Kanallarni betonlashtirishda ilmiy yondashuv va sifat nazorati

03.09.2026

#Ta`lim #Xalqaro hamkorlik

Xorazm viloyatida irrigatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish, suv yoʻqotishlarining oldini olish va muhandislik inshootlarining mustahkamligini oshirish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, Urganch–Xiva avtomobil yoʻlining Qoʻshkoʻpir tumani qismidan kesib oʻtuvchi «Gʻazovot» magistral kanalining (PK100+57 dan PK105+57 gacha boʻlgan 0,5 km qismi) hamda «Qulovat» kanalini rekonstruksiya qilish obyektlaridagi qurilish-montaj jarayonlari alohida nazoratga olingan.

Ushbu obyektlarda olib borilayotgan muhandislik ishlarining borishi va sifatini koʻzdan kechirish maqsadida Suv xoʻjaligi vaziri Shavkat Rahimovich Xamrayev, viloyat hokimining ilmiy maslahatchisi, «Chapqirgʻoq Amudaryo» ITHB boshligʻi hamda bir qator yetakchi soha mutaxassislari hududga tashrif buyurdilar.

Oʻrganishlar davomida Suv xoʻjaligi vazirligi rahbariyati tomonidan betonlashtirish va rekonstruksiya qilish ishlarini ilmiy asoslangan tavsiyalar bilan integratsiya qilgan holda olib borish, muhandislik yechimlarini amaldagi texnik va meʻyoriy talablarga toʻliq mos ravishda, yuqori sifatda bajarish boʻyicha muhim koʻrsatmalar berildi.

Obyektlarning texnik koʻrsatkichlari:

1️. «Gʻazovot» magistral kanali:

• Suv manbai: «Polvon» kanali

• Umumiy uzunligi: 42,1 km

• Betonlashtiriladigan qismi: 0,5 km (PK100+57 – PK105+57)

• Suv oʻtkazish qobiliyati: 60,0 m³/sek

• Xizmat koʻrsatiladigan maydon: 13126 gektar.

2. «Qulovat» kanali:

• Suv olish manbasi: «Shovot» kanali (PK 136+50)

• Umumiy uzunligi: 35,6 km (shundan 22,2 km tuproq va 13,4 km beton oʻzanli)

• Loyihaviy suv oʻtkazish qobiliyati: 30,0 m³/sek

• Xizmat koʻrsatiladigan maydon: 29400 gektar.

Kutilayotgan natijalar:

Kanal oʻzanidan suvning sizib ketishi (filtratsiya) oldi olinib, suv resurslari tejaladi;

Ekin maydonlarining suv taʻminoti kafolatlanadi va barqarorlashadi;

Qishloq xoʻjaligi hosildorligini oshirish uchun mustahkam zamin yaratiladi;

Aholini va ichki bozorni sifatli mahsulotlar bilan taʻminlash darajasi yaxshilanadi.