Suv resurslari va innovatsion agrotexnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha olib borilgan ilmiy-texnik kuzatuvlar
21.08.2026
Xorazm viloyati hokimining ilmiy maslahatchisi, professor B.Sh.
Matyakubov “Chapqirg‘oq Amudaryo” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi
(ITHB) hamda unga qarashli “Nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi” va
“Shovot-Qulovot” irrigatsiya tizimi boshqarmasi mutaxassislari uchun viloyatda
olib borilgan ilmiy-texnik kuzatuvlar va tahlil natijalari yuzasidan atroflicha
hisobot berdi. Kuzatuvlar,
asosan, suv resurslarini tejash, tuproq sho‘rlanishini kamaytirish hamda qayta
tiklanuvchi energiya manbalarini mahalliy sharoitga moslashtirish
samaradorligini baholashga qaratildi.
Olib borilgan tadqiqotlar doirasida
viloyatning tumanlari kesimida 61 dan ortiq obyektda zamonaviy tomchilatib va
yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalari monitoringi o‘tkazildi. Natijada ushbu
texnologiyalarni qo‘llash orqali mavsumiy sug‘orish me’yori an’anaviy (yer
ustidan) sug‘orish usuliga nisbatan 25–30 foizga qisqarib, ekin maydonlarining
suv bilan ta’minlanish darajasi sezilarli darajada oshganligi aniqlandi.
Viloyat bo‘yicha 44,6 ming gektar maydonda suvni tejovchi texnologiyalarni
joriy etish bo‘yicha amalga oshirilgan hisob-kitoblarga ko‘ra, jami 361,5
million kub metr suv iqtisod qilinishiga erishildi.
Mavjud suv resurslaridan samarali
foydalanish va yo‘qotishlarni kamaytirish maqsadida viloyatda jami 1807,6
kilometr sug‘orish kanallari betonlashtirilgan. Ushbu ko‘rsatkichning 27,6
kilometri xo‘jaliklararo kanallarga, 280 kilometri davlat muassasasi (DM)
hisobidagi ichki kanallarga hamda 1500 kilometri klaster va fermer xo‘jaliklari
hisobiga to‘g‘ri keladi.
Shu bilan birga, hisobotda dual ta’limni tashkil etish va talabalarning
nazariy bilimlarini amaliyotda mustahkamlash borasidagi ishlarga alohida
to‘xtalib o‘tildi. Shu munosabat bilan 29 nafar talaba malakaviy amaliyotning
birinchi bosqichini 2026 yil 11 maydan 31 iyulgacha bo‘lgan davrda
muvaffaqiyatli o‘taganliklari aytib o‘tildi. Amaliyotning ikkinchi bosqichi esa
2026 yilning 2 sentyabridan 14 noyabrigacha o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Amaliyot davomida bo‘lajak mutaxassislar kadastr, yer resurslarini boshqarish,
qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash, sug‘orish tizimlarini boshqarish,
meliorativ tadbirlar va suv xo‘jaligi sohasidagi zamonaviy jarayonlar bilan
bevosita tanishganliklari qayd etildi.
2026 yilda Xorazm viloyatida amalga oshiriladigan “Yo‘l xaritasi”
doirasida bir qator ustuvor vazifalar belgilab olingan. Xususan, sug‘orish
tarmoqlarida suv sarfini real vaqt rejimida nazorat qiluvchi “Smart Water”
raqamli datchiklarini ommalashtirish va suv taqsimotida shaffoflikni ta’minlash
asosiy vazifalardan biri ekanligi aytildi. Shuningdek, an’anaviy sho‘r yuvish
usullari o‘rniga sho‘r yuvishga suv sarflamasdan ekin yetishtirish imkonini
beruvchi innovatsion agrotexnologiyalarni ishlab chiqish va amaliyotga joriy
etish ko‘zda tutilgan. Nasos stansiyalari va fermer xo‘jaliklarini avtonom
quyosh panellari bilan ta’minlash orqali ularning energiya va operativ xarajatlarini
sezilarli darajada qisqartirish mumkinligi to‘g‘risida tushunchalar berildi.
“Yo‘l xaritasi” doirasida qishloq va suv xo‘jaligi sohasi bo‘yicha
tayyorlangan 5 ta amaliy tavsiyanomaning mazmun-mohiyati mutaxassislarga
batafsil tushuntirib berildi.
Xulosa qilib aytganda, Xorazm viloyatida sizot suvlari sathining yer
yuzasiga yaqinligi sababli suv tejovchi texnologiyalarni tuproq melioratsiyasi
hamda sho‘r yuvish tadbirlari bilan integratsiya qilish yoki sho‘r yuvmasdan
ekin yetishtirish agrotexnologiyasini qo‘llash suv tanqisligi sharoitida ekin
hosildorligini oshirish va barqaror suv boshqaruvini ta’minlashning bosh omili
ekanligi ta’kidlandi.
Universitet matbuot xizmati