“Birinchi kurs maktabi” - talabalarning yangi muhitga moslashuvida muhim qadam

09.09.2026

#Ma`naviy va tashkiliy #Ta`lim #Yangilik

“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti Energetika fakultetida 2026/2027 o‘quv yilida qabul qilingan 1-bosqich talabalari uchun “Birinchi kurs maktabi” tasdiqlangan dasturi asosida  mashg‘ulotlar olib borilmoqda.

Mazkur mashg‘ulotlardan asosiy maqsad yangi qabul qilingan talabalarni universitetdagi ta’lim jarayoniga moslashtirish, ularga oliy ta’lim muassasasida tahsil olish tartibi, talabalarning huquq va majburiyatlari, ichki tartib-qoidalar hamda fakultet faoliyati haqida zarur ma’lumotlarni berishdan iborat.

Dasturning birinchi kuni ertalab soat 07:00 dan boshlanib, universitet rahbariyati, rektorat jamoasi hamda professor-o‘qituvchilar tomonidan yangi qabul qilingan talabalarni kutib olish marosimi bilan davom etdi.

Talabalar universitetning bosh binosi - Rektorat binosi hovlisida jamlanib, ular uchun umumiy yig‘ilish tashkil etildi. Yig‘ilishda universitet rahbariyati va professor-o‘qituvchilar ishtirok etib, yangi talaba yoshlarni qutladilar.

Shundan so‘ng talabalar fakultetning 8-ma’ruzalar zaliga taklif etildi. O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida “Mustaqillik darsi”ni Gumanitar fanlar kafedrasi katta o‘qituvchisi Z. Haydarov olib bordi.

Birinchi kurs maktabi doirasida fakultet rahbarlari, kafedra mudirlari ishtirokida ochiq davra suhbati o‘tkazildi. Suhbat davomida talabalarga fakultet rahbariyati va kafedralar faoliyati bilan tanishtirish ishlari olib borildi.

Shuningdek, fakultet strategiyasi, odob-axloq qoidalari, universitetning ichki tartib-qoidalari, ta’lim yo‘nalishlari va guruhlar to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar berildi. Talabalarga universitetda belgilangan qoidalarga rioya qilish, ta’lim jarayonida faol ishtirok etish hamda jamoada o‘zini tutish madaniyati yuzasidan tushuntirishlar berildi.

Uchrashuv yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, fakultet rahbarlari, kafedra mudirlari va tyutorlardan tegishli javob va tavsiyalar oldilar.

Dasturning ikkinchi kunida talabalarning akademik hayotiga oid muhim masalalar yuzasidan batafsil ma’lumot berildi. Jumladan, baholash tizimi, dars jadvali, o‘qitiladigan fanlar, kurs ishlarini bajarish hamda mustaqil ishlarni yozish tartib-qoidalari haqida tushuntirishlar berildi. Ushbu jarayonda dekan o‘rinbosari Botirov ishtirok etib, talabalarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.

Shuningdek, talabalar bilan Student’s Union jamoasi va  Yoshlar ittifoqi faollari ishtirokida uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuv davomida talabalarning universitet ijtimoiy hayotidagi ishtiroki, turli tadbirlar, loyihalar va jamoat ishlarida faol qatnashish imkoniyatlari haqida ma’lumotlar berildi.

Dasturning yana bir muhim qismida “TIQXMMI” MTUning xalqaro mavqei va “Xalqaro darajada ta’lim olish imkoniyatlari” mavzusida taqdimot o‘tkazildi. Xalqaro aloqalar bo‘limi vakillari, jumladan, Sh. Rahmonov tomonidan universitetning xalqaro hamkorligi, xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan aloqalari, talabalar uchun xorijda ta’lim olish, akademik mobillik va xalqaro dasturlarda ishtirok etish imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berildi.

Ushbu uchrashuvlar talabalarning universitetdagi akademik va ijtimoiy hayotga tezroq moslashishi, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanishi hamda kelgusida xalqaro ta’lim dasturlarida ishtirok etishi uchun muhim ahamiyat kasb etdi.

Birinchi kurs maktabi tasdiqlangan dastur asosida davom etmoqda.

 

  “Energetika” fakulteti dekan o‘rinbosari I.Buxorov axboroti

Universitet matbuot xizmati