Óbuda Universitetida universitetimiz professor-o‘qituvchilari tomonidan Microteaching mashg‘ulotlari o‘tkazildi

25.08.2026

#Xalqaro hamkorlik

Vengriyaning nufuzli Óbuda Universitetida tashkil etilgan xalqaro malaka oshirish kursi doirasida “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti professor-o‘qituvchilari tomonidan Microteaching - mikroo‘qitish mashg‘ulotlari tashkil etildi.

Mazkur amaliy mashg‘ulotlar professor-o‘qituvchilarning pedagogik mahoratini rivojlantirish, zamonaviy ta’lim metodlarini amaliyotda qo‘llash, interaktiv darslarni tashkil etish hamda xalqaro ta’lim muhitida ilg‘or pedagogik tajribalarni o‘zlashtirishga qaratildi.

Microteaching o‘qituvchining qisqa vaqt davomida muayyan mavzu asosida dars jarayonini tashkil etishi, tanlangan pedagogik metodlarni amaliy namoyish qilishi va mashg‘ulot yakunida o‘z faoliyatini tahlil qilishi uchun samarali imkoniyat yaratadi.

Óbuda Universitetidagi xalqaro malaka oshirish kursi davomida “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti jamoasi a’zolari o‘zlarining pedagogik tajribasi, dars tashkil etish mahorati va zamonaviy o‘qitish usullarini namoyish etdilar.

Mashg‘ulotlarda dars maqsadini aniq belgilash, o‘quvchilarni faol jarayonga jalb etish, savol-javob, juftlik va guruhlar bilan ishlash, muhokama, fikr-mulohaza va refleksiya kabi metodlardan foydalanishga alohida e’tibor qaratildi.

Xalqaro malaka oshirish kursida tashkil qilingan Microteaching mashg’ulotlarini universitetimizdan quyidagi professor-o‘qituvchilar tashkil qilishdi:

  • D. Muqumova “Professional ta’lim” kafedrasi mudiri; G. Baykunusova;
  • G. Ziyavitdinova; I. Raximova; S. Yarova;
  • G. Jamolova universitet huzuridagi Fundamental amaliy fanlar instituti;
  • I. Baxromova “O‘qitish nazariyasi va metodikasi” kafedrasi o‘qituvchisi;
  • M. Kasimova “O‘qitish nazariyasi va metodikasi” kafedrasi o‘qituvchisi;
  • G. Eshchanova “Ingliz tili” kafedrasi dotsenti;
  • U. Nulloyev “Ingliz tili” kafedrasi dotsenti;
  • K. Astanakulov “Qishloq xo‘jaligi texnika va texnologiyalari” kafedrasi professori.

Universitet jamoasi a’zolarining Microteaching mashg‘ulotlaridagi faol ishtiroki xalqaro akademik muhitda tajriba almashish, o‘zaro fikr bildirish va turli pedagogik yondashuvlarni amaliy jihatdan o‘rganish uchun muhim imkoniyat yaratdi.

Mashg‘ulotlar davomida Think-Pair-Share, Guided Reading, Peer Review va Reflection kabi zamonaviy pedagogik metodlardan foydalanildi.

Ushbu metodlar orqali ta’lim jarayonida mustaqil fikrlash, jamoada ishlash, o‘zaro muloqot, tahlil qilish va fikr bildirish ko‘nikmalarini rivojlantirishga e’tibor qaratildi.

Shuningdek, Microteaching jarayonida har bir mashg‘ulotdan so‘ng feedback - fikr-mulohaza va tahlil bosqichi tashkil etildi. Ishtirokchilar bir-birlarining darslarini kuzatib, mashg‘ulotlarning kuchli jihatlari va takomillashtirish mumkin bo‘lgan tomonlari yuzasidan fikr almashdilar.

Bu jarayon professor-o‘qituvchilarga o‘z pedagogik faoliyatiga boshqa nuqtayi nazardan qarash, yangi metodlarni baholash va ularni kelgusidagi dars jarayonlariga moslashtirish imkonini berdi.

Óbuda Universitetida tashkil etilgan Microteaching mashg‘ulotlari xalqaro malaka oshirish dasturining nazariy bilimlarni amaliy faoliyat bilan uyg‘unlashtiruvchi muhim qismlaridan biri bo‘ldi.

Mazkur mashg‘ulotlar orqali “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti professor-o‘qituvchilari xalqaro ta’lim muhitida pedagogik tajriba almashish, zamonaviy o‘qitish metodlarini amaliyotda sinab ko‘rish va o‘zaro fikr-mulohaza asosida pedagogik mahoratlarini yanada takomillashtirish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Xalqaro malaka oshirish jarayonida o‘zlashtirilayotgan ilg‘or tajribalar kelgusida universitetning ta’lim jarayoniga zamonaviy pedagogik texnologiyalarni keng joriy etish, darslarning samaradorligini oshirish va talabalarga yo‘naltirilgan ta’limni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti professor-o‘qituvchilarining Óbuda Universitetidagi xalqaro malaka oshirish kursida faol ishtiroki universitetning xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, professor-o‘qituvchilarning kasbiy kompetensiyalarini yuksaltirish hamda ilg‘or xorijiy tajribalarni ta’lim jarayoniga tatbiq etishga qaratilgan izchil faoliyatining muhim natijalaridan biridir.