Iqtisodiyot fakulteti “Orientation Week 2026” — 4-kun.

10.09.2026

#Культурные и организационное

TIIAME NRU O-WEEK 2026 | 4-KUN — YANGI BILIMLAR, YANGI UCHRASHUVLAR VA UNUTILMAS LAHZALAR!


"Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti Iqtisodiyot fakultetida davom etayotgan 1-kurs maktabi “Orientation Week” 2026 loyihasining 4-kuni ham qiziqarli uchrashuvlar, foydali ma’lumotlar va samimiy muloqotlarga boy bo‘ldi.
Kunning dastlabki qismi universitetimiz madaniyat saroyida Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor, pedagogika fanlari doktori(DSc), professor Ruzimurat Choriyev Kungratovich hamda rektor maslahatchisi A.Abdusamatov ishtirokidagi mazmunli uchrashuv bilan boshlandi.


Suhbat davomida talabalar universitetning Ichki tartib-qoidalari va Odob-axloq kodeksi, oliygoh hayoti, talabalarning huquq va majburiyatlari hamda universitet ichki va ijtimoiy muhitida o‘zini tutish madaniyati haqida muhim ma’lumotlarga ega bo‘ldilar. Talabalarning barchasiga tyutorlar va dekan o'rinbosarlari tomonidan universitet odob-axloq kodeksi tarqatildi. Talabalar o'zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.


Shundan so‘ng O'zbekiston yoshlar ittifoqining universitet Yoshlar yetakchisi E.Tursunkulov o‘z taqdimoti orqali yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, turli tanlov va loyihalarda faol ishtirok etish hamda universitet hayotida haqiqiy lider bo‘lish imkoniyatlari haqida talabalar bilan fikr almashdi.


“Uschool” til kursi tomonidan taqdim etilgan maxsus chegirmalar esa yoshlar uchun yana bir yoqimli yangilik bo‘ldi. Zero, xorijiy til — yangi bilimlar, yangi imkoniyatlar va dunyo sari ochiladigan eshikdir!


“Iceberg” jamoasi a’zolari bilan uchrashuv esa kunning eng qiziqarli lahzalaridan biriga aylandi. Jamoaning yoshlar uchun mo‘ljallangan turli loyihalari va bepul kurslari talabalarda katta qiziqish uyg‘otdi. Iqtidorli talabalar ijrosidagi pianino sadolari esa kunimizga o‘zgacha ruh, nafislik va iliqlik bag‘ishlab, go‘yo kichik bir musiqiy tanaffus yaratdi.
Shuningdek, ingliz tilidan o‘tkazilgan testlarda yuqori natija qayd etgan talabalar suhbat bosqichida ishtirok etdilar. Kunning ikkinchi qismi esa koordinatorlar tomonidan tashkil etilgan erkin va ko‘ngilochar tadbirlar bilan davom etdi.
Bir so‘z bilan aytganda, "O-WEEK" 2026 loyihasining 4-kuni ham bilim, imkoniyat, ijodkorlik va samimiy muloqotlarga boy bo‘ldi!

Kunning ikkinchi qismida har doimgidek koordinatorlar tomonidan talabalar bilan birgalikda ishlash jarayoni davom etdi!