“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti Janubiy Koreyada xalqaro hamkorlik memorandumini imzoladi
04.09.2026
2026-yil 1–5-sentabr
kunlari Koreya Respublikasining Incheon shahridagi Songdo Convensia majmuasida
“2026 Incheon International Environmental Technology Confex” xalqaro
konferensiyasi bo‘lib o‘tmoqda. “Beyond Innovation, Towards Sustainability”
shiori ostida tashkil etilgan nufuzli anjuman Koreya Respublikasi Fan va AKT
vazirligi, Incheon Metropolitan shahri hamda Incheon National University
tomonidan tashkil etildi.
Mazkur xalqaro
konferensiyada “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetining Yoshlar masalalari va
ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor, professor R.Choriyev
rahbarligidagi delegatsiyasi faol ishtirok etmoqda. Memorandum universitetning
Koreya Respublikasi hamda IIC Global Branch xalqaro tarmog‘i doirasidagi
hamkorlari bilan ilmiy-texnologik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish,
qo‘shma ilmiy tadqiqotlar va amaliy loyihalarni shakllantirish uchun muhim asos
bo‘lib xizmat qiladi.
Konferensiya dasturida
ekologik texnologiyalar sohasida global hamkorlikni rivojlantirishga
bag‘ishlangan ko‘p tomonlama memorandumni imzolash marosimi alohida o‘rin
egalladi. Tadbirning asosiy maqsadi turli mamlakatlarning iqlim va atrof-muhit
sohasidagi texnologik ehtiyojlarini aniqlash, ularni Koreyaning ilmiy va
texnologik salohiyati bilan bog‘lash hamda qo‘shma ilmiy-tadqiqot,
tajriba-sinov va texnologiyalarni tijoratlashtirish loyihalarini
shakllantirishdan iborat bo‘ldi.
Memorandumning imzolanishi “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetining
xalqaro ilmiy va innovatsion hamkorlik geografiyasini kengaytirish, Janubiy
Koreyaning yetakchi universitetlari, ilmiy-tadqiqot institutlari va texnologik
kompaniyalari bilan uzoq muddatli sheriklik aloqalarini rivojlantirish
yo‘lidagi navbatdagi muhim qadam bo‘ldi.
Konferensiyaning asosiy
yo‘nalishlaridan biri — “IIC Global Branch: Mamlakatga xos texnologiyalarga talab imkoniyatlarini tahlil qilish” sessiyasida ishtirokchi davlatlarning iqlim va atrof-muhit
sohasidagi ustuvor vazifalari, texnologik ehtiyojlari hamda Koreya Respublikasi
bilan hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi.
Mazkur sessiyada
O‘zbekiston nomidan “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti vakili Sherzod Raxmonov
“Iqlim va atrof-muhit
sohalarida texnologiyalarga talab va hamkorlik salohiyati” mavzusida taqdimot qildi.
Taqdimot davomida
O‘zbekistonning iqlim o‘zgarishiga moslashish, suv va tabiiy resurslardan
samarali foydalanish, atrof-muhit monitoringini takomillashtirish hamda
zamonaviy ekologik texnologiyalarni joriy etish borasidagi ehtiyojlarini
xalqaro hamkorlar bilan muhokama qilish uchun muhim maydon yaratildi.
Shuningdek, universitet
vakillari konferensiya doirasidagi ilmiy va texnologik muloqotlarda ishtirok
etib, istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlari hamda kelgusida amalga oshirilishi
mumkin bo‘lgan qo‘shma loyihalar yuzasidan xalqaro hamkorlar bilan fikr
almashdilar.
Sessiyada O‘zbekiston
bilan bir qatorda Mongoliya, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Misr, Shri
Lanka, Hindiston, Tailand va Pokiston vakillari ham o‘z mamlakatlarining
texnologik ehtiyojlari va hamkorlik salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimotlarini
namoyish etdilar. Yakunda mamlakatlarning ustuvor yo‘nalishlari hamda
istiqboldagi hamkorlik imkoniyatlariga bag‘ishlangan panel muhokamasi bo‘lib
o‘tdi.
Konferensiya davlat
tashkilotlari, universitetlar, ilmiy-tadqiqot markazlari, xalqaro tashkilotlar
va biznes vakillarini bir maydonda birlashtirib, qo‘shma tadqiqot loyihalari,
texnologik demonstratsiyalar va innovatsion ishlanmalarni amaliyotga joriy
etish bo‘yicha yangi konsorsiumlar shakllantirish imkoniyatlarini muhokama
qilishga xizmat qildi.
“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti tomonidan memorandumning
imzolanishi va O‘zbekistonning ekologik hamda iqlimiy texnologiyalarga bo‘lgan
ehtiyojlarining xalqaro maydonda taqdim etilishi universitetning Janubiy Koreya
bilan ilmiy-texnologik hamkorligini yanada rivojlantirish, yangi qo‘shma loyihalarni
shakllantirish hamda ilg‘or Koreya tajribasi va texnologiyalarini O‘zbekiston
sharoitiga moslashtirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.