"TIQXMMI'' Milliy tadqiqot universiteti vakillari Portugaliyada Erasmus+ MECAS xalqaro treningida ishtirok etmoqda

08.09.2026

#Ta`lim #Xalqaro hamkorlik #Yangilik

2026-yil 7-sentabr kuni Portugaliyaning Covilhã shahrida Erasmus+ Capacity Building in Higher Education (CBHE) dasturi doirasidagi MECAS – “Development of Master curricula in EcoInformatics for the impact on the Aral Sea basin” xalqaro loyihasining Ikkinchi texnik treningi va loyiha uchrashuvi (Second Technical Training and Project Meeting) o‘z ishini boshladi.

Mazkur xalqaro treningda “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universitetining “Gidravlika va gidroinformatika” kafedrasidan texnika fanlari doktori Luqmon Samiev, PhD Khumora Jalilova, Sirojiddin Jalilov hamda Feruza Raxmanova ishtirok etmoqda.

7–9-sentabr kunlari davom etadigan trening University of Beira Interior (UBI) universitetining UBImedical markazida tashkil etilgan. Unda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Portugaliya, Italiya va Ispaniyadagi hamkor oliy ta’lim muassasalari va tashkilotlar vakillari ishtirok etmoqda.

Trening mashg‘ulotlari oflayn va onlayn formatlarda olib borilib, Ecoinformatics magistratura dasturi uchun ishlab chiqilayotgan o‘quv modullari bo‘yicha taqdimotlar, nazariy va amaliy mashg‘ulotlar hamda savol-javob sessiyalari tashkil etilmoqda.

Treningning birinchi kuni

7-sentabr kuni trening MECAS loyiha koordinatori, University of Beira Interior va UBImedical vakillarining ochilish hamda tanishtiruv taqdimotlari bilan boshlandi.

Birinchi kun dasturi Numerical Ecology, Citizen Science Green Application, Using GIS in Aquatic Ecomonitoring hamda R Programming in Ecology modullariga bag‘ishlangan. Mazkur modullar doirasida mutaxassislar tomonidan mavzuga oid taqdimotlar o‘tkazilib, zamonaviy metodologik yondashuvlar, nazariy bilimlar va amaliy tajribalar muhokama qilinmoqda.

MECAS loyihasining asosiy maqsadlaridan biri Orol dengizi havzasidagi ekologik muammolarni zamonaviy raqamli texnologiyalar yordamida o‘rganishga yo‘naltirilgan yangi Ecoinformatics magistratura dasturini ishlab chiqish va joriy etishdan iborat.

Loyiha doirasida 2 yillik, 120 ECTS kreditdan iborat Ecoinformatics magistratura dasturi uchun 17 ta yangi o‘quv kursi ishlab chiqilishi rejalashtirilgan. Portugaliyada o‘tkazilayotgan mazkur texnik trening davomida ushbu kurslarning 10 tasi bo‘yicha maxsus mashg‘ulotlar tashkil etiladi.

Treningning keyingi kunlarida Terrestrial and Air-borne Remote Sensing and Spectrometry, Advanced GIS Spatial Analysis, Ecosystem Assessment and Management, Physical and Chemical Monitoring of the Environment, Geoinformation Systems in Ecology hamda Introductory Course to Google Earth Engine modullari bo‘yicha mashg‘ulotlar davom ettiriladi.

"TIQXMMI'' Milliy tadqiqot universiteti mutaxassislarining mazkur xalqaro treningdagi ishtiroki Ecoinformatics yo‘nalishida zamonaviy bilim va tajribalarni o‘zlashtirish, yangi o‘quv dasturlarini takomillashtirish hamda Yevropa va Markaziy Osiyo oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi ilmiy-ta’limiy hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.