“8-Aral Sea Summer School” xalqaro yozgi maktabi
20.08.2026
2026-yil 14–22-avgust kunlari Qozoq-Germaniya universiteti tomonidan “8th Aral Sea Summer School” xalqaro yozgi maktabi tashkil etilmoqda. Mazkur xalqaro ta’lim dasturida “Qishloq xo‘jaligi texnika va texnologiyalari” kafedrasi katta o‘qituvchisi Zulfiya Kannazarova ham ishtirok etib, talabalarga ma’ruzalar o‘qimoqda.
Yozgi maktabda Markaziy Osiyo davlatlari hamda Mo‘g‘ulistondan tashrif buyurgan talabalar, yosh tadqiqotchilar va mutaxassislar ishtirok etmoqda. Dastur doirasida Orol dengizi muammosi, iqlim o‘zgarishi, suv resurslarini boshqarish, ekologik barqarorlik hamda mintaqaviy hamkorlik kabi dolzarb masalalar muhokama qilinmoqda.
Xalqaro yozgi maktab davomida ishtirokchilar o‘zaro tajriba almashish, yetakchi mutaxassislarning ma’ruzalarida qatnashish, ilmiy munozaralar olib borish hamda Orolbo‘yi hududidagi ekologik va ijtimoiy jarayonlar bilan bevosita tanishish imkoniyatiga ega bo‘lmoqdalar.
Mazkur xalqaro dasturda universitetimiz vakilining faol ishtiroki professor-o‘qituvchilarimizning xalqaro maydondagi ilmiy va ta’limiy salohiyatini namoyon etish bilan birga, yosh avlodni Orol dengizi va Markaziy Osiyoning ekologik muammolarini birgalikda o‘rganishga undashga xizmat qilmoqda.