“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti delegatsiyasi xalqaro forum va RE.Act Summer School dasturida muvaffaqiyatli ishtirok etdi.
31.07.2026
“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti delegatsiyasi Qirg‘iziston Respublikasining Narin shahrida o‘tkazilgan “RE.Act: A Water-Energy Nexus Partnership for Higher Education in Central Asia” xalqaro loyihasi doirasidagi koordinatorlar uchrashuvi, xalqaro forum va RE.Act Summer School dasturida muvaffaqiyatli ishtirok etdi.
Tadbir Qirg‘iz Milliy universitetining Narin mintaqaviy ko‘p tarmoqli instituti mezbonligida tashkil etildi hamda unda Germaniya, Qirg‘iziston va O‘zbekistonning yetakchi oliy ta’lim muassasalari, ilmiy markazlari va xalqaro tashkilotlar vakillari qatnashdi.
Dastur doirasida qayta tiklanuvchi energiya manbalari, suv-energetika integratsiyasi (Water-Energy Nexus), barqaror rivojlanish maqsadlari (SDGs), zamonaviy ilmiy tadqiqotlar hamda oliy ta’limda innovatsion yondashuvlarga bag‘ishlangan ma’ruzalar, seminarlar va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Shuningdek, O‘zbekistonning suv va energetika resurslarini samarali boshqarish borasidagi tajribasi xalqaro ishtirokchilarga taqdim etildi.
Summer School dasturining muhim qismi sifatida talabalar xalqaro jamoalar tarkibida SDG Competition tanlovida qatnashib, suv-energetika yo‘nalishidagi innovatsion g‘oyalar va ilmiy loyihalarni ishlab chiqdilar. Ishtirokchilar Narin viloyatidagi RealLab ilmiy-amaliy markaziga tashrif buyurib, qayta tiklanuvchi energiya texnologiyalarining amaliy qo‘llanilishi hamda zamonaviy laboratoriya infratuzilmasi bilan yaqindan tanishdilar.