“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti Janubiy Koreyada xalqaro hamkorlik memorandumini imzoladi

04.09.2026

#Xalqaro hamkorlik

2026-yil 1–5-sentabr kunlari Koreya Respublikasining Incheon shahridagi Songdo Convensia majmuasida “2026 Incheon International Environmental Technology Confex” xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tmoqda. “Beyond Innovation, Towards Sustainability” shiori ostida tashkil etilgan nufuzli anjuman Koreya Respublikasi Fan va AKT vazirligi, Incheon Metropolitan shahri hamda Incheon National University tomonidan tashkil etildi.

Mazkur xalqaro konferensiyada “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetining Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar  bo‘yicha prorektor, professor R.Choriyev rahbarligidagi delegatsiyasi faol ishtirok etmoqda. Memorandum universitetning Koreya Respublikasi hamda IIC Global Branch xalqaro tarmog‘i doirasidagi hamkorlari bilan ilmiy-texnologik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar va amaliy loyihalarni shakllantirish uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.

Konferensiya dasturida ekologik texnologiyalar sohasida global hamkorlikni rivojlantirishga bag‘ishlangan ko‘p tomonlama memorandumni imzolash marosimi alohida o‘rin egalladi. Tadbirning asosiy maqsadi turli mamlakatlarning iqlim va atrof-muhit sohasidagi texnologik ehtiyojlarini aniqlash, ularni Koreyaning ilmiy va texnologik salohiyati bilan bog‘lash hamda qo‘shma ilmiy-tadqiqot, tajriba-sinov va texnologiyalarni tijoratlashtirish loyihalarini shakllantirishdan iborat bo‘ldi.

Memorandumning imzolanishi “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetining xalqaro ilmiy va innovatsion hamkorlik geografiyasini kengaytirish, Janubiy Koreyaning yetakchi universitetlari, ilmiy-tadqiqot institutlari va texnologik kompaniyalari bilan uzoq muddatli sheriklik aloqalarini rivojlantirish yo‘lidagi navbatdagi muhim qadam bo‘ldi.

Konferensiyaning asosiy yo‘nalishlaridan biri — “IIC Global Branch:  Mamlakatga xos texnologiyalarga talab imkoniyatlarini tahlil qilish” sessiyasida ishtirokchi davlatlarning iqlim va atrof-muhit sohasidagi ustuvor vazifalari, texnologik ehtiyojlari hamda Koreya Respublikasi bilan hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi.

Mazkur sessiyada O‘zbekiston nomidan “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti vakili Sherzod Raxmonov “Iqlim va atrof-muhit sohalarida texnologiyalarga talab va hamkorlik salohiyati” mavzusida taqdimot qildi.

Taqdimot davomida O‘zbekistonning iqlim o‘zgarishiga moslashish, suv va tabiiy resurslardan samarali foydalanish, atrof-muhit monitoringini takomillashtirish hamda zamonaviy ekologik texnologiyalarni joriy etish borasidagi ehtiyojlarini xalqaro hamkorlar bilan muhokama qilish uchun muhim maydon yaratildi.

Shuningdek, universitet vakillari konferensiya doirasidagi ilmiy va texnologik muloqotlarda ishtirok etib, istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlari hamda kelgusida amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan qo‘shma loyihalar yuzasidan xalqaro hamkorlar bilan fikr almashdilar.

Sessiyada O‘zbekiston bilan bir qatorda Mongoliya, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Misr, Shri Lanka, Hindiston, Tailand va Pokiston vakillari ham o‘z mamlakatlarining texnologik ehtiyojlari va hamkorlik salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimotlarini namoyish etdilar. Yakunda mamlakatlarning ustuvor yo‘nalishlari hamda istiqboldagi hamkorlik imkoniyatlariga bag‘ishlangan panel muhokamasi bo‘lib o‘tdi.

Konferensiya davlat tashkilotlari, universitetlar, ilmiy-tadqiqot markazlari, xalqaro tashkilotlar va biznes vakillarini bir maydonda birlashtirib, qo‘shma tadqiqot loyihalari, texnologik demonstratsiyalar va innovatsion ishlanmalarni amaliyotga joriy etish bo‘yicha yangi konsorsiumlar shakllantirish imkoniyatlarini muhokama qilishga xizmat qildi.

“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti tomonidan memorandumning imzolanishi va O‘zbekistonning ekologik hamda iqlimiy texnologiyalarga bo‘lgan ehtiyojlarining xalqaro maydonda taqdim etilishi universitetning Janubiy Koreya bilan ilmiy-texnologik hamkorligini yanada rivojlantirish, yangi qo‘shma loyihalarni shakllantirish hamda ilg‘or Koreya tajribasi va texnologiyalarini O‘zbekiston sharoitiga moslashtirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.