Sun’iy intellekt, innovatsiya va xalqaro hamkorlik uyg‘unligi: O‘zbekiston va Koreya kasbiy ta’limda innovatsion hamkorlikning yangi sahifasini ochdi
31.07.2026
Joriy yilning 29-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida 28-iyul kuni boshlangan O‘zbekiston–Koreya hamkorligidagi LUPIC xalqaro ta’lim forumi hamda “Smart industriya innovatsiyalari” mavzusidagi Ta’lim–sanoat hamkorligi tarmoq seminari o‘z ishini davom ettirdi.
Mazkur
nufuzli xalqaro tadbir “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti va Janubiy
Koreyaning Keimyung College University hamkorligida amalga
oshirilayotgan LUPIC (Leading Universities Project for International
Cooperation) xalqaro loyihasi (2024-2029) doirasida tashkil etildi.
Forumning
asosiy maqsadi O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi ta’lim
hamkorligini yanada rivojlantirish, kasbiy ta’lim sifatini oshirish,
ta’lim dasturlarini sanoat ehtiyojlariga moslashtirish, xalqaro ilg‘or
tajribalarni o‘rganish hamda zamonaviy texnologiyalar asosida raqobatbardosh
mutaxassislar tayyorlash tizimini takomillashtirishdan iborat bo‘ldi.
Tadbirda
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi vakillari, Kasbiy ta’lim
agentligi mutasaddilari, texnikum va oliy ta’lim muassasalari rahbarlari,
xalqaro tashkilotlar vakillari, professor-o‘qituvchilar hamda Janubiy Koreyadan
tashrif buyurgan ekspertlar ishtirok etdilar.
Forum
doirasida Janubiy Koreyaning Keymyung Kollej Universiteti professor va
ekspertlari tomonidan kasbiy ta’limni rivojlantirish, sanoat
ehtiyojlariga mos o‘quv dasturlarini ishlab chiqish, raqamli ta’lim
texnologiyalaridan foydalanish hamda sun’iy intellekt asosida zamonaviy
o‘quv materiallarini yaratish bo‘yicha qator ma’ruzalar va amaliy taqdimotlar
o‘tkazildi.
Jumladan,
LUPIC loyihasining Janubiy Koreyadagi koordinatori professor Lee Sangeoug
tomonidan loyiha doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, xalqaro hamkorlik
yo‘nalishlari hamda kelgusidagi istiqbolli rejalar haqida batafsil ma’lumot
berildi.
Forumning
ikkinchi kuni
doirasida Janubiy Koreyaning Keymyung Kollej Universiteti professor va
ekspertlari tomonidan kasbiy ta’limni rivojlantirish, innovatsion
yondashuvlarni joriy etish va raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish
yo‘nalishlarida qator dolzarb mavzularda taqdimotlar o‘tkazildi.
Jumladan,
professor Lee Sung-ha tomonidan LUPIC loyihasining maqsad va
vazifalari, amalga oshirish mexanizmlari hamda xalqaro hamkorlik istiqbollari
yoritildi. Professor Kim Miseong tomonidan sanoat ehtiyojlariga
asoslangan ta’lim jarayonini loyihalash va amalga oshirish tajribalari
taqdim etildi.
Shuningdek,
professor Jung Seyoung tomonidan sun’iy intellekt asosida o‘quv
dasturlarini ishlab chiqish metodlari va ularni takomillashtirish yondashuvlari,
professor Kwon Yu-jin tomonidan esa sun’iy intellekt yordamida zamonaviy
o‘quv materiallarini yaratish usullari bo‘yicha ilg‘or tajribalar taqdim
etildi.
Forum
doirasida “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetida LUPIC loyihasi asosida
tashkil etilgan DEISC (Digital Education & Innovation Support Centre) –
Raqamli ta’lim va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash markazi faoliyatiga
alohida e’tibor qaratildi.
DEISC
markazi koordinatori, “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti dotsenti hamda
LUPIC loyihasining O‘zbekistondagi koordinator yordamchisi Go‘zal Eshchanova
tomonidan markaz faoliyati, loyiha doirasida amalga oshirilgan ishlar, asosiy
faoliyat yo‘nalishlari, jumladan, raqamli ta’limni rivojlantirish, innovatsion
texnologiyalarni ta’lim jarayoniga joriy etish, pedagoglarning raqamli
kompetensiyalarini oshirish hamda xalqaro tajribalarni kasbiy ta’lim tizimiga
tatbiq etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar keng yoritildi.
Muhokamalar
davomida DEISC markazini yanada rivojlantirish, Kasbiy ta’lim agentligi
hamda O‘zbekiston texnikumlari bilan hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma
ilmiy-amaliy loyihalarni amalga oshirish, xalqaro tajribalarni kasbiy ta’lim
tizimiga joriy etish va ta’lim–sanoat integratsiyasini kuchaytirish
bo‘yicha muhim takliflar bildirildi.
Forum
yakunida Kasbiy ta’lim agentligida LUPIC loyihasi doirasidagi kelgusidagi
hamkorlik yo‘nalishlariga bag‘ishlangan uchrashuv tashkil etildi. Unda
O‘zbekiston texnikumlari va Keymyung Kollej Universiteti o‘rtasidagi
hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokama qilindi.
Xususan,
texnikumlarda koreys tilini o‘qitishni rivojlantirish, talabalar va
pedagoglar uchun akademik almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma
ta’lim dasturlarini ishlab chiqish, zamonaviy o‘quv dasturlari va o‘quv-uslubiy
materiallarni birgalikda yaratish, shuningdek, dual ta’lim asosida sanoat
korxonalari bilan hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha istiqbolli rejalar
belgilab olindi.
Tadbirni
yuqori saviyada tashkil etishda LUPIC loyihasi ishtirokchilarining samarali
hamkorligi va tashkiliy ishlari muhim ahamiyat kasb etdi. Jumladan, “TIQXMMI”
Milliy tadqiqot universiteti rektori, LUPIC loyihasining O‘zbekistondagi
koordinatori professor Mirzayev Bahodir Suyunovich, LUPIC loyihasining
Janubiy Koreyadagi koordinatori Dr. Lee Sangeoug, loyiha a’zolari hamda
Koreya delegatsiyasi vakillarining mazkur xalqaro tashabbusni amalga
oshirishdagi hissasi alohida e’tirof etildi.
Shuningdek,
forumni muvaffaqiyatli tashkil etishda Koreya tomoni bilan yaqindan hamkorlik
qilgan DEISC markazi koordinatori Go‘zal Eshchanova, DEISC assistentlari
Aziz Nigmatov va Sanjar Ungalovlarning tashkiliy ishlari alohida
ta’kidlanib, ularga minnatdorlik bildirildi.
Mazkur
xalqaro forum O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi kasbiy ta’lim
sohasidagi strategik hamkorlikni yanada mustahkamlash, texnikumlarda xalqaro tajriba
asosida zamonaviy ta’lim muhitini shakllantirish, raqamli ta’lim va
innovatsiyalarni rivojlantirish hamda kelajak uchun yuqori malakali
mutaxassislar tayyorlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.