“Kelajak kasbiga ilk qadam: Mexatronika va robototexnika yo‘nalishi talabalari bilan uchrashuv”
11.09.2026
“Elektrotexnika va mexatronika” kafedrasida “Mexatronika va robototexnika” ta’lim yo‘nalishining 1-bosqich talabalari bilan tanishuv uchrashuvi tashkil etildi. Uchrashuvda professor-o‘qituvchilar ishtirok etib, talabalarga universitetdagi ta’lim jarayoni, kredit-modul tizimi, fanlarni o‘zlashtirish tartibi, ichki tartib-qoidalar hamda ta’lim yo‘nalishi doirasida yaratilgan imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Kafedra mudiri R. Baratov so‘zga chiqib, bugungi kunda mexatronika va robototexnika sohasi zamonaviy texnologiyalarni rivojlantirishning muhim yo‘nalishlaridan biri ekanligini ta’kidladi. Shuningdek, talabalarga o‘qish davomida nazariy bilimlarni amaliy ko‘nikmalar bilan uyg‘unlashtirish, mustaqil izlanish olib borish va zamonaviy texnologiyalarni puxta o‘zlashtirish bo‘yicha tavsiyalar berdi. Kafedra dotsentlari A. Denmuhammadiyev va A. Nuraliyevlar hamda kafedra katta o‘qituvchilari A. Pardayev va M. Begmatovlar tomonidan talabalarga o‘quv jarayonining mazmun-mohiyati, mutaxassislik fanlarini o‘zlashtirish, laboratoriya va amaliy mashg‘ulotlarda faol ishtirok etish, shuningdek, ilmiy-tadqiqot faoliyatiga jalb etilishning ahamiyati haqida fikrlar bildirildi. Uchrashuv davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan professor-o‘qituvchilarga murojaat qilib, ta’lim jarayoni va talabalik faoliyatiga oid zarur ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.