O‘zbekiston–Koreya hamkorligida yangi davr: O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti hamkorligida Xalqaro Ta’lim Forumi tashkil etildi

29.07.2026

#Ta`lim #Yangilik

    Joriy yilning 28-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida O‘zbekiston–Koreya ta’lim hamkorligini rivojlantirishga qaratilgan Xalqaro Ta’lim Forumi hamda “Smart Industriya Innovatsiyalari” mavzusidagi seminar-trening yuqori saviyada tashkil etildi.

   Mazkur nufuzli xalqaro tadbir “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti va Janubiy Koreyaning Keymyung Kollej Universiteti hamkorligida amalga oshirilayotgan LUPIC (Leading Universities Project for International Cooperation) xalqaro loyihasi doirasida tashkil etildi.

   Forumning asosiy maqsadi O‘zbekiston–Koreya ta’lim hamkorligini yanada rivojlantirish, xususan, kasbiy ta’lim sifatini oshirish, ta’lim dasturlarini sanoat ehtiyojlariga moslashtirish, xalqaro ilg‘or tajribalarni o‘rganish hamda zamonaviy texnologiyalar asosida malakali kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishdan iborat bo‘ldi.

    Forumning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Kasb-hunar ta’limi agentligi direktori professor Azimjon Xusanov, KOICA tashkilotining O‘zbekistondagi vakili Kim Siyeon hamda Keimyung College University professori, LUPIC loyihasi boshqaruvchisi Lee Sangseog ishtirok etdilar.

    Ochilish marosimida so‘zga chiqqan mutasaddilar tomonidan kasbiy ta’lim tizimini rivojlantirish, ta’lim jarayonlarini mehnat bozori va sanoat talablariga moslashtirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda LUPIC loyihasi doirasidagi qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishning muhim ahamiyati alohida ta’kidlandi.

    Tadbirda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi vakillari, Kasbiy ta’lim agentligi mutasaddilari, texnikum va oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, xalqaro tashkilotlar vakillari, professor-o‘qituvchilar hamda Janubiy Koreyadan tashrif buyurgan ekspertlar ishtirok etdilar.

    Forum doirasida Keymyung Kollej Universiteti professor va ekspertlari tomonidan kasbiy ta’limni rivojlantirish, zamonaviy o‘quv dasturlarini ishlab chiqish va ta’lim jarayoniga innovatsion yondashuvlarni joriy etish bo‘yicha qator taqdimotlar o‘tkazildi.

    Jumladan, LUPIC loyihasi boshqaruvchisi professor Lee Sangseog tomonidan LUPIC xalqaro loyihasining maqsad va vazifalari, amalga oshirilayotgan faoliyat yo‘nalishlari hamda O‘zbekiston–Koreya ta’lim hamkorligini rivojlantirishdagi o‘rni haqida batafsil taqdimot qilindi.

    Keimyung College University o‘quv dasturlarini ishlab chiqish bo‘yicha eksperti professor Kim Misung tomonidan “Sanoat ehtiyojlariga moslashtirilgan o‘quv dasturlarini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish tajribalari” mavzusida ma’ruza qilindi. Unda kasbiy ta’lim dasturlarini ishlab chiqarish tarmoqlari talablariga mos shakllantirish, amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish va kompetensiyaga asoslangan ta’lim modelini joriy etish masalalari yoritildi.

   Shuningdek, Keymyung Kollej Universiteti “O‘qitish va ta’lim Markazi” professori Kwon Yu-jin tomonidan “Koreyada o‘qitish va ta’lim olish salohiyatini mustahkamlash strategiyalari hamda ilg‘or tajribalar” taqdim etildi. Unda pedagoglarning kasbiy rivojlanishi, samarali ta’lim metodlari va zamonaviy o‘qitish yondashuvlari bo‘yicha tajribalar bilan o‘rtoqlashildi.

   Bundan tashqari, Koreyadagi “Raqamli ta’lim va innovatsiyani qo‘llab-quvvatlash Markazi” mutaxassisi professor Jung Seyoung tomonidan ta’lim jarayonida raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt imkoniyatlari va o‘qitish samaradorligini boshqarish mexanizmlari yuzasidan taqdimot qilindi.

   Forum davomida “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetida LUPIC loyihasi asosida tashkil etilgan DEISC (Digital Education & Innovation Support Centre) Raqamli ta’lim va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash markazi faoliyatiga alohida e’tibor qaratildi.

   DEISC markazi koordinatori, “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti dotsenti hamda LUPIC loyihasining O‘zbekistondagi koordinator yordamchisi Go‘zal Eshchanova tomonidan markaz faoliyati, LUPIC loyihasi doirasida erishilgan natijalar, amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi rivojlanish yo‘nalishlari haqida taqdimot qilindi.

     Muhokamalar davomida DEISC markazini yanada rivojlantirish, Kasbiy ta’lim agentligi hamda O‘zbekiston texnikumlari bilan hamkorlikni kengaytirish, ilmiy-amaliy loyihalarni amalga oshirish va kasbiy ta’lim tizimiga xalqaro tajribalarni joriy etish bo‘yicha muhim takliflar bildirildi.

    Forum ishtirokchilari tomonidan ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish, sanoat uchun zarur bo‘lgan zamonaviy kompetensiyalarga ega mutaxassislarni tayyorlash, o‘quv dasturlarini amaliyot bilan uyg‘unlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

   Tadbir davomida barcha sessiyalar ochiq muloqot, savol-javob va tajriba almashish shaklida tashkil etilib, ishtirokchilar o‘rtasida samarali fikr almashinuvi amalga oshirildi.

    Mazkur xalqaro forum “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti, Keymyung Kollej Universiteti va Kasbiy ta’lim agentligi o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, LUPIC loyihasi doirasida kasbiy ta’lim, raqamli ta’lim va innovatsiyalarni rivojlantirish, shuningdek, O‘zbekiston texnikumlarida xalqaro tajriba asosida zamonaviy ta’lim muhitini shakllantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.