“Mexanika va matematik modellashtirish” ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha Respublika ko‘rik tanlovining yakuniy bosqichi o‘tkazildi
10.09.2026
2026-yil 9-sentyabr kuni Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxona tanlovining oliy ta’lim muassasalarining xorijiy talabalari o‘rtasida “Yo‘nalishning eng iqtidorli talabasi” ko‘rik-tanlovining “Mexanika va matematik modellashtirish” ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha yakuniy final bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tanlovning final bosqichi oldidan ishtirokchi talabalar va tashrif buyurgan professor o‘qituvchilar Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Mehmonlarga kutubxonaning faoliyat yo‘nalishlari, ilmiy-ta’limiy imkoniyatlari, mavjud axborot va elektron resurslardan foydalanish tartibi, shuningdek, noyob qo‘lyozmalar majmuasi va boshqa qimmatli ilmiy-ma’rifiy manbalar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Kutubxonaning yetakchi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tanishtiruv jarayonida talabalar ilmiy izlanish olib borish, zarur adabiyot va axborot resurslarini izlash hamda ulardan samarali foydalanish imkoniyatlari bilan tanishdilar.
Rasmiy dasturga ko‘ra, tanlovning yakuniy bosqichi 60530600 — “Mexanika va matematik modellashtirish” ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha tashkil etildi.
Tanlov ishtirokchilari nazariy va amaliy bilimlarini sinovdan o‘tkazdilar. Sinov majmuasi jami 50 ta topshiriqdan iborat bo‘lib, shundan 25 tasi yopiq test, 25 tasi esa ochiq masalalarni tashkil etdi. Ishtirokchilarga jami 180 daqiqa vaqt ajratildi.
Topshiriqlar quyidagi fanlarni qamrab oldi: Nazariy mexanika; Matematik analiz; Algebra va geometriya; Ingliz tili — STEM + grammatika; Rus tili — STEM + grammatika.
Mazkur tadbirda “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti Mexanika va kompyuterli modellashtirish kafedrasi professor-o‘qituvchilari — dotsent Xudoynazov Sh.O., katta o‘qituvchi Xamidov S.S. ishtirok etdilar.
Tanlov jarayoni talabalar uchun nafaqat o‘z bilim va salohiyatlarini sinovdan o‘tkazish, balki turli ta’lim muassasalaridan kelgan tengdoshlari bilan tajriba almashish, o‘zaro muloqot qilish va kasbiy rivojlanish uchun muhim imkoniyat bo‘ldi.
Tanlov yakunlariga ko‘ra, Turkmanistondan kelib , “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti “Mexanika va matematik modellashtirish” ta’lim yo‘nalishida tahsil olayotgan 2-kurs talabasi Uzakbayeva Ogulgerak birinchi o‘rinni egalladi.
G‘olibga 5 oy davomida har oy 40 AQSh dollari miqdoridagi “Yo‘nalish” stipendiyasi ajratiladi.
Mazkur stipendiyaning alohida jihati shundaki, ushbu yo‘nalishni qo‘llab-quvvatlayotgan @mexanika_Uzb kanal tomonidan ajratiladi. Ushbu tashabbus iqtidorli yoshlarni rag‘batlantirish, ularning ilmiy va kasbiy rivojiga ko‘maklashish hamda mexanika sohasi bo‘yicha iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
“Yo‘nalishning eng iqtidorli talabasi” kabi tanlovlar yoshlarning nazariy bilimlarini amaliy masalalar orqali namoyon etishiga, mustaqil fikrlash va masalalarni tahliliy yechish ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Ayniqsa," Mexanika va matematik modellashtirish" kabi fundamental va amaliy fanlarni birlashtiruvchi yo‘nalishlarda bunday tanlovlarning o‘tkazilishi iqtidorli yoshlarni aniqlash, ularni ilmiy izlanishlarga yo‘naltirish hamda kelajakdagi mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash nuqtayi nazaridan muhim ahamiyatga ega. Bilim sinovdan o‘tdi, iqtidor e’tirof etildi va g‘olib yosh tadqiqotchining keyingi rivoji qo‘llab-quvvatlandi.
O‘z navbatida tashkilotchilar ushbu tadbirni yuqori darajada o‘tkazish uchun yaqindan yordam bergan Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxona Jamoasiga o‘z minnatdorchiligini bildiradi.