Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Oʻzbekiston va Koreya Respublikasi: oʻzgarishlar davrida kelajak sari intilayotgan hamkorlik” maqolasi eʼlon qilindi

14.09.2026

#O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati yangiliklari

Koreya Respublikasining yetakchi nashrlaridan biri — “The Chosun Daily”da Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Oʻzbekiston va Koreya Respublikasi: oʻzgarishlar davrida kelajak sari intilayotgan hamkorlik” sarlavhali maqolasi eʼlon qilindi.

Maqolada Oʻzbekiston va Koreya oʻrtasidagi tarixiy rishtalar, bugungi alohida strategik sheriklik, savdo-investitsiya aloqalari hamda munosabatlarni yangi texnologik bosqichga olib chiqish istiqbollariga alohida eʼtibor qaratilgan.

Maqolada qayd etilganidek

🔵soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Koreya oʻrtasidagi ikki tomonlama savdo hajmi 5 barobarga oshgan;

🔵Koreyaning Oʻzbekiston iqtisodiyotiga kiritgan investitsiyalari hajmi 8 milliard dollardan oshgan;

🔵Ayni paytda mamlakatimizda Koreya kapitali ishtirokida 700 dan ziyod qoʻshma korxona va loyihalar amalga oshirilmoqda;

🔵KOICA, Koreya Eksimbanki va EDCF bilan hamkorlikdagi loyihalarning umumiy portfeli 3,5 milliard dollardan ortiq;

🔵2025 yilda Markaziy Osiyo davlatlarining umumiy yalpi ichki mahsuloti 500 milliard dollardan oshgan.

Prezident ikki mamlakat iqtisodiyotining oʻzaro toʻldiruvchanligi yangi oʻsish drayverlarini yaratish uchun katta imkoniyat ekanini taʼkidlab, hamkorlikni umumiy ishlab chiqarish tizimlari, texnologik platformalar va yangi bozorlarni shakllantirish darajasiga olib chiqish muhimligini taʼkidladi.

"Ishonchim komilki, aynan shu asosda hamkorligimizning yangi sahifasini ochishimiz — alohida sohalardagi muvaffaqiyatli hamkorlikdan umumiy ishlab chiqarish tizimlari, texnologik platformalar va yangi bozorlarni shakllantirishga o‘tishimiz mumkin. Bu esa mamlakatlarimiz barqaror va uzoq muddatli farovonligining yanada mustahkam poydevorini barpo etadi".

Maqolada sun’iy intellekt, yarim o‘tkazgichlar, robototexnika, elektr transport vositalari, biofarmasevtika, aqlli qishloq xo‘jaligi va “aqlli shaharlar” istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlari sifatida belgilangan. Shuningdek, ta’lim va inson kapitaliga investisiya kiritish, akademik almashinuv va qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish muhimligi e’tirof etgan.

Prezident, shuningdek, Markaziy Osiyo-Koreya Respublikasi sammiti O‘zbekiston va Koreya munosabatlari bilan bir qatorda, butun mintaqa bilan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish uchun muhim maydon ekaniligiga alohida urg‘u berdi.

"...O‘zbekiston siyosiy muloqotni chuqurlashtirish, amaliy hamkorlikni kengaytirish va sheriklikning yangi, samarali mexanizmlarini shakllantirishga qaratilgan qator dolzarb tashabbuslarni ilgari surish niyatida. Bu tashabbuslar “Markaziy Osiyo — Koreya Respublikasi” formatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, uni yanada tizimli, dinamik va uzoq muddatli mintaqaviy ustuvor vazifalarga yo‘naltirilgan mexanizmga aylantirishga qaratilgan".

Prezident maqolasida qayd etilganidek, O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi strategik sheriklik nafaqat ikki tomonlama munosabatlarni, balki Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik, innovatsiya va umumiy taraqqiyot uchun yangi imkoniyatlarni shakllantirishga xizmat qilmoqda.

"Markaziy Osiyo va Koreya Respublikasi tinchlik, innovatsiyalar, o‘zaro ishonch va umumiy farovonlikka asoslangan hamkorlikning yangi makonini shakllantira olishiga chin dildan ishonaman"- deydi Davlatimiz Rahbari maqolada.

🔥 Maʼlumot oʻrnida: The Chosun Daily — 1920-yilda tashkil etilgan “Chosun Ilbo” mediaguruhi tarkibidagi nashr boʻlib, Koreya Respublikasidagi yirik axborot platformalaridan biri hisoblanadi.

Nashr siyosat, iqtisodiyot, jamiyat va xalqaro munosabatlarga oid dolzarb voqealarni keng yoritib boradi. Unda Oʻzbekiston Prezidentining maqolasi eʼlon qilinishi ikki mamlakat oʻrtasidagi strategik sheriklikka boʻlgan yuksak eʼtiborning yana bir ifodasidir.