Xitoyning yetakchi tashkilotlari bilan yangi hamkorlik kelishuvlari imzolandi

15.09.2026

#Rektordan #Ta`lim

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 2 apreldagi PQ–122-son qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, qishloq va suv xo‘jaligi sohalari uchun yuqori malakali muhandis kadrlar tayyorlash hamda ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish maqsadida «TIQXMMI» Milliy tadqiqot universitetida Xitoy Xalq Respublikasi delegatsiyasi bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.

Tashrif doirasida Xitoyning Tsinghua” University, “TT Aviation”, “Beifang Automotive Education”, “AI Force Tech” va “Swan Cotton” tashkilotlari vakillari bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvlarda muhandis kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, ilg‘or xorijiy tajribani ta’lim jarayoniga joriy etish, qo‘shma ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish va zamonaviy texnologiyalardan foydalanish masalalari muhokama qilindi.

Tashrifning muhim natijasi sifatida qator hamkorlik memorandumlari va kelishuvlar imzolandi. Xususan, “Tsinghua University” bilan suv xo‘jaligi va gidrotexnika sohasida qo‘shma tadqiqotlarni rivojlantirish, “TT Aviation”bilan dron operatorlarini tayyorlash va maxsus kurslarni tashkil etish, “Beifang Automotive Education” bilan avtomobil muhandisligi bo‘yicha zamonaviy ta’lim va amaliy tayyorgarlikni yo‘lga qo‘yish, “AI Force Tech” bilan sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni ta’lim hamda ilmiy jarayonlarga joriy etish, “Swan Cotton” bilan qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash va zamonaviy agrotexnologiyalarni tatbiq etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. 

Shuningdek, Xitoy delegatsiyasi universitetning Quvvat mashinalari va yonilg‘i, Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha qo‘shma, Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash, Suv resurslarini integral boshqarish, Nasoslar va nasos stansiyalari laboratoriyalari hamda IT markazi faoliyati bilan tanishdi. 

Mazkur hamkorliklar PQ–122-son qarorda belgilangan vazifalarni amalga oshirish, zamonaviy muhandis kadrlar tayyorlash sifatini oshirish hamda universitetning xalqaro ta’lim va ilmiy hamkorlik salohiyatini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.