"TIQXMMI" Milliy tadqiqot universitetining rektori Mirzayev Bahodir Suyunovich tabrigi
16.08.2026
Umid va ishonch bilan faxrli universitetimizni
tanlagan ilmga chanqoq, g‘ayratli talaba yoshlar!
Sizni bugungi ushbu ikki quvonchli va tarixiy voqea —
mustaqil O‘zbekistonimizning 35 yilligi hamda "Toshkent irrigatsiya va
qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti" Milliy
tadqiqot universitetining talabasi bo‘lganingiz munosabati bilan chin qalbdan
tabriklayman!
Ota-bobolarimiz orzu qilgan ozod va obod Vatan, erkin
va farovon hayot bugun mustaqilligimiz tufayli barpo etilmoqda. 35 yil
mobaynida mamlakatimiz jahon hamjamiyatida o‘z o‘rnini topgan, iqtisodiyoti,
ilm-fani va ta’lim tizimi jadal sur’atlar bilan rivojlanib borayotgan mustaqil
davlatga aylandi. Ushbu buyuk yutuqlarning har birida Siz — yosh avlod uchun
ochilgan keng imkoniyatlar mujassam.
Universitetimiz talabasi bo‘lish — mas’uliyatli, ammo
shu bilan birga g‘ururli va sharafli martaba. Endilikda Siz suv xo‘jaligi,
irrigatsiya va melioratsiya, qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash sohalarining
kelajagini yaratuvchi, mamlakatimiz agrosanoat majmuasini zamonaviy
texnologiyalar bilan boyituvchi mutaxassislar safiga qo‘shildingiz. Bu —
nafaqat imtiyoz, balki Vatan oldidagi katta mas’uliyatdir.
Universitetimiz professor-o‘qituvchilari, barcha
jamoasi nomidan Sizga mustahkam sog‘liq, bilim olishda cheksiz sabr-toqat,
ilm-fanga bo‘lgan ishtiyoqni har doim qalbingizda saqlashni tilaymiz.
Universitetimizning boy ilmiy-uslubiy salohiyati, zamonaviy laboratoriyalari va
tajribali ustozlarimiz Sizga har doim yordam berishga tayyor. Bilim olish
yo‘lida qanchalik matonat va izlanuvchanlik ko‘rsatsangiz, kelajakda shunchalik
yetuk mutaxassis bo‘lib yetishasiz.
Aziz talaba yoshlar! Mustaqillik bizga berilgan eng
buyuk ne’mat va shu bilan birga katta mas’uliyatdir. Uni asrab-avaylash,
mamlakatimiz taraqqiyoti va farovonligi yo‘lida fidokorona mehnat qilish — har
birimizning burchimizdir. Ishonamizki, Siz — kelajak avlod vakillari —
Vatanimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shasiz, ota-bobolarimizning
ilm-ma’rifatga bo‘lgan ezgu an’analarini davom ettirasiz.
Sizni yana bir bor mustaqillikning 35 yilligi va
talabalik safiga qo‘shilganingiz bilan tabriklab, o‘qishlaringizda omad,
kelajagingizga porloq yo‘l tilaymiz!
Yashasin mustaqil O‘zbekistonimiz!
Hurmat bilan
BAHODIR MIRZAYEV
"TIQXMMI" Milliy
tadqiqot universiteti rektori