xalqaro seminarlari o‘tkazildi.

15.09.2026

#Ta`lim #Yangilik

2026-yilning 7–10-sentabr kunlari Universitetimizda Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik (CAREC) dasturi doirasida yashil ko‘nikmalarni rivojlantirishga bag‘ishlangan xalqaro seminarlar bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Yashil qishloq xo‘jaligi mintaqaviy markazi (Regional Center for Green Agriculture - RCGA) raqamli platformasini shakllantirish hamda “Green Inclusive Change for Sustainable Development” akademik modulini takomillashtirishga qaratildi. Seminarlarda O‘zbekiston bilan bir qatorda Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Turkmaniston, Mongoliya, Pokiston va Gruziyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalari vakillari, shuningdek, Osiyo taraqqiyot banki (ADB) ekspertlari ishtirok etdilar.

Dastlab, 7–8-sentabr kunlari CAREC Yashil qishloq xo‘jaligi mintaqaviy markazi (RCGA) raqamli platformasini birgalikda ishlab chiqishga bag‘ishlangan mintaqaviy seminar tashkil etildi. Unda Yashil qishloq xo‘jaligi mintaqaviy markazining boshqaruv va institutsional mexanizmlari, mintaqaviy qishloq xo‘jaligi bilim va innovatsiyalar tizimini shakllantirish, iqlimga moslashgan qishloq xo‘jaligini rivojlantirish hamda mamlakatlar o‘rtasida ilmiy bilim va tajriba almashinuvini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi. Muhokamalar davomida suv va irrigatsiya boshqaruvi, iqlim o‘zgarishiga moslashish va barqarorlik, qishloq xo‘jaligida innovatsiyalar va texnologiyalar transferi, raqamli qishloq xo‘jaligi hamda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish kabi ustuvor yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratildi. Yashil qishloq xo‘jaligi mintaqaviy markazi raqamli platformasining kelajakdagi tuzilmasi ham muhokama qilinib, unda ilmiy bilim va tadqiqotlar repozitoriysi, iqlim va gidrometeorologik ma’lumotlar markazi, elektron ta’lim va sertifikatlash markazi, fermerlar uchun maslahat xizmatlari, innovatsion va ilmiy hamkorlik portali, shuningdek, siyosiy va me’yoriy hujjatlar kutubxonasi kabi modullarni tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi. Platformani kelgusida GIS texnologiyalari bilan integratsiya qilish va sun’iy intellekt yechimlarini joriy etish imkoniyatlari ham belgilandi. Keyingi kunlari esa “Green Inclusive Change for Sustainable Development” akademik modulini konsolidatsiya qilish va yakuniy shakllantirish bo‘yicha mintaqaviy seminar davom etdi. Unda barqaror rivojlanish va BMTning 2030-yilgacha bo‘lgan Barqaror rivojlanish maqsadlari, adolatli o‘tish (Just Transition), barqarorlik uchun o‘zgarishlarni boshqarish, yashil inklyuziv o‘zgarish vositalari, barqaror energetika va ekologik adolat, aylanma iqtisodiyot hamda resurslardan samarali foydalanish kabi yo‘nalishlar ko‘rib chiqildi.

Seminar doirasida ishtirokchi davlatlarning real tajribalariga asoslangan har bir mamlakat bo’yicha misol(case)lar ham taqdim etildi. Jumladan, chiqindilarni energiyaga aylantirish va qayta ishlash, biochar yordamida tuproqni tiklash, “Smart Water” tizimlari, iqlimga moslashgan qishloq xo‘jaligi, yashil ish o‘rinlari, suv -energiya - oziq-ovqat xavfsizligi Nexus yondashuvi kabi amaliy tajribalar muhokama qilindi. Universitetimiz tomonidan esa Qashqadaryo viloyatida resurs tejovchi qishloq xo‘jaligi amaliyotlari hamda Central Asia Nexus Dialogue Project tajribasi taqdim etildi. Tadbir yakunida RCGAning kelajakdagi faoliyati, boshqaruv tuzilmasi, raqamli platformaning ustuvor modullari, ma’lumot almashish tamoyillari, yashil ko‘nikmalarni rivojlantirish mexanizmlari hamda hamkor universitetlarning vazifalari bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi. Mazkur xalqaro seminarlar CAREC mamlakatlari o‘rtasida yashil qishloq xo‘jaligi, raqamlashtirish, iqlimga moslashuv va yashil ko‘nikmalarni rivojlantirish sohasidagi ilmiy-ta’limiy hamkorlikni yanada mustahkamlash, ilg‘or tajribalarni mintaqaviy darajada ommalashtirish hamda ilm-fan, ta’lim va amaliyot integratsiyasini kuchaytirishga xizmat qiladi.