Yetti ustunga tayangan kelajak
11.09.2026
(Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan e’lon qilingan yetti milliy dasturning hayotbaxsh qudrati va umidbaxsh mohiyati haqida)
Kirish o‘rnida: davr
talabi va milliy iroda
Har bir tarixiy davr o‘z
sinovlarini, o‘z talablarini keltiradi. Bugungi kun — bir tomondan, jahon
miqyosida geosiyosiy va iqtisodiy jarayonlarning tezlashuvi, iqlim o‘zgarishi,
texnologik inqilob davri bo‘lsa, ikkinchi tomondan, xalqimiz uchun o‘zligini
anglash, tараqqiyot sari dadil qadam tashlash davridir. Ana shunday
mas’uliyatli pallada Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan e’lon qilingan
yetti milliy dastur — bu shunchaki hujjat yoki reja emas, balki millatning
kelajakka boqib ishlab chiqqan strategik irodasi, xalq va davlat o‘rtasidagi
yangi ijtimoiy shartnomaning ifodasidir.
Ushbu dasturlarning har
biri o‘zaro chambarchas bog‘liq bo‘lib, ular birgalikda yaxlit bir tizimni —
inson kapitalidan tortib, sog‘liqni saqlash, iqtisodiyot, ekologiya, adolat,
mahalla va xalqaro nufuzgacha bo‘lgan barcha jabhalarni qamrab oluvchi kompleks
yondashuvni tashkil etadi. Bu — “inson uchun” tamoyilining yangi, yuksak
bosqichga ko‘tarilgan ifodasidir. Zero, har qanday buyuk maqsad, avvalo,
insonning bilimi, salomatligi, farovonligi va adolat tuyg‘usidan boshlanadi.
Keling, ana shu yetti
dasturning har biri xalqimiz hayotiga qanday yangilik, qanday umid va qanday
kuch olib kirishini birma-bir mushohada qilaylik.
Birinchi dastur: bilim —
kelajak kapitali
Har qanday millatning
buyukligi, avvalo, uning ilmiy-intellektual salohiyati bilan o‘lchanadi. Tarix
guvohki, qaysi xalq bilimga, ta’limga eng ko‘p mablag‘ va e’tibor qaratgan
bo‘lsa, o‘sha xalq jahon taraqqiyoti sahnasida yetakchilik qilgan. Birinchi
milliy dastur aynan shu haqiqatdan kelib chiqib, bilim va malakani kelajak
taraqqiyotining asosiy kapitaliga aylantirishni maqsad qilib qo‘ygan.
Bolalarning 6 yoshli
tayyorlov guruhlariga qamrovini qisqa muddatda 100 foizga yetkazish — bu
shunchaki statistik ko‘rsatkich emas, balki har bir bolaning maktabgacha ta’lim
orqali hayotga tayyor bo‘lib kirishini ta’minlash, ta’lim tizimidagi
tengsizlikni bartaraf etish yo‘lidagi qat’iy qadamdir. Ayni paytda xususiy
bog‘chalar tashkil etish bo‘yicha mavjud imtiyozlarning saqlab qolinishi
tadbirkorlik faolligini rag‘batlantirish bilan birga, ushbu sohada davlat va
xususiy sektor hamkorligining barqaror model sifatida davom etishidan dalolat
beradi.
Barcha maktablarning
xalqaro baholash dasturlari bilan to‘liq qamrab olinishi esa ta’lim sifatini
jahon andozalari darajasiga ko‘tarish, o‘quvchilarimiz bilimini xolis va
obyektiv baholash imkoniyatini yaratadi. Bu — o‘z-o‘zini aldamaslik, haqiqiy
natijalarga tayanish falsafasining amaliy ko‘rinishidir.
Alohida ta’kidlash joizki,
texnikumlarda xalqaro ta’lim standartlarini joriy etish va yoshlarni yuqori
daromadli kasblarga o‘qitish qamrovini 1 millionga yetkazish g‘oyasi — bu oddiy
raqam emas, balki millionlab yosh yigit-qizlarimizning kelajagiga, oilaviy
farovonligiga bevosita daxldor bo‘lgan ulkan ijtimoiy loyihadir. “Yangi O‘zbekistonda
kasb egallamagan birorta yigit-qiz qolmaydi” degan tamoyil — bu davlatning har
bir fuqarosiga bergan qat’iy va’dasi, ayni paytda ishonch mandatidir.
Ikkinchi dastur: sog‘lom
xalq — barqaror kelajak
Inson salomatligi — har
qanday jamiyat farovonligining poydevoridir. Ikkinchi milliy dastur
xalqimizning sog‘lom bo‘lishi va uzoq umr ko‘rishini ta’minlashga qaratilgan
bo‘lib, bu borada belgilangan vazifalar chinakam davlat siyosatining
insonparvarlik mohiyatini namoyon etadi.
Aholi salomatligi bilan
bog‘liq davlat xarajatlarini kelgusi besh yilda yalpi ichki mahsulotga nisbatan
5 foizga yetkazish — jahon amaliyotida ham yuksak ko‘rsatkich hisoblanadi. Bu
mablag‘lar, birinchi navbatda, kasalliklarning oldini olish, ya’ni profilaktika
tizimini kuchaytirishga yo‘naltiriladi. Chunki kasallikni davolashdan ko‘ra,
uning oldini olish ancha samarali va insonparvarlik nuqtai nazaridan ham
to‘g‘ri yondashuvdir.
Davlat tibbiy
sug‘urtasining mamlakatning barcha xonadonlariga kirib borishi — bu ijtimoiy
adolat tamoyilining yorqin ifodasi bo‘lib, har bir fuqaroning, u qayerda
yashashidan qat’i nazar, sifatli tibbiy xizmatdan bahramand bo‘lish huquqini
kafolatlaydi. Shuningdek, dunyoning eng nufuzli kamida beshta klinikasini
mamlakatimizga olib kelish orqali ixtisoslashgan tibbiyotda raqobat muhitini
yaratish — bu xalqimizga eng ilg‘or tibbiy xizmatlarni o‘z yurtida taqdim
etish, tibbiy turizm o‘rniga aksincha, jahon mutaxassislarini O‘zbekistonga
jalb qilish strategiyasidir.
Uchinchi dastur: yuqori
texnologiya va mehnat unumdorligi sari
Iqtisodiyot — davlat
qudratining moddiy asosidir. Uchinchi milliy dastur iqtisodiyotimizni yuqori
texnologiya va mehnat unumdorligi modeliga o‘tkazishni nazarda tutadi, bu esa
mamlakatimizning jahon iqtisodiy tizimidagi o‘rnini tubdan mustahkamlashga
xizmat qiladi.
Kelgusi o‘n yilda 450
milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilish rejasi — bu nafaqat raqam,
balki mamlakatimizga bo‘lgan xalqaro ishonchning aniq ko‘rsatkichidir. 2030
yilgacha yalpi ichki mahsulot hajmini 300 milliard dollarga yetkazish, sanoatda
2 million yuqori daromadli ish o‘rni yaratish — bu, avvalambor, oddiy
fuqarolarimizning turmush darajasini yuksaltirish, ish bilan bandlik muammosini
hal etish yo‘lidagi ulkan qadamdir.
Bugungi kunning eng
dolzarb yo‘nalishlaridan biri — startap, venchur va sun’iy intellekt sohalarini
rivojlantirish. Yoshlarimizning ijodiy salohiyatini, tadbirkorlik ruhini to‘liq
ro‘yobga chiqarish uchun ana shu zamonaviy yo‘nalishlarga ustuvorlik berilishi
— kelajak iqtisodiyotining poydevorini bugundan qurish demakdir. Kichik
biznesning o‘rta biznesga, o‘rta korxonalarning esa yirik kompaniya va
korporatsiyalarga aylanishi uchun yaxlit ekotizim yaratish g‘oyasi —
tadbirkorlik zanjirining barcha bo‘g‘inlarini uyg‘un rivojlantirish falsafasini
aks ettiradi. Bularning barchasi, oxir-oqibat, kelgusi o‘n yilda jon boshiga
yalpi ichki mahsulot hajmini 10 ming dollarlik marradan oshirish — ya’ni har
bir oilaning farovonligini yuksaltirish maqsadiga xizmat qiladi.
To‘rtinchi dastur: suv va
tabiatga munosabatni yangilash
Global iqlim o‘zgarishi
sharoitida suv resurslarini asrash va ekologik muvozanatni saqlash — nafaqat
mintaqaviy, balki umumbashariy ahamiyat kasb etayotgan muammolardan biridir.
To‘rtinchi milliy dastur aynan shu masalaga — suv va tabiatga munosabatni
tubdan o‘zgartirishga qaratilgan.
Kelgusi besh yilda ekin
maydonlarida suv tejaydigan texnologiyalar qamrovini 100 foizga yetkazish — bu,
birinchi navbatda, kelajak avlodlar oldidagi mas’uliyatimizning ifodasidir. Suv
— hayot manbai, va uni tejab-tergab ishlatish, zamonaviy texnologiyalar asosida
boshqarish endilikda umummilliy marraga, ya’ni har bir fuqaroning, har bir
xo‘jalikning burchiga aylanmoqda. Bu dastur qishloq xo‘jaligi samaradorligini
oshirish bilan bir qatorda, ekologik barqarorlikni ta’minlashning ham ishonchli
kafolatidir.
Beshinchi dastur: adolat
va qonun ustuvorligi
Adolat qaror topgan joyda
iqtisodiy o‘sish ham, ijtimoiy ishonch ham yuksaladi — bu haqiqat har qanday
jamiyat taraqqiyotining asosiy qonuniyatidir. Beshinchi milliy dastur sud
mustaqilligini kuchaytirish va qonun ustuvorligini ta’minlashni umumiy
qadriyatga aylantirishga qaratilgan.
Huquqiy tarbiyani
maktabdan boshlab tizimli asosda yo‘lga qo‘yish — bu kelajakda huquqiy ongi
yuksak, qonunga hurmat bilan qaraydigan fuqarolar jamiyatini shakllantirishning
uzoq muddatli, ammo eng samarali yo‘lidir. Fuqarolar va tadbirkorlarning
qonuniy kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha islohotlarning izchil davom
ettirilishi esa biznes muhitiga bo‘lgan ishonchni mustahkamlaydi.
Ayni paytda
kiberjinoyatchilik, giyohvandlik va odam savdosiga qarshi kurash choralarining
kuchaytirilishi, “yashirin iqtisodiyot”, uyushgan jinoyatchilik, ayollar va
bolalar huquqini kamsitishga qarshi murosasiz kurashning yangi bosqichga
ko‘tarilishi — bu jamiyatimizni har tomonlama sog‘lomlashtirish, har bir
fuqaroning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning aniq ifodasidir.
Oltinchi dastur: mahalla —
taraqqiyotning bosh buyurtmachisi
Xalqimizning kayfiyati,
oilalarning farovonligi, yoshlarning orzu-umidlari, tadbirkorlarning
tashabbuskorligi — bularning barchasi, avvalo, mahallada namoyon bo‘ladi. Shu
bois oltinchi milliy dastur mahallani jamiyat taraqqiyotining asosiy
buyurtmachisiga aylantirishga qaratilgan bo‘lib, bu — davlat boshqaruvi falsafasidagi
tub burilishdir.
Endilikda davlat
dasturlarini ishlab chiqishga yondashuv butunlay o‘zgaradi: tuman budjeti,
investitsiya dasturlari va infratuzilma loyihalari “yuqoridan” emas, balki
mahalla buyurtmasi, ya’ni bevosita xalqning o‘zi bildirgan talab va ehtiyoj
asosida shakllantiriladi. Bu — fuqarolik jamiyatini mustahkamlashning, davlat
va xalq o‘rtasidagi ishonchni yanada chuqurlashtirishning amaliy mexanizmidir.
Mahallaning farovonligi eng asosiy mezon sifatida belgilanishi — bu,
oxir-oqibat, har bir insonning ovozi eshitilishi, uning manfaati hisobga
olinishi kafolatidir.
Yettinchi dastur: tinchlik
va do‘stlik diyori sifatidagi nufuz
Yettinchi milliy dastur —
O‘zbekistonning tinchlik va do‘stlik diyori, bag‘rikeng o‘lka sifatidagi
xalqaro nufuzini har tomonlama yuksaltirishga qaratilgan. Mamlakatimizning
ochiq, pragmatik va tinchlikparvar tashqi siyosati — bu nafaqat diplomatik
yutuq, balki xalqimizning uzoq muddatli, barqaror taraqqiyotini ta’minlashning
muhim shartidir.
Zero, tinchlik va barqarorlik
bo‘lmagan joyda na iqtisodiy o‘sish, na ijtimoiy farovonlik mumkin.
O‘zbekistonning mintaqada va undan tashqarida tinchlikparvar, hamkorlikka
yo‘naltirilgan siyosat yuritishi — bu mamlakatimizning nafaqat o‘z fuqarolari,
balki butun mintaqa xalqlari oldidagi mas’uliyatining ham ifodasidir.
Xulosa: yetti dastur —
yagona maqsad sari
Yuqorida ko‘rib chiqilgan
yetti milliy dastur — bir-biridan ajralgan holda emas, balki yagona, yaxlit
tizim sifatida namoyon bo‘ladi. Bilimli va malakali avlod — sog‘lom jamiyatning,
sog‘lom jamiyat — yuqori texnologiyali iqtisodiyotning, barqaror iqtisodiyot —
ekologik xavfsizlikning, adolat va qonun ustuvorligi — ijtimoiy ishonchning,
kuchli mahalla — fuqarolik jamiyatining, tinchlikparvar siyosat esa — barcha bu
yutuqlarni mustahkamlovchi tashqi omilning poydevoridir.
Ushbu dasturlarning har
biri ortida — millionlab fuqarolarimizning kelajakka bo‘lgan umidi, ishonchi va
orzu-armonlari yotibdi. Prezidentimiz tomonidan e’lon qilingan bu strategik
yo‘nalishlar — Yangi O‘zbekistonning nafaqat bugungi kunini, balki kelajak
avlodlar taqdirini ham belgilab beruvchi tarixiy ahamiyatga molik qarorlardir.
Bizning har birimizning vazifamiz — ushbu ulug‘vor maqsadlarni amalga
oshirishda faol ishtirok etish, o‘z mehnati va bilimi bilan bu buyuk yo‘lga
hissa qo‘shishdir. Chunki, oxir-oqibat, Vatan taraqqiyoti — har birimizning
shaxsiy mas’uliyatimiz va halol mehnatimiz mevasidir.
Rahimboy Jumaniyozov, pedagogika fanlari doktori, professor.