Dunyo olimlari tan bergan ustoz

19.08.2026

#Ma`naviy va tashkiliy #Yangilik

Respublikamiz davlat mustaqilligining 35 yilligi oldidan ilm-fan va ta’lim rivojiga o‘zining munosib hissasini qo‘shgan, mazkur oliy ta’lim muassasamizda faoliyat yuritgan fidoyi olimlarni, ustozlarni eslash mazmunida turkum videosuhbatlar qilib kelmoqdamiz. Ana shulardan biri professor Salohiddinov Abduhakim Temirxo‘jaevich bilan ularning ustozlari O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi,  professor Mirzaev Saydiraxmon Shoabdievich haqida bo‘ldi.

R. J.:  Abduhakim Temirxo‘jaevich, dastavval,  ustozingiz, ularning ilm-fan ravnaqi yo‘lidagi o‘rni borasida so‘z yuritsangiz.

A. S.: Bilasizmi, baxtimizga butun xalqimizga xos bo‘lganidek yurtimiz, shu jumladan universitetimiz tarixida ham nufuzli atoqli olimlar, allomalar va fidoiy pedagog ustozlar faoliyat ko‘rsatib, ijod qilib o‘tishgan. Jumladan, dunyo darajasida tan olingan olim, geologiya mineralogiya fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, sobiq ittifoq va O‘zbekiston Respublikasi xalq deputati, Oliy kengashning "Ekologiya va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish" qo‘mitasi raisining muovini  Mirzaev Saydiraxmon Shoabdievich ana shunday yuqori darajadagi ilmiy tadqiqot, ishlab chiqarish, jamoatchilik va pedagogik faoliyatni birga olib bora olgan  atoqli olim edilar. Ular o‘zining qisqa (ular 68 yil umr ko‘rgan) va sermazmun umri davomida ulkan ishlarni amalga oshirgan. Ularning mehnati vatanimiz tomonidan «Hurmat belgisi» ordeni, «Sharafli mehnat uchun» va «Mehnatda o‘rnak ko‘rsatgani uchun» medallari hamda "O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi" unvoni bilan taqdirlangan.

R. J.: Professor Mirzaevni yirik, dunyo darajasida tan olingan olimlardan biri edi dedingiz, u kishining ilmiy faoliyati va ilmga bo‘lgan munosabati, ibrati haqida fikringizni bildirsangiz.

Haqiqatan professor Mirzaev Saidrahmon Shoabdievich dunyo darajasida tan olingan, o‘zining yuqori darajadagi ilmiy tadqiqotlari va olingan natijalari bilan nafaqat lokal balki global ilmiy muammolar yechimiga ham munosib hissa qo‘sha olgan hamda  dunyo ilmiy jamoatchiligi tomonidan a’lohida e’tirof etilgan olimlaridan biri edi. U kishi keng qamrovli ilmiy faoliyati natijalari asosida Kolorado shtati universitetining professori,  butunjahon gidrogeologlari Xalqaro Assotsiatsiyasi va ko‘plab ilmiy komissiyalar a’zosi etib saylangan. Professor Mirzaev Saidrahmon Shoabdievich:

- yer osti suvlarini shakllanishi va joylashishi qonuniyatlari, ularni urganish metodikasi va ishlab chikarishda xo‘jalik maqsadlarida foydalanish muammolari;

- turli tabiiy xo‘jalik sharoitlarida aholi punktlari va sanoat korxonalarini suv ta’minotini gidrogeologik asoslash;

- yer osti va yer usti suvlarining o‘zaro aloqalari qonuniyatlari  va yer osti suvlari zaxiralarini sun’iy to‘yintirish texnologiyalari;

-yer osti va yer usti suvlarini kompleks boshqarish uslubi kabi ilmiy muammolar yo‘nalishida bo‘yicha samarali tadqiqotlar olib bordi. Hozirgi suv resurslarini boshqarish faniga asos soldi.

U kishini ilmiy ishlari va nufuzli natijalaridan bir necha misollar keltiraman.

Professor Mirzaev Saidrahmon Shoabdievich o‘z shogirdlari bilan birga O‘zbekistonda arid zonalaridagi yer osti suvlari zaxirasining joylashish va shakllanishi haqidagi mukammal ta’limot yaratdi va yer osti suvlarini zaxirasini suniy to‘yintirish texnologiyasiga asos soldi. Ular tomonidan sug‘orishda yer osti suvlari zaxirasidan foydalanish va baholash, razvedka qilish asoslari metodikasi va prinsiplari ishlab chiqildi. Suv taqchil va yirik suv olish inshootlari mavjud zonalarda yer osti suvlari zaxirasi shakllanishi jarayonlarini sun’iy boshqarish texnologiyasi va prinsiplari ishlab chiqildi. Bu natijalarning joriy etilishi hisobiga Oxangaron vohasida sanoat tarmog‘i suv ta’minoti, Toshkent shahrida ichimlik suv ta’minoti suv manbalari barqarorligini bir necha marta oshirish imkoniyatini yaratdi. 

Professor Mirzaev Saydiraxmon Shoabdievichning ilmiy natijalari Amudaryo, Sirdaryo va Orol dengizi havzalarini suv resurlaridan mukammal foydalanish va muhofaza qilish sxemalarini ishlab chiqishda xamda O‘zbekiston Respublikasini yer osti suvlaridan kompleks foydalanish sxemasini ishlab chiqishda ilmiy asos sifatida foydalanilgan.

Professor Mirzaev Saydiraxmon Shoabdievich mazkur yo‘nalishlarda nafaqat ilmiy ishlarni tashkil qilib o‘zi ishtirok etdi, balki u o‘ziga xos bo‘lgan dunyo miqyosida tanilgan "maktabini" yaratdi. U kishining ilmiy rahbarligida ko‘plab yuqori malakali olimlar, jumladan, 40 nafar fan nomzodi va 12 nafar fan doktorlari  yetishib chiqdi. Ular mustaqil yurtimiz va jahonning bir qator mamlakatlari taraqqiyotiga o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shmoqdalar.

Professor Mirzaev Saydiraxmon Shoabdievich ilmda erkin ijod va musaffolik hamda fidoiylikka alohida e’tibor bilan qarar, u kishi qatnashgan ilmiy kengash va muhokamalar ham juda yuqori darajada o‘tib, ilmiy maktab rolini bajarar edi. 

Professor Mirzaev Saydiraxmon Shoabdievichning yana bir salmoqli xizmatlaridan biri shundaki, u kishi 1990 yillardayoq soha ilmi va ta’limining istiqboli keng xalqaro hamkorlik bilan bog‘liqligini ko‘ra bildi. U kishi ilg‘or xorijiy ilm va oliy ta’lim muassasalar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratdi.

Prof. Mirzaev Saydiraxmon Shoabdievich nafaqat o‘zi, balki shogirdlarini xam bu ishga undadi. Natijada ko‘plab xorijiy ilg‘or universitetlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik o‘rnatildi, qator xalqaro grantlar qo‘lga kiritildi. Belgiyaning Liej, AQShning Vashington, Kolorado shtat universitetlari, Yevropa Xamjamiyatining "Inkokopernikus" va "Intas" dasturi bilan o‘rnatilgan aloqalar shular jumlasidandir.   

U kishining dunyo darajasida tan olingan olim ekanligiga yana bir marta guvoh bo‘lganim bir voqeani aytib bersam.

Professor Mirzaev Saydiraxmon Shoabdievich 1999 yili 11 dekabr kuni bevaqt olamdan o‘tdilar. O‘sha kunlar taqdir taqozosi bilan men AQShda ilmiy stajirovka o‘tayotgan edim. Meni taajjubga solgani noxush xabarni minglab xodimlar faoliyat ko‘rsatayotgan AQSh Gidrologiya institutidagi hamkorlarga yetkazganimda, keyingi kuni mazkur institutda maxsus miting tashkil etishdi. Bu mitingda AQShning turli muassasalaridan olimlar va xodimlar ishtirok qilishdi. Mazkur mitingda so‘zga chiqqan mashhur amerikalik olimlardan biri “professor Saidraxmon Mirzaevga o‘xshash olimlar 100 yilda bir marta dunyoga keladi. Bu judolik faqat O‘zbekiston emas, balki jahon ilm-fani uchun ham katta judolik bo‘ldi," deb xotirladi. Shu holatning o‘zi ham Saydiraxmon Shoabdievichning olim sifatidagi dunyo darajasida tan olinganligi ko‘rsatdi. 

R. J.: Professor Mirzaevni nafaqat yirik olim, balki fidoiy jamoat arbobi ham edi dedingiz, shu fikrga ham oydinlik kiritsangiz.

A. S.: Professor Mirzaev Saydiraxmon Shoabdievich ilmiy-tadqiqot ishlarini pedagogik, ishlab chiqarish va jamoat tashkilotlaridagi faoliyatlar bilan birgalikda olib bordi. U kishi qator ilmiy va jamoat kengashlarining a’zosi, ishlab chiqarish, loyiha va ilmiy tadqiqot institutlari qo‘mitalarining maslahatchisi edi.

Shu bilan birga professor Mirzaev Saydiraxmon Shoabdievich yirik jamoat arbobi Toshkent shahar mahallachilik harakati tashkilotchilaridan biri edi. U kishi jamoatchilik asosida ko‘p yillar Toshkent shahridagi Shofayz mahalla qo‘mitasi raisi, A.Ikromov tumani mahalla komitetlarining muvofiqlashtiruv kengashi raisi, Toshkent shahar muvofiqlashtirish kengashi a’zosi sifatida ham faoliyat ko‘rsatdi. Jamoatchilik tomonidan olimning mehnati yuksak baholandi. U kishi mahalla komitetlaridan nomzodi bo‘lib, dastlab sobiq ittifoq va keyinchalik O‘zbekiston Respublikasi Oliy sovetiga Xalq deputati etib saylangan. Xalq deputati sifatida ham u kishi faol ish olib bordi. Oliy kengashning "Ekologiya va tabiiy resurslardan  oqilona foydalanish" qo‘mitasi raisining muovini, "Soyuz shartnomasi” loyihasini tuzishda qatnashgan ishchi guruhlarda O‘zbekiston vakili sifatida faoliyat olib bordi. Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi muvofiqlashtiruvchi kengashida O‘zbekiston vakillari tarkibiga kiritildi. U kishi mustaqil O‘zbekistonning dastlabki kunlaridayoq, uning gullab yashnashi yo‘lida o‘zining ilg‘or g‘oyalari, bilimi va mahorati bilan xizmat qildi.  

R. J.: Professor Mirzaevning ko‘p sonli shogidlaridan biri sifatida talabchan pedagog va ustozlik faoliyati to‘g‘risida ham ma’lumot berib o‘tsangiz.

A. S.: Yuqorida aytganimday professor Mirzaev Saydiraxmon Shoabdievich dunyo darajasida tan olingan olim va jamoat arbobi bo‘lish bilan birga fidoiy ustoz murabbiy ham muborak edi.

U kishi:

- 1957-1958 yillarda O‘rta Osiyo Politexnika instituti Gidrogeologiya va injinerlik geologiyasi kafedrasining assistenti va  katta uqituvchi (1959-1961).

- O‘zbekiston  FA «Gidrogeologiya va injenerlik geologiyasi» institutida «Er osti suvlari resurslarini baholash» laboratoriyasini mudiri (1961-1976).

- Toshkent irrigatsiya  va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining  (TIQXMMI) Gidrogeologiya”(1976), “Suv resurslaridan kompleks foydalanish va uning muhofazasi" kafedralari mudiri (1979),

- TIQXMMIning "Gidromelioratsiya" fakulteti dekani.

-   TIQXMMI ning "Ilmiy ishlar buyicha prorektori (1992-1999) lavozimlarida ishladi.

U kishi o‘ziga ham atrofidagilarga ham ishda juda talabchan va shu bilan birga mehribon ustoz edi. U kishiga shogird bo‘lgan har bir inson juda yaxshi ilmiy maktabni o‘tardi.

Men shunday ustozga shogird bo‘lish nasib etgani uchun yaratganga shukrona aytaman va bundan faxrlanaman. Ustozning nafakat ilm-fandagi yo‘l yo‘rig‘i, balki har kunlik ish tutishi va munosabati ham katta maktab edi.

Men aminmanki, u kishining ilmiy merosi ko‘p yillar ilm fan va insoniyatga xizmat qiladi. Biz bu merosni o‘rganishda davom etishimiz kerak.  Mirzaev Saydiraxmon Shoabdievichning porloq xotirasi uning shogirdlari va izdoshlari, hamda suv resurslarini barqaror boshqarish va oqilona foydalanish hamda ularni uni muhofaza qilish sohasi vakillari va yoshlar qalbida abadiy muhrlanib qoladi.

R. J.:  Abduhakim Temirxo‘jaevich, ustozingiz haqida bergan manfaatli ma’lumotlaringiz uchun minnatdorlik bildiraman. Mustaqil respublikamizning 35 yilligi bilan sizni ham yana bir bor qutlayman.

A. S.:  Rahmat,  sizga ham muborak bo‘lsin.