Buxoro viloyatida paxta terish mashinalari mexanizatorlarini tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etilmoqda.
12.08.2026
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 13-martdagi PQ-97-son va 2-apreldagi PQ-122-son qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida Buxoro viloyatida paxta terish mashinalari mexanizatorlarini tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etilmoqda.
O‘quv kurslari 12–13-avgust kunlari Jondor, 14–15-avgust kunlari esa Vobkent tumanlarida o‘tkaziladi. Unda mavsumda ishtirok etadigan paxta terish mashinalarining har biriga 2 nafardan mexanizator tayyorlash ko‘zda tutilgan.
Viloyat hokimining ilmiy maslahatchisi, texnika fanlari doktori Sh. Imomov «TIQXMMI» Milliy tadqiqot universiteti professor-o‘qituvchilari bilan uchrashib, o‘quv jarayonini samarali tashkil etish masalalarini muhokama qildi.
Mashg‘ulotlarda John Deere 9970, XUM CASE 220, FM WORLD, BOSHİRAN 4MZ-4C rusumli paxta terish mashinalarining tuzilishi, ishlash prinsiplari va ulardan xavfsiz foydalanish bo‘yicha nazariy hamda amaliy bilimlar beriladi.
Shuningdek, paxta terimi jarayonida texnikalardan xavfsiz va to‘g‘ri foydalanish, mehnat muhofazasi talablariga rioya etish hamda mexanizatorlarning amaliy tayyorgarligini kuchaytirish o‘quv kurslarining asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.