Melioratsiya sohasidagi ilmiy tadqiqotlar va ishlab chiqarish integratsiyasi

20.08.2026

#Ma`naviy va tashkiliy #Ta`lim #Yangilik

Melioratsiya sohasida ilm-fan yutuqlarini bevosita ishlab chiqarishga tatbiq etishda meliorativ ekspeditsiyalar markaziy ko‘prik vazifasini o‘taydi. Ekspeditsiya faoliyati nazariy tadqiqotlar bilan sug‘oriladigan yerlarning amaliy holati o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni ta’minlaydi.

Shundan kelib chiqqan holda, Xorazm viloyati hokimining ilmiy maslahatchisi, professor B. Sh. Matyaqubov hamda “Chapqirg‘oq Amudaryo” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi mutaxassislari birgalikda “Chapqirg‘oq Amudaryo” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi huzuridagi “Meliorativ ekspeditsiya”ga tashrif buyurishdi.

Tashrif jarayonida melioratsiya sohasida hozirgi kunda erishilgan ilm-fan yutuqlari va ularni ishlab chiqarishga joriy etish masalalari bo‘yicha muhim tavsiyalar berildi.

Ekspeditsiya mutaxassislariga “Sho‘rlangan tuproqlar sho‘rini yuvish uchun suv resurslarini qo‘shimcha sarflamasdan ekinlarni yetishtirish agrotexnologiyasini ishlab chiqish” mavzusidagi amaliy tavsiyanoma taqdim etildi.

Hozirgi kunda mutaxassislar va olimlar tomonidan birgalikda sizot suvlari sathi, minerallashuv darajasi hamda tuproq sho‘rlanishini doimiy kuzatib borish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab olindi.

Olimlar tomonidan ishlab chiqilgan ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish masalalari, jumladan, sho‘r yuvish ishlarini amalga oshirmasdan, taklif qilingan tavsiyanoma asosida agrotexnik tadbirlarni ekspeditsiyaning dala maydonlarida sinovdan o‘tkazish hamda ularni keng miqyosda ishlab chiqarishga joriy etish bo‘yicha kelishib olindi.

Shu bilan bir qatorda, kollektor-drenaj tizimlari (KDT) samaradorligini oshirish bo‘yicha ham olimlar tomonidan olib borilgan tadqiqotlar natijalari asosida ishlab chiqilgan tavsiyalar bilan mutaxassislar tanishtirildi.

Tavsiya sifatida KDTning texnik holatini baholashda gidrologik modellashtirish va geoaxborot tizimlari natijalaridan foydalanish muhim ahamiyatga ega ekanligi tushuntirib o‘tildi.

Kelgusida ekspeditsiya bazasi talabalar, doktorantlar va soha mutaxassislari uchun nazariy bilimlarni bevosita dala sharoitida mustahkamlash maydoni bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.

Bunday integratsiya sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini barqaror saqlash, suv resurslaridan tejamkor foydalanish va qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligini oshirishda yuqori samaradorlikni ta’minlaydi.

Universitet matbuot xizmati