Dual ta’lim tizimini yanada rivojlantirish hamda raqamli texnologiyalarni qishloq xo‘jaligi sohasiga keng joriy etish borasida universitetda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
05.08.2026
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 2-apreldagi PQ-122-sonli qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini, jumladan, dual ta’lim tizimini yanada rivojlantirish hamda raqamli texnologiyalarni qishloq xo‘jaligi sohasiga keng joriy etish borasida universitetda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu maqsadda universitet rahbariyati tomonidan Toshkent viloyati, Nurafshon shahrida joylashgan “Agromax Tech” korxonasiga amaliy tashrif tashkil etildi.
Tashrif doirasida universitet, “Agromax Tech” korxonasi hamda UZGPS tashkiloti hamkorligida 12.21 rusumli Belarus traktoriga GPS monitoring tizimi muvaffaqiyatli o‘rnatildi.
Mazkur loyiha Toshkent viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi bo‘yicha ilmiy maslahatchisi L. Samiyev ishtirokida amalga oshirildi. Loyiha O‘rta Chirchiq tumanida joylashgan Universitet O‘quv tajriba xo‘jaligi maydonida sinovdan o‘tkazilmoqda. Qishloq xo‘jaligi texnikalaridan samarali foydalanish, ularning harakatini real vaqt rejimida kuzatish, ish jarayonlarini raqamlashtirish hamda zamonaviy GPS texnologiyalarini amaliyotga keng joriy etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
GPS monitoring tizimini o‘rnatish jarayonida universitetning professor-o‘qituvchilari, doktorantlari va magistrantlari faol ishtirok etib, korxona mutaxassislari hamda UZGPS vakillari bilan zamonaviy GPS texnologiyalarining texnik imkoniyatlari, ularni qishloq xo‘jaligi texnikalariga tatbiq etish, tizimning amaliy afzalliklari va istiqboldagi rivojlanish yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashdilar.
Mazkur tashabbus universitetda innovatsion faoliyatni yanada rivojlantirish, ishlab chiqarish korxonalari bilan hamkorlikni mustahkamlash hamda qishloq xo‘jaligi sohasida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish yo‘lidagi muhim amaliy qadamlardan biri bo‘ldi.