Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yoqilg‘i-energetika tarmog‘ida kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
28.07.2026
Unda:
Davlatimiz rahbari iqtisodiyotni texnologik va innovatsion o‘sish
modeliga o‘tkazish uchun barcha sohalarda, xususan, energetikada
zamonaviy kadrlar zarurligini ta’kidladi.
Hozir 25 ta texnika
oliygohida bu yo‘nalishda yiliga 5,5 ming mutaxassis tayyorlanmoqda.
“Ochig‘i, ta’lim amaliyot bilan bog‘lanmagani uchun bitiruvchining
ishga kirishib ketishiga 2-3 yil ketyapti”,
– dedi Prezidentimiz.
Mas’ullarga bir oyda oliygohlardagi yoqilg‘i-energetika yo‘nalishlari
bo‘yicha ta’lim dasturlarini to‘liq yangilash topshirildi. 1-sentabrgacha
laboratoriya va poligonlarni yangi talablarga moslashtirish boshlanadi.
Yangi o‘quv yilidan 3-kurs talabalarining yarmi, 4-kurs talabalarining
barchasi dual ta’limga qamrab olinadi. Chunki kelgusi 2-3 yilda quyosh
va shamol generatorlari, elektr zaryadlash uskunalari kabi yo‘nalishlarda
minglab mutaxassislarga ehtiyoj paydo bo‘ladi.
Saudiya Arabistonining “ACWA” kompaniyasi Shirin energetika texnikumini
jihozlab, yiliga 220 nafar yoshni yangi kasblarga tayyorlamoqda. Yangi
o‘quv yilidan Qoraqalpog‘iston, Buxoro va Navoiydagi bittadan texnikumda ham
ushbu tajriba joriy etiladi.
Yig‘ilishda mutasaddilarning hisobotlari tinglandi.