Xalqaro hamkorlik: yoshlarimiz Koreyada ta’lim olishni boshladi!

02.09.2026

#Ta`lim #Xalqaro hamkorlik

“Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy Tadqiqot Universiteti hamda Janubiy Koreyaning Keimyung College University o‘rtasidagi xalqaro hamkorlik doirasida yoshlarimiz uchun yangi ta’lim imkoniyatlari yaratilmoqda.

Mazkur hamkorlik LUPIC — Leading University Project for International Cooperation dasturi doirasidagi “TIQXMMI Milliy Tadqiqot Universiteti huzuridagi Mexatronika texnikumi ta’lim kompetensiyalarini rivojlantirish loyihasi” asosida amalga oshirilmoqda.

Loyiha doirasida universitetimizning “Elektrotexnika va mexatronika” kafedrasi professor-o‘qituvchilari faol ishtirok etib, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, zamonaviy mexatronika va robototexnika yo‘nalishlarini takomillashtirish hamda iqtidorli yoshlar uchun xalqaro ta’lim imkoniyatlarini kengaytirishga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Hamkorlikning muhim natijalaridan biri sifatida Global Korea Scholarship (GKS) dasturi bo‘yicha magistraturaga qabul suhbatlari Keimyung College University’ning koreyalik professor-o‘qituvchilari tomonidan o‘tkazildi. Suhbat natijalariga ko‘ra, “Texnika va texnologiyalarning texnik ekspertizasi va marketingi” bakalavriat yo‘nalishi talabalari Junaydullayev Xusan va Sayidaliyev Muhammadjon saralab olindi.

Quvonarlisi, yoshlarimiz 100 foizlik grant asosida Keimyung College University’da magistratura bosqichida tahsil olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar va ayni vaqtda o‘qishlarini davom ettirish uchun Janubiy Koreyaga yo‘l oldilar.

Safar oldidan “Elektrotexnika va mexatronika” kafedrasi professor-o‘qituvchilari tomonidan talabalar bilan kuzatuv suhbati o‘tkazilib, ularga xorijda ta’lim olish jarayonida muvaffaqiyatli ishtirok etish, ilmiy izlanishlarni davom ettirish va egallayotgan bilimlarini kelgusida yurtimiz rivojiga yo‘naltirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Bu shunchaki ikki nafar talabaning Koreyaga o‘qishga ketishi emas. Bu xalqaro hamkorlikning amaliy natijasi, kafedramizning izchil faoliyati va yoshlarimiz uchun yaratilayotgan yangi imkoniyatlarning yorqin ifodasidir. Junaydullayev Husan va Sayidaliyev Muhammadjonga Janubiy Koreyadagi tahsil jarayonida ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz!