Kasb mahorati va kelajak sari qadam: talabalar va bitiruvchilar uchun yangi imkoniyatlar

29.07.2026

#Ma`naviy va tashkiliy #Ta`lim #Yangilik

2026-yil 28-iyul kuni Urganch shahridagi “Chapqirg‘oq Amudaryo” ITXB va uning huzuridagi tashkilotlarda “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti bitiruvchilari hamda dual ta’lim asosida ishlab chiqarishga jalb qilingan talabalar uchun “Karera kuni” tashkil etildi. Tadbir davomida oliy ma’lumotli bitiruvchilar ish beruvchilar bilan bir maydonda uchrashib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar. Jumladan, magistratura mutaxassisliklari va bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bitiruvchilari o‘zlari tanlagan tashkilotlarga hujjatlarini topshirdilar. Soha tashkilotlaridan tashrif buyurgan kadrlar bo‘limi boshliqlari hamda malakali mutaxassislar bugungi kun mutaxassisiga qo‘yilayotgan talablar haqida batafsil ma’lumot berdilar. Bu esa dual ta’lim jarayonida tahsil olayotgan talabalar uchun o‘qish davomida qaysi fanlar va amaliy ko‘nikmalarga ko‘proq e’tibor qaratish zarurligini anglashda muhim ahamiyat kasb etdi. Mazkur tadbir bo‘lajak mutaxassislar uchun kelgusidagi kasbiy faoliyatni boshlash, ishonchli amaliyot bazalarini topish, bilim va ko‘nikmalarini yanada rivojlantirish hamda kelajakdagi ta’lim va ilmiy faoliyat rejalari bo‘yicha aniq yo‘nalishlarni belgilashda muhim qadam bo‘ldi. Ta’lim va ishlab chiqarish uyg‘unlashgan bunday uchrashuvlar yosh kadrlarning kelajakka bo‘lgan ishonchini mustahkamlab, o‘z ustida yanada ko‘proq ishlash, kasbiy mahoratini oshirish va yangi marralarni zabt etishga kuchli motivatsiya bag‘ishladi.