G‘ovuk ko‘lida ilmiy-texnik kuzatuv va ekologik vaziyat o‘rganildi
16.08.2026
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
2026-yil 2-apreldagi “Qishloq va suv xo‘jaligi muhandislarini tayyorlash
tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-122-son
qarorida belgilangan ilmiy-amaliy vazifalar ijrosini ta’minlash, shuningdek,
Xiva tumanidagi ekologik holati keskinlashgan G‘ovuk ko‘lining mavjud holatini
o‘rganish maqsadida ilmiy-texnik kuzatuv ishlari olib borildi.
Ilmiy-texnik kuzatuv jarayonida “TIQXMMI”
Milliy tadqiqot universiteti professori, viloyat hokimining qishloq va suv
xo‘jaligi masalalari bo‘yicha ilmiy maslahatchisi B. Matyakubov, Xiva tumani
“Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi “Suv resurslaridan foydalanish
sho‘basi” yetakchi mutaxassisi Farhod Kuramboyev hamda G‘ovuk ko‘li hududidagi
faollar ishtirok etdi.
Kuzatuv davomida ko‘lning gidrologik va
geoekologik holati, suv almashinuvi, atrofidagi drenaj tarmoqlari, suv
manbalari, muhofaza zonasidagi mavjud holat hamda hududning biologik
xilma-xilligi o‘rganildi.
Aniqlangan muammolar
Ilmiy kuzatuv natijasida G‘ovuk ko‘lida
qator ekologik muammolar mavjudligi aniqlandi. Jumladan:
·
ko‘l suvining
tabiiy harakati va almashinuvi to‘xtaganligi sababli suvning turg‘un holatga kelib
qolgani;
·
havo haroratining
ko‘tarilishi va suv oqimining mavjud emasligi natijasida suvdagi erigan
kislorod miqdorining keskin kamaygani;
·
yillar davomida
ko‘l tubida to‘plangan qora organik loyqa anaerob jarayonlar ta’sirida vodorod
sulfidi, ammiak va metan kabi gazlarning hosil bo‘lishiga sabab bo‘layotgani;
·
ko‘l tubi va
qirg‘oq hududlarida to‘plangan organik chiqindilarning chirishi natijasida
atrof-muhitga yoqimsiz hid tarqalayotgani;
·
ko‘lni suv bilan
ta’minlovchi manbalar hamda mavjud drenaj tarmoqlarining holatini yaxshilash
zarurligi;
·
ko‘l atrofidagi
muhofaza zonasida ayrim inshootlar barpo etilayotgani va ulardan foydalanish
holatini nazorat qilish zarurligi;
·
hududning biologik
xilma-xilligi va baliqchilik resurslarini rivojlantirish imkoniyatlarini
o‘rganish lozimligi qayd etildi.
Shuningdek, ko‘l hududini obodonlashtirish, uning barcha qirg‘oq
qismlarini tartibga keltirish va ekologik muhitni yaxshilash zarurligi
ta’kidlandi.
Mutaxassislar tavsiyalari
Ilmiy-texnik kuzatuv yakunlari asosida mavjud muammolarni bartaraf etish
bo‘yicha qator tavsiyalar ishlab chiqildi.
Avvalo, ko‘lda yuzaga kelgan ekologik vaziyatni kompleks o‘rganish uchun
ekolog, gidroximik va gidrolog mutaxassislarni jalb etish, ularning ilmiy
asoslangan xulosa va takliflari asosida muammoni bartaraf etish bo‘yicha tezkor
chora-tadbirlar ishlab chiqish maqsadga muvofiq.
Shuningdek:
·
ko‘lga tushayotgan
maishiy, sanoat va zovur suvlarini nazoratga olish;
·
ko‘lga toza suv
oqimini kiritish va suv almashinuvini ta’minlash;
·
kirish va chiqish
kanallarini tozalash hamda doimiy suv aylanishini tiklash;
·
qirg‘oq
hududlarini chiriyotgan organik moddalardan tozalash;
·
zarur hollarda
ekologik jihatdan xavfsiz tabiiy sorbentlardan foydalanish;
·
ko‘lning to‘rt
tomonida yashil belbog‘ va ekologik zonalar tashkil etish;
·
50–100 metrlik
muhofaza zonasi rejimini kuchaytirish va tegishli obyektlarda mahalliy tozalash
inshootlari hamda septik tizimlardan foydalanishni yo‘lga qo‘yish;
·
ko‘lning biologik
muvozanatini tiklash va baliqchilik resurslarini rivojlantirish imkoniyatlarini
o‘rganish tavsiya etildi.
Bundan tashqari, ko‘l suvining sifat ko‘rsatkichlarini muntazam ravishda
monitoring qilib borish, olingan natijalarni tahlil qilish va ekologik
holatdagi o‘zgarishlarga qarab tegishli choralarni ko‘rish zarurligi qayd
etildi.
G‘ovuk ko‘lida olib borilgan mazkur ilmiy-texnik kuzatuvlar hududning
ekologik holatini chuqur o‘rganish, mavjud muammolarni ilmiy asosda baholash
hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha amaliy takliflar ishlab chiqishda muhim
ahamiyat kasb etadi.