Vengriyaning Óbuda Universitetida 43 nafar professor-o‘qituvchilar uchun xalqaro malaka oshirish kursiga start berildi

13.08.2026

#Xalqaro hamkorlik

“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti va Vengriyaning Óbuda Universiteti o‘rtasidagi samarali hamkorlik doirasida O‘zbekistonning bir qator oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari uchun navbatdagi xalqaro malaka oshirish kursi tashkil etildi.

Bugungi kunda oliy ta’lim tizimida professor-o‘qituvchilarning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish, zamonaviy pedagogik yondashuvlarni o‘zlashtirish, xorijiy tillarni akademik va professional faoliyatda samarali qo‘llash hamda xalqaro tajribani ta’lim jarayoniga keng joriy etish muhim ustuvor yo‘nalishlardan biridir.

Shu maqsadda Vengriya poytaxti Budapesht shahrida joylashgan nufuzli Óbuda Universitetida “Professional Development Course: English for Academic and Specific Purposes” mavzusidagi xalqaro malaka oshirish kursi joriy yilning 10 avgust sanasida tashkil etildi.

Mazkur xalqaro dasturda O‘zbekiston Respublikasining bir qator oliy ta’lim muassasalaridan jami 43 nafar professor-o‘qituvchi ishtirok etmoqda. E’tiborlisi, ularning 11 nafari “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti professor-o‘qituvchilaridir.

Universitetimizdan malaka oshirish kursida “Professional ta’lim” kafedrasi mudiri D.Muqumova, G.Baykunusova, G.Ziyavitdinova, I. Raximova,                           S.Yarova, universitetimiz xuzuridagi Fundamental amaliy fanlar institutidan G. Jamolova, “O‘qitish nazariyasi va metodikasi” kafedrasi o‘qituvchilari                    I. Baxromova va M. Kasimova “Ingliz tili” kafedrasi dotsentlari G.Eshchanova U.Nulloyev hamda “Qishloq xo‘jaligi texnika va texnologiyalari” kafedrasi professori K. Astanakulov ishtirok etishmoqda.

Xalqaro hamkorlikning amaliy natijasi

Mazkur malaka oshirish kursi “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti va Óbuda Universiteti o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan samarali hamkorlikning amaliy natijalaridan biridir.

Ushbu hamkorlik doirasida professor-o‘qituvchilarning xalqaro miqyosda malakasini oshirish, xorijiy oliy ta’lim muassasalarining ilg‘or tajribalarini o‘rganish, akademik aloqalarni rivojlantirish va ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim tashabbuslar amalga oshirilmoqda.

Kursni O‘zbekiston tomonidan tashkil etish va muvofiqlashtirish ishlarida “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti “Ingliz tili” kafedrasi dotsenti Go‘zal Eshchanova alohida mas’uliyat bilan faoliyat olib bormoqda.

G. Eshchanovaning Óbuda Universiteti vakillari bilan yaqindan hamkorligi, tashkiliy jarayonlarni muvofiqlashtirishi va ishtirokchilar uchun zarur sharoitlarni yaratishga qaratilgan sa’y-harakatlari natijasida mazkur xalqaro malaka oshirish dasturi yuqori saviyada tashkil etilmoqda.

144 soatlik xalqaro dastur

Malaka oshirish kursi zamonaviy akademik muhit talablaridan kelib chiqib tashkil etilgan bo‘lib, ishtirokchilar uchun ingliz tilini akademik va professional maqsadlarda qo‘llashga yo‘naltirilgan nazariy hamda amaliy mashg‘ulotlar olib borilmoqda.

Kurs davomida ishtirokchilar:

  • akademik o‘qish va yozish ko‘nikmalarini rivojlantirish;
  • tinglab tushunish va professional muloqot kompetensiyalarini takomillashtirish;
  • tanqidiy fikrlash ko‘nikmalarini ta’lim jarayonida qo‘llash;
  • zamonaviy pedagogik va interaktiv metodlardan samarali foydalanish

bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini takomillashtirishmoqda.

Kurs yakunida barcha ishtirokchilarga 144 soatlik xalqaro sertifikat topshirilishi ko‘zda tutilgan.

Ta’lim, tajriba va madaniyat uyg‘unligi

Mazkur dastur nafaqat akademik bilim va kasbiy ko‘nikmalarni rivojlantirish, balki ishtirokchilarning xalqaro tajriba almashish imkoniyatlarini kengaytirishga ham xizmat qilmoqda.

Kurs doirasida professor-o‘qituvchilar Budapesht, Székesfehérvár va Szentendre kabi Vengriyaning tarixiy va madaniy shaharlari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Shuningdek, ishtirokchilar uchun Shengen hududidagi qator Yevropa davlatlariga tashrif buyurish imkoniyatlari ham mavjud.

Bunday xalqaro dasturlar professor-o‘qituvchilarning til va kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish bilan bir qatorda, ularning xalqaro akademik muhitda ishlash, turli madaniyatlar vakillari bilan muloqot qilish va ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘zlashtirish salohiyatini ham oshiradi.

Hamkorlikdan yangi imkoniyatlar sari

Ta’kidlash joizki, 43 nafar professor-o‘qituvchilarining Óbuda Universiteti bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlikning ko‘lami va amaliy ahamiyatini yaqqol namoyon etadi.

Mazkur tashabbus O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarining xalqaro akademik makon bilan integratsiyasini kuchaytirish, professor-o‘qituvchilarning kasbiy salohiyatini yuksaltirish va zamonaviy ta’lim standartlarini amaliyotga joriy etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti va Óbuda Universiteti o‘rtasidagi hamkorlik kelgusida ham yangi qo‘shma ta’lim dasturlari, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi, ilmiy-tadqiqot loyihalari hamda xalqaro malaka oshirish dasturlarini amalga oshirish uchun mustahkam zamin yaratadi.