Dunyo olimlari tan bergan ustoz
19.08.2026
Respublikamiz davlat mustaqilligining 35 yilligi oldidan ilm-fan va ta’lim rivojiga o‘zining munosib hissasini qo‘shgan, mazkur oliy ta’lim muassasamizda faoliyat yuritgan fidoyi olimlarni, ustozlarni eslash mazmunida turkum videosuhbatlar qilib kelmoqdamiz. Ana shulardan biri professor Salohiddinov Abduhakim Temirxo‘jaevich bilan ularning ustozlari O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, professor Mirzaev Saydiraxmon Shoabdievich haqida bo‘ldi.
R. J.: Abduhakim Temirxo‘jaevich,
dastavval, ustozingiz, ularning ilm-fan ravnaqi yo‘lidagi o‘rni borasida
so‘z yuritsangiz.
A. S.: Bilasizmi, baxtimizga butun xalqimizga xos
bo‘lganidek yurtimiz, shu jumladan universitetimiz tarixida ham nufuzli atoqli
olimlar, allomalar va fidoiy pedagog ustozlar faoliyat ko‘rsatib, ijod qilib
o‘tishgan. Jumladan, dunyo darajasida tan olingan olim, geologiya mineralogiya
fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan
arbobi, sobiq ittifoq va O‘zbekiston Respublikasi xalq deputati, Oliy kengashning
"Ekologiya va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish" qo‘mitasi
raisining muovini Mirzaev Saydiraxmon Shoabdievich ana shunday
yuqori darajadagi ilmiy tadqiqot, ishlab chiqarish, jamoatchilik va pedagogik
faoliyatni birga olib bora olgan atoqli olim edilar. Ular o‘zining qisqa
(ular 68 yil umr ko‘rgan) va sermazmun umri davomida ulkan ishlarni amalga
oshirgan. Ularning mehnati vatanimiz tomonidan «Hurmat belgisi» ordeni,
«Sharafli mehnat uchun» va «Mehnatda o‘rnak ko‘rsatgani uchun» medallari hamda "O‘zbekiston
Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi" unvoni bilan taqdirlangan.
R. J.: Professor Mirzaevni yirik, dunyo darajasida
tan olingan olimlardan biri edi dedingiz, u kishining ilmiy faoliyati va ilmga
bo‘lgan munosabati, ibrati haqida fikringizni bildirsangiz.
Haqiqatan professor Mirzaev Saidrahmon Shoabdievich
dunyo darajasida tan olingan, o‘zining yuqori darajadagi ilmiy tadqiqotlari va
olingan natijalari bilan nafaqat lokal balki global ilmiy muammolar yechimiga
ham munosib hissa qo‘sha olgan hamda dunyo ilmiy jamoatchiligi
tomonidan a’lohida e’tirof etilgan olimlaridan biri edi. U kishi keng qamrovli
ilmiy faoliyati natijalari asosida Kolorado shtati universitetining
professori, butunjahon gidrogeologlari Xalqaro Assotsiatsiyasi va
ko‘plab ilmiy komissiyalar a’zosi etib saylangan. Professor Mirzaev Saidrahmon
Shoabdievich:
- yer osti suvlarini shakllanishi va joylashishi
qonuniyatlari, ularni urganish metodikasi va ishlab chikarishda xo‘jalik
maqsadlarida foydalanish muammolari;
- turli tabiiy xo‘jalik sharoitlarida aholi punktlari
va sanoat korxonalarini suv ta’minotini gidrogeologik asoslash;
- yer osti va yer usti suvlarining o‘zaro aloqalari
qonuniyatlari va yer osti suvlari zaxiralarini sun’iy to‘yintirish
texnologiyalari;
-yer osti va yer usti suvlarini kompleks boshqarish
uslubi kabi ilmiy muammolar yo‘nalishida bo‘yicha samarali tadqiqotlar olib
bordi. Hozirgi suv resurslarini boshqarish faniga asos soldi.
U kishini ilmiy ishlari va nufuzli natijalaridan bir
necha misollar keltiraman.
Professor Mirzaev Saidrahmon Shoabdievich o‘z
shogirdlari bilan birga O‘zbekistonda arid zonalaridagi yer osti suvlari
zaxirasining joylashish va shakllanishi haqidagi mukammal ta’limot yaratdi va
yer osti suvlarini zaxirasini suniy to‘yintirish texnologiyasiga asos soldi.
Ular tomonidan sug‘orishda yer osti suvlari zaxirasidan foydalanish va
baholash, razvedka qilish asoslari metodikasi va prinsiplari ishlab chiqildi.
Suv taqchil va yirik suv olish inshootlari mavjud zonalarda yer osti suvlari
zaxirasi shakllanishi jarayonlarini sun’iy boshqarish texnologiyasi va
prinsiplari ishlab chiqildi. Bu natijalarning joriy etilishi hisobiga Oxangaron
vohasida sanoat tarmog‘i suv ta’minoti, Toshkent shahrida ichimlik suv
ta’minoti suv manbalari barqarorligini bir necha marta oshirish imkoniyatini
yaratdi.
Professor Mirzaev Saydiraxmon Shoabdievichning ilmiy
natijalari Amudaryo, Sirdaryo va Orol dengizi havzalarini suv resurlaridan
mukammal foydalanish va muhofaza qilish sxemalarini ishlab chiqishda xamda
O‘zbekiston Respublikasini yer osti suvlaridan kompleks foydalanish sxemasini
ishlab chiqishda ilmiy asos sifatida foydalanilgan.
Professor Mirzaev Saydiraxmon Shoabdievich mazkur
yo‘nalishlarda nafaqat ilmiy ishlarni tashkil qilib o‘zi ishtirok etdi, balki u
o‘ziga xos bo‘lgan dunyo miqyosida tanilgan "maktabini" yaratdi. U
kishining ilmiy rahbarligida ko‘plab yuqori malakali olimlar, jumladan, 40
nafar fan nomzodi va 12 nafar fan doktorlari yetishib chiqdi. Ular
mustaqil yurtimiz va jahonning bir qator mamlakatlari taraqqiyotiga o‘zlarining
munosib hissalarini qo‘shmoqdalar.
Professor Mirzaev Saydiraxmon Shoabdievich ilmda
erkin ijod va musaffolik hamda fidoiylikka alohida e’tibor bilan qarar, u kishi
qatnashgan ilmiy kengash va muhokamalar ham juda yuqori darajada o‘tib, ilmiy
maktab rolini bajarar edi.
Professor Mirzaev Saydiraxmon Shoabdievichning yana
bir salmoqli xizmatlaridan biri shundaki, u kishi 1990 yillardayoq soha ilmi va
ta’limining istiqboli keng xalqaro hamkorlik bilan bog‘liqligini ko‘ra bildi. U
kishi ilg‘or xorijiy ilm va oliy ta’lim muassasalar bilan o‘zaro manfaatli
hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratdi.
Prof. Mirzaev Saydiraxmon Shoabdievich nafaqat o‘zi,
balki shogirdlarini xam bu ishga undadi. Natijada ko‘plab xorijiy ilg‘or universitetlar
bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik o‘rnatildi, qator xalqaro grantlar qo‘lga
kiritildi. Belgiyaning Liej, AQShning Vashington, Kolorado shtat
universitetlari, Yevropa Xamjamiyatining "Inkokopernikus" va
"Intas" dasturi bilan o‘rnatilgan aloqalar shular
jumlasidandir.
U kishining dunyo darajasida tan olingan olim
ekanligiga yana bir marta guvoh bo‘lganim bir voqeani aytib bersam.
Professor Mirzaev Saydiraxmon Shoabdievich 1999 yili
11 dekabr kuni bevaqt olamdan o‘tdilar. O‘sha kunlar taqdir taqozosi bilan men
AQShda ilmiy stajirovka o‘tayotgan edim. Meni taajjubga solgani noxush xabarni
minglab xodimlar faoliyat ko‘rsatayotgan AQSh Gidrologiya institutidagi
hamkorlarga yetkazganimda, keyingi kuni mazkur institutda maxsus miting tashkil
etishdi. Bu mitingda AQShning turli muassasalaridan olimlar va xodimlar
ishtirok qilishdi. Mazkur mitingda so‘zga chiqqan mashhur amerikalik olimlardan
biri “professor Saidraxmon Mirzaevga o‘xshash olimlar 100 yilda bir marta
dunyoga keladi. Bu judolik faqat O‘zbekiston emas, balki jahon ilm-fani uchun
ham katta judolik bo‘ldi," deb xotirladi. Shu holatning o‘zi ham
Saydiraxmon Shoabdievichning olim sifatidagi dunyo darajasida tan olinganligi
ko‘rsatdi.
R. J.: Professor Mirzaevni nafaqat yirik olim, balki
fidoiy jamoat arbobi ham edi dedingiz, shu fikrga ham oydinlik kiritsangiz.
A. S.: Professor Mirzaev Saydiraxmon Shoabdievich
ilmiy-tadqiqot ishlarini pedagogik, ishlab chiqarish va jamoat
tashkilotlaridagi faoliyatlar bilan birgalikda olib bordi. U kishi qator ilmiy va
jamoat kengashlarining a’zosi, ishlab chiqarish, loyiha va ilmiy tadqiqot
institutlari qo‘mitalarining maslahatchisi edi.
Shu bilan birga professor Mirzaev Saydiraxmon
Shoabdievich yirik jamoat arbobi Toshkent shahar mahallachilik harakati
tashkilotchilaridan biri edi. U kishi jamoatchilik asosida ko‘p yillar Toshkent
shahridagi Shofayz mahalla qo‘mitasi raisi, A.Ikromov tumani mahalla
komitetlarining muvofiqlashtiruv kengashi raisi, Toshkent shahar
muvofiqlashtirish kengashi a’zosi sifatida ham faoliyat ko‘rsatdi. Jamoatchilik
tomonidan olimning mehnati yuksak baholandi. U kishi mahalla komitetlaridan
nomzodi bo‘lib, dastlab sobiq ittifoq va keyinchalik O‘zbekiston Respublikasi
Oliy sovetiga Xalq deputati etib saylangan. Xalq deputati sifatida ham u kishi
faol ish olib bordi. Oliy kengashning "Ekologiya va tabiiy
resurslardan oqilona foydalanish" qo‘mitasi raisining muovini,
"Soyuz shartnomasi” loyihasini tuzishda qatnashgan ishchi guruhlarda
O‘zbekiston vakili sifatida faoliyat olib bordi. Mustaqil davlatlar
hamdo‘stligi muvofiqlashtiruvchi kengashida O‘zbekiston vakillari tarkibiga
kiritildi. U kishi mustaqil O‘zbekistonning dastlabki kunlaridayoq, uning
gullab yashnashi yo‘lida o‘zining ilg‘or g‘oyalari, bilimi va mahorati bilan
xizmat qildi.
R. J.: Professor Mirzaevning ko‘p sonli shogidlaridan
biri sifatida talabchan pedagog va ustozlik faoliyati to‘g‘risida ham ma’lumot
berib o‘tsangiz.
A. S.: Yuqorida aytganimday professor Mirzaev
Saydiraxmon Shoabdievich dunyo darajasida tan olingan olim va jamoat arbobi
bo‘lish bilan birga fidoiy ustoz murabbiy ham muborak edi.
U kishi:
- 1957-1958 yillarda O‘rta Osiyo Politexnika
instituti Gidrogeologiya va injinerlik geologiyasi kafedrasining assistenti
va katta uqituvchi (1959-1961).
- O‘zbekiston FA «Gidrogeologiya va
injenerlik geologiyasi» institutida «Er osti suvlari resurslarini baholash»
laboratoriyasini mudiri (1961-1976).
- Toshkent irrigatsiya va qishloq
xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining (TIQXMMI)
Gidrogeologiya”(1976), “Suv resurslaridan kompleks foydalanish va uning
muhofazasi" kafedralari mudiri (1979),
- TIQXMMIning "Gidromelioratsiya" fakulteti
dekani.
- TIQXMMI ning "Ilmiy ishlar
buyicha prorektori (1992-1999) lavozimlarida ishladi.
U kishi o‘ziga ham atrofidagilarga ham ishda juda
talabchan va shu bilan birga mehribon ustoz edi. U kishiga shogird bo‘lgan har
bir inson juda yaxshi ilmiy maktabni o‘tardi.
Men shunday ustozga shogird bo‘lish nasib etgani
uchun yaratganga shukrona aytaman va bundan faxrlanaman. Ustozning nafakat
ilm-fandagi yo‘l yo‘rig‘i, balki har kunlik ish tutishi va munosabati ham katta
maktab edi.
Men aminmanki, u kishining ilmiy merosi ko‘p yillar
ilm fan va insoniyatga xizmat qiladi. Biz bu merosni o‘rganishda davom
etishimiz kerak. Mirzaev Saydiraxmon Shoabdievichning porloq
xotirasi uning shogirdlari va izdoshlari, hamda suv resurslarini barqaror
boshqarish va oqilona foydalanish hamda ularni uni muhofaza qilish sohasi
vakillari va yoshlar qalbida abadiy muhrlanib qoladi.
R. J.: Abduhakim Temirxo‘jaevich,
ustozingiz haqida bergan manfaatli ma’lumotlaringiz uchun minnatdorlik
bildiraman. Mustaqil respublikamizning 35 yilligi bilan sizni ham yana bir bor
qutlayman.
A. S.: Rahmat, sizga ham
muborak bo‘lsin.