Kiberxavfsizlik va ma’lumotlar maxfiyligini saqlash-muhim vazifa
27.08.2026
Joriy yilning 27-avgust kuni “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti Gidrotexnika qurilishi fakulteti professor-o‘qituvchilari va xodimlari ishtirokida “Kiberxavfsizlik va ma’lumotlar maxfiyligini saqlash, axborot almashish madaniyati” mavzusida jamoa yig‘ilishi tashkil etildi.
Tadbirda Universitet rektor maslahatchisi A.Abdusamatov, Ichki ishlar mas’ul xodimi F.Xamidov hamda Gidrotexnika qurilishi fakulteti dekani L.Babajanovlar ishtirok etdi.
Yig‘ilish davomida bugungi raqamli muhitda kiberxavfsizlikni ta’minlash, shaxsiy va xizmatga oid ma’lumotlarni himoya qilish, internet hamda ijtimoiy tarmoqlardan xavfsiz foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirning asosiy mavzularidan biri ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlar orqali sodir etilayotgan kiberfiribgarlik holatlari bo‘ldi. Ishtirokchilarga so‘nggi davrda keng tarqalayotgan firibgarlik usullari, soxta havolalar, shubhali xabarlar, qalbaki akkauntlar hamda foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlarini qo‘lga kiritishga qaratilgan turli usullar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, noma’lum manbalardan kelgan havolalarni ochmaslik, shubhali fayllarni yuklab olmaslik, begona shaxslarga login, parol, bank karta ma’lumotlari va tasdiqlash kodlarini bermaslik zarurligi ta’kidlandi.
Mutaxassislar tomonidan kiberhujum va firibgarlik holatlaridan himoyalanishning amaliy usullari ham tushuntirildi. Jumladan, murakkab parollardan foydalanish, ikki bosqichli autentifikatsiyani yoqish, akkauntlar xavfsizlik sozlamalarini muntazam tekshirish va shubhali faoliyat aniqlanganda tezkor choralar ko‘rish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Yig‘ilishda nafaqat texnik himoya, balki axborot almashish madaniyati masalasi ham muhim yo‘nalish sifatida qayd etildi.
Xizmatga oid hujjatlar, universitet va fakultet faoliyatiga tegishli ma’lumotlar, shaxsiy ma’lumotlar hamda boshqa maxfiy axborotlarni ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarda ehtiyotsizlik bilan tarqatish turli xavflarga olib kelishi mumkinligi tushuntirildi.
Tadbir yakunida fakultet professor-o‘qituvchilari va xodimlarining kiberxavfsizlik bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini yanada mustahkamlash, axborot xavfsizligi talablariga qat’iy rioya qilish hamda internetdan xavfsiz foydalanish madaniyatini yuksaltirish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.