Universitetimiz delegatsiyasining HNEE va TU Berlinga tashrifi: VEGERA loyihasidan Erasmus+ sari

17.08.2026

#Xalqaro hamkorlik

“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetining xalqaro hamkorlik yo‘nalishidagi izchil sa’y-harakatlari yangi mazmun va amaliy loyihalar bilan boyib bormoqda. Vengriyaning Óbuda Universitetida xalqaro malaka oshirish kursida ishtirok etayotgan universitetimiz vakillaridan iborat delegatsiyaning Germaniyaga tashrifi doirasida Eberswalde University for Sustainable Development (HNEE) hamda Technische Universität Berlin (TU Berlin) vakillari bilan muhim va mazmunli uchrashuvlar tashkil etildi.

Mazkur tashrif “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetining Yevropaning nufuzli oliy ta’lim va ilmiy muassasalari bilan hamkorligini mustahkamlash, VEGERA loyihasi doirasida shakllangan aloqalarni yangi tashabbuslar bilan davom ettirish hamda Erasmus+ dasturi doirasidagi akademik almashinuv imkoniyatlarini kengaytirish nuqtayi nazaridan alohida ahamiyat kasb etdi.

Delegatsiya tarkibidan xalqaro loyixa a’zolari dotsent Go’zal Eshchanova va dotsent Ulug‘bek Nullaev, shuningdek, professor Komil Astanaqulov, professor Faxriddin Karshiyev, Kamron Ulug‘bekov va Gulhayo Jamolovalar o‘rin oldi. Germaniyaning Ebersvalde shahrida joylashgan **Eberswalde University for Sustainable Development (HNEE)*(Ebersvalde Barqaror Rivojlantirish universiteti) da O‘zbekiston delegatsiyasi uchun rasmiy uchrashuv tashkil etildi.

Uchrashuvda HNEEning xalqaro aloqalar va Erasmus+ yo‘nalishiga mas’ul vakillari, loyiha hamkorlari hamda “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti delegatsiyasi ishtirok etdi.

Muloqot davomida ikki universitetning ta’lim, ilmiy-tadqiqot, xalqaro hamkorlik va barqaror rivojlanish yo‘nalishlaridagi faoliyati haqida batafsil ma’lumotlar almashildi. Tomonlar mavjud loyihalar natijalarini muhokama qilib, kelgusida yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, akademik almashinuvni kengaytirish va ikki universitet o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha fikr almashdilar.

Uchrashuvda Prof. Martin Welp ham faol ishtirok etib, ilmiy va akademik hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikrlarini bildirdi. HNEEning Erasmus+ yo‘nalishi bo‘yicha vakillari tomonidan esa universitetning xalqaro dasturlari va hamkorlik imkoniyatlari haqida taqdimot o‘tkazildi.

VEGERA loyihasi doirasida universitetimiz hududida Demo House — namunaviy uy-laboratoriya barpo etilgan. Mazkur obyekt energiya samarador, ekologik barqaror va kam uglerodli uy-joy yechimlarini amaliy namoyish etish, ilmiy izlanishlar olib borish hamda zamonaviy texnologiyalarni sinovdan o‘tkazish uchun muhim ilmiy-amaliy maydon sifatida xizmat qilmoqda.

Germaniyadagi tashrif doirasida TU Berlin huzuridagi Natural Building Lab (NBL) bilan hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuvlarda Eike Roswag-Klinge ham ishtirok etib, barqaror qurilish va innovatsion arxitektura yo‘nalishlari bo‘yicha o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.

Uchrashuvlarning yana bir muhim yo‘nalishi “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti va HNEE o‘rtasida amalga oshirilayotgan Erasmus+ Students and Staff Exchange loyihasi bo‘ldi.

Xususan, “SUSTAIN-EXCHANGE: Fostering Academic Enrichment and Global Collaboration (2025–2026)” loyihasi doirasida talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi, xalqaro akademik tajribani kengaytirish hamda ikki universitet o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.

Hamkorlikning muhim amaliy natijalaridan biri sifatida “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetining 2-kurs magistranti Nurmuxammad Omonov kuzgi semestrdan boshlab mazkur Erasmus+ loyihasi doirasida HNEE universitetida akademik mobillik dasturida ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritgani qayd etildi.

Rasmiy uchrashuv davomida “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti “Ingliz tili” kafedrasi dotsenti G‘uzal Eshchanova tomonidan universitetimizning ta’lim, ilmiy-tadqiqot, xalqaro hamkorlik va innovatsion faoliyati haqida taqdimot o‘tkazildi.

Taqdimotda universitetimizning xalqaro loyihalari, ilmiy va ta’limiy salohiyati, xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorliklari haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, uchrashuv ishtirokchilariga “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti faoliyatini aks ettiruvchi qisqa videolavha namoyish etildi. Mazkur fikr va tajriba almashinuvi ikki tomonning mavjud hamkorlikni chuqurlashtirish va kelgusidagi ustuvor yo‘nalishlarni belgilashiga xizmat qildi.

TU Berlin bilan hamkorlikning yangi istiqbollari

Tashrif doirasida Technische Universität Berlin (TU Berlin) vakillari bilan ham muhim muloqot tashkil etildi.

Xususan, Eike Roswag-Klinge bilan uchrashuvda barqaror qurilish, tabiiy va qayta tiklanuvchi materiallardan foydalanish, energiya samaradorligi, iqlimga mos arxitektura hamda ilmiy-amaliy hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek, TULLIUM loyihasi doirasidagi hamkorlik masalalari ham muhokama qilinib, mazkur loyihaning kelgusidagi muhim tadbirlarida ishtirok etish istagi bildirildi.

Germaniyada o‘tkazilgan mazkur uchrashuvlar “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetining xalqaro akademik va ilmiy hamkorliklari izchil rivojlanayotganini yana bir bor namoyon etdi.

VEGERA loyihasi orqali boshlangan ilmiy-amaliy hamkorlik, Demo House’ning yaratilishi, HNEE bilan Erasmus+ Students and Staff Exchange doirasidagi yangi imkoniyatlar hamda TU Berlin Natural Building Lab bilan aloqalarning rivojlanishi universitetimiz xalqaro hamkorligining izchil va amaliy xarakterga ega ekanini ko‘rsatmoqda.

VEGERA’dan Erasmus+ sari davom etayotgan ushbu hamkorlik yo‘li - “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetining Yevropa ilmiy-ta’lim makonidagi yangi imkoniyatlarga dadil qadam tashlayotganining yorqin ifodasidir.