Ilmiy maslahatchilar faoliyati – ilm-fan va amaliyot uyg‘unligi

08.08.2026

#Ta`lim #Tadqiqotlar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 2-apreldagi “Qishloq va suv xo‘jaligi muhandislarini tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PQ-122-sonli Qarori ijrosini ta’minlash maqsadida “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetining 13 nafar olimi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi hamda barcha viloyat hokimlariga qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha ilmiy maslahatchi etib tayinlandi. Bugungi kunda ilmiy maslahatchilar tomonidan hududlardagi qishloq va suv xo‘jaligi sohasiga oid muammolar o‘rganilib, ularning ilmiy yechimiga qaratilgan ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqilmoqda hamda ilmiy natijalarni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

Jumladan, universitet olimlari tomonidan qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligini oshirishga qaratilgan Plazma texnologiyasi va Bio-o‘g‘itlarni hududlarda tatbiq etilmoqda.

Plazma texnologiyasi yordamida chigit, bug‘doy, sholi ekishda Buxoroda – 20, Toshkentda – 55, Farg‘onada – 10, Sirdaryoda – 50 va Jizzax viloyatlarida 30 gektar, jami 165 gektar maydonga plazma texnologiyasi yordamida ekildi. Viloyat hokimlari bilan imzolangan shartnomasiga asosan, bug‘doydan bo‘shagan maydonlarga dukkakli ekinlarni ekishda yana 2 000 gektar maydonga Plazma texnologiyasi joriy etiladi.

Navoiy viloyati Nurota tumanida suv ta’minotini yaxshilash maqsadida sel-toshqin oqimlarini to‘plash, tindirish va yer osti suv qatlamlarini sun’iy to‘yintirishga qaratilgan 3,3 mlrd so‘mlik loyiha amalga oshirilmoqda.

Loyiha doirasida 5 gektar maydonda tindirish-infiltratsiya havzasi va 3 ta suv singdirish qudug‘i barpo etilib, mavsumiy sel-toshqin oqimlarini yer ostiga singdirish orqali yiliga 200–300 ming m³ gacha yer osti suv zaxiralarini qayta to‘ldirish hamda quduqlar suvliligini oshirish hisobiga hududning suv ta’minotini yaxshilashga qaratilgan.

Qashqadaryo viloyatining Qarshi tumanidagi M-3 kanali va Qarshi gidrouzelida yig‘ilib qolgan loyqa-cho‘kindilarning suv taqsimotiga ta’siri o‘rganilib, kanalning bosh qismida sun’iy ko‘l (otstoynik) tashkil etish hamda kanal o‘zanini betonlash bo‘yicha ilmiy maslahatchi tomonidan ilmiy tavsiyalar ishlab chiqildi.

Natijada loyqa-cho‘kindilar hajmini 60-70 foizga kamaytirish, suv taqsimoti samaradorligini 25-30 foizga oshirish va suv yo‘qotishlarini 20-25 foizga qisqartirish imkoniyati ilmiy asoslab berildi.

Shuningdek, mazkur qarorga muvofiq universitet talabalarining dual ta’lim tizimi asosidagi 6 oylik ishlab chiqarish amaliyoti ishlab chiqarish amaliyoti yo‘lga quyildi. Amaliyot davrida talabalarga yotoq joy, uch mahal ovqatlanish va oylik maoshi bilan ta’minlandi.

– Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash fakulteti 20 nafar talabasi Belarus Respublikasi Minsk traktor zavodi (MTZ)ga, 20 nafari Nurafshon shahridagi “AgroTech-max” MCHJda va 32 nafari viloyatlardagi agroklasterlarga;

– Gidrotexnika qurilishi fakulteti 84 nafar talabasi Norin GESlar kaskadi qurilishida;

– Gidromelioratsiya fakulteti 147 nafar talabasi Irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalarida;

– Yer resurslari va kadastr fakulteti 177 nafar talabasi Kadastr agentligi, Davlat kadastrlari palatasi va Respublika aerogeodeziya korxonasida;

– Energetika fakulteti 40 nafar talabasi Nasos stansiyalari va energetika boshqarmalarida Dual ta’lim tizimi asosida 6 oylik amaliyotda ishtirok etmoqda.

Mazkur tizim ilm-fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini yanada mustahkamlash, qishloq va suv xo‘jaligi tarmoqlarining barqaror rivojlanishini ta’minlash hamda hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishga xizmat qilmoqda.